Isroil XAMAS harakatiga qarshi urush e’lon qilishi ketidan AQSh Prezidenti Jo Bayden Isroilga qo’shimcha yordam yuborishga ko’rsatma berdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Falastinliklarning hujumidan sarosimaga tushgan Isroil G’azoni ayovsiz bombardimon qilmoqda. Har ikki tarafdan yuzlab odam o’lgan.
Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko’ra, uning mamlakati vaziyatni yumshatishga harakat qilmoqda.
“Isroil prezidenti va tashqi ishlar vaziri bilan telefonda gaplashadim. Mintaqadagi barcha davlatlar bilan aloqadamiz. Isroilni qo’llab-quvvatlashlarini, XAMASga bosim qo’yib, ortga chekinishga ko’ndirishlarini so’rayapmiz, toki mojaro boshqa joylarda ham vujudga kelmasin”, - dedi Blinken.
Isroil bugun G’azo shimolida joylashgan Jabaliya qochqinlar lagerini yer bilan yakson qildi. Minglab falastinlik BMTning qochqinlar uchun agentligi tomonidan yuritiluvchi maktablarda jon saqlamoqda.
Havo hujumida G’azoda bir masjid, G’azo Islomiy milliy banki ham vayron qilingan.
XAMAS jangarilari 700 dan ortiq isroillikni o’ldirgani, o’nlab odamni, jumladan yahudiy harbiylarni G’azoga olib chiqib ketgani ma’lum. Isroil hujumlarida ularning ba’zilari nobud bo’lgani aytilmoqda. Shu bilan birga, 500 ga yaqin falastinlik, jumladan o’nlab bolalar ham o’lgan. Ayrim xabarlarga ko’ra, qurbonlar orasida AQSh fuqarolari bor.
“Agar birorta amerikalik qo’lga olingan yoki garovda ushlab turilgan bo’lsa, Oq uy ma’muriyati bu bilan shug’ullanadi”, - dedi Blinken.
AQShda prezidentlikka da’vo qilayotgan respublikachi nomzod, BMTda elchi bo’lgan Nikki Xeyli saylov kampaniyasi qizg’in pallaga kirganiga qaramay AQSh Yaqin Sharqdagi voqealarga jiddiy e’tibor qaratishi kerak, deydi.
“Amerika uyg’onishi kerak. Oramizdagi salbiylik va bo’linishga barham berishimiz zarur. O’zimiz va do’stlarimiz uchun milliy xavfsizlikka e’tibor qaratishimiz lozim”, - dedi u.
Yaqinda Vakillar palatasida spiker Kevin Makkartini lavozimidan olishga muvaffaq bo’lgan respublikachi kongressmen Met Gets yangi spiker tezroq saylanishiga umid bildirdi. Ba’zilarning xavotir olishicha, Kongress busiz Isroilