Falastinning XAMAS harakati va Isroil qurolli kuchlari o’rtasidagi ixtilof ko’plab qurbonlar va qochqinlarga sabab bo’lyapti. So’nggi 10 kunda Isroilning G’azoga havo hujumlarida kamida 2750 odam, jumladan 700 nafar bola o’lgan, qariyb 10 ming kishi jarohat olgan. XAMAS esa 1300 dan oshiq isroillikning o’limida ayblanmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Yahudiy armiyasi G’azoga hujumlarini davom ettirarkan, minglab g’azolik Misr bilan chegarada to’planmoqda. Ayni damda ularni Misrga kiritish xususida muzokaralar kechmoqda. Chegaraning narigi tomonida gumanitar yuk ortilgan yuzlab yuk mashinalari turibdi.
"Chegarada turgan bo’lsak ham o’zimizni xavfsiz his qilganimiz yo’q. Hozir G’azoning hech bir joyi xavfsiz emas. Qayerga bormaylik, havo hujumlari, odamlarning faryodi, baqir-chaqir, qon”, - deydi arablardan biri.
G’azoliklar sektor tunda o’ta qattiq hujumga uchraganini aytadi.
Isroil qochqinlar lagerlarini ham ayagani yo’q. Natijada “Jabaliya” lagerida o’nlab odam nobud bo’lgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan jasadlarni chiqarishga harakat qilmoqda, qurbonlar orasida bolalar ham bor.
Isroil hujumlari hamda tegishli texnika va mutaxassislarning yetishmayotgani qutqaruv ishlariga pand bermoqda. Vayronalar ostida mingga yaqin jasadning borligi aytilmoqda.
Isroil G’azo qamalini yumshatishdan bosh tortmoqda, hududga askar kiritmoqchi, biroq ob-havoning yomonligi sabab intervensiya qoldirilmoqda.
XAMAS ham raketa hujumlari bilan Isroil janubidagi shaharlar tinchini buzmoqda, biroq aksariyat raketalarni “Temir gumbaz” havo mudofaasi tizimi urib tushirmoqda.
O'zbekistonga qaytarilgan talabalar. Isroilda nobud bo'lgan o'zbekistonliklar
Qator davlatlar fuqarolarini Isroildan evakuatsiya qilishda davom etmoqda. Qo’lida xorijiy pasporti bor odamlarga Misrga chiqishga ruxsat berilgan. AQSh o’z fuqarolariga dengiz orqali Kiprga o’tishni taklif etmoqda.
"Kemada Kiprga borib, so’ng u yerdan AQShga uchamiz”, - deydi bir ayol.
Uning aytishicha, turmush o’rtog’i 10 ta mushukni qarovsiz qoldirmaslik uchun Isroildan ketmaslikka qaror qilgan.
Qo’shma Shtatlar G’azoni tark etmoqchi bo’lgan fuqarolariga Misr chegarasi tomon yurishni tavsiya qilgan. AQSh hukumatiga ko’ra, G’azoda 500-600 atrofida falastinlik-amerikaliklar bo’lishi mumkin.
O’zbekiston hukumati Isroilda o’qigan talabalarini vatanga qaytarmoqda. Ular o’qishni onlayn uslubda davom ettirishi aytilmoqda.
Isroil hukumati chop etgan ma’lumotnomadan ma’lum bo’lishicha, XAMAS hujumi natijasida yahudiylardan tashqari 46 mamlakatning 148 vakili nobud bo’lgan, 143 tasidan darak yo’q. Xususan uch nafar o’zbekistonlikning o’lgani, 4 kishining bedarak ketgani ma’lum.
Eronga qarshi chora ko'rishga da'vatlar
AQSh qonunchilari va rasmiylari Isroilni ushbu mojaroda yuz foiz qo’llab-quvvatlashini aytarkan, Amerika terrorchi tashkilot deb biluvchi XAMAS harakatini qo’porib tashlashga chaqirishmoqda, Eron va Livandagi “Hizbulloh” harakatini mojaroga aralashmaslik haqida ogohlantirmoqda.
Respublikachi senator Lindsi Grem esa Eronni bombardimon qilish kerakligini aytmoqda, garchi Tehron XAMASning Isroilga hujumi ortida turganiga dalil bo’lmasa-da. U yaqin kunlarda bir guruh hamkasblari bilan mintaqaga bormoqchi.
“Agar Eronning proksisi bo’lgan “Hizbulloh” Isroilga ommaviy hujum qilsa, men buni Isroil davlatiga tahdid deb ko’raman. AQShga Isroil bilan hamkorlikda harbiy yo’l bilan Eronni neft biznesidan siqib chiqarishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini AQSh Senatida taqdim etmoqchiman. Eron urushga aralashsa, unga hujum qilishimizni bilib qo’ysin”, - deydi Grem.
So’nggi kunlarda mintaqadagi qator davlatlarga qatnagan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bugun Isroilga qaytib bordi. Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Saudiya Arabistoni qirolining valiahdi shahzoda Muhammad bin Salmon Blinken bilan rejalangan kechki uchrashuvda ko’rinmagan, AQSh rasmiysini bir necha soat kuttirib, u bilan tongda ko’rishgan. Salmon G’azoga havo hujumlari to’xtashi va qamal bekor qilinishi zaruratiga urg’u bergan.
Qo’shma Shtatlar Saudiya Arabistonini XAMAS hujumlarini qoralashga behuda da’vat etib kelmoqda, garchi guruhning Isroilga hujumi qirollikning yahudiy davlati bilan aloqalarni normallashtirish jarayonini izdan chiqargan bo’lsa-da.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham bugun Isroilga qaytib borgan, bu mamlakatdagi amerikalik harbiylar bilan uchrashdi, Isroilning mudofaa ehtiyojlari bilan qiziqdi. Qo’shma Shtatlar so’nggi kunlarda Isroilni qurol va o’q-dori bilan ta’minlamoqda, hududga harbiy kemalar va samolyotlar safarbar etgan.
Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazining yahudiy eksperti Nomi Bar-Yakov Isroil G’azoga qo’shin kiritsa, har ikki taraf katta talafot ko’rishi haqida ogohlantirmoqda.
"XAMASning G’azo ichkarisida qo’li balandroq bo’ladi. So’nggi 16 yilda ular hududda ko’plab tunellar, yer ostida shahar qurishgan. Isroillik askarlarga tuzoq qo’yib chiqishgani aniq”, - deydi tahlilchi.
Bar-Yakov amaliyot tez tugamasligini taxmin qilmoqda.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu hamda Blinken bilan qayta ko’rishgan Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant ham g’alaba tez bo’lmasligini aytadi.
"AQSh ajoyib ittifoqchimiz ekanini hamisha bilganmiz. Bugun Isroil xalqi va butun dunyo bunga o’z ko’zi bilan givoh. Haftada ikkinchi marta Isroilga keldingiz, har kuni Amerikadan katta siyosatchilar kelyapti, O’rta Yer dengizida kemangiz turibdi. Bu uzoq va qonli urush bo’ladi. Ammo biz g’alaba qozonamiz”, - dedi Gallant.
Eron Isroil-Falastin mojarosida AQShni ayblamoqda, uni javobgarlikka tortishga chaqirmoqda.
"Mintaqadagi qarshilik kuchlari sionistlar jinoyatlariga ko’z yummaydi. Bu kabi g’ayriinsoniy yondashuvlar vaziyatning izdan chiqishiga olib keladi”, - dedi Eron Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Nosir Qanaani.
Dunyoda Falastinga xayrixoh namoyishlar
Dunyo bo’ylab Isroilning G’azoga hujumlariga nisbatan norozilik namoyishlari davom etmoqda. AQSh va Yevropa shaharlarida ham musulmonlar va Falastinga xayrixoh odamlar ko’chaga chiqmoqda. Xususan yakshanba kuni Ispaniya poytaxtidagi namoyishda 10 ming odam qatnashgan.
Kanada bosh vaziri e’tiroziga qaramay, bu mamlakat poytaxti Ottavada namoyishchilar Kanada parlamentining binosi yonida to’plandi.
Dallas, Amsterdam, Kopengagen va Berlinda ham o’xshash tadbirlar kuzatilgan.
Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani Fransiya hukumatini Falastinga xayrixoh namoyishlarni man qilgani uchun tanqidga oldi. Unga ko’ra, demokratik mamlakatda tinch namoyishlarni taqiqlash adolatdan emas.
Ayrim mamlakatlarda Isroil tarafdorlari ham ko’chaga chiqgan.
Amerikada diniy adovat bilan bog'liq jinoyat
AQShning Illinoys shtatida esa 71 yashar bir odam o’z uyida ijarada turgan musulmon oilaga pichoq bilan hamla qilib, 6 yashar bolaning o’limiga sababchi bo’ldi, onasini jarohatladi.
“Qanday qilib kichkina bolaga 26 marta pichoq urish mumkin axir?”, - deydi ko’ziga yosh olgan qo’shnilardan biri.
Jinoyat diniy adovat asosida yuz bergani aytiladi. Jinoyatchi hibsda.
AQSh Prezidenti Jo Bayden bayonot chiqarib, marhum bolaning oilasiga hamdardlik bildirdi, Amerikaning e’tiqod erkinligi kabi fundamental qadriyatlariga qarshi bunday vahshiy qotilliklarga Amerikada o’rin yo’q, dedi.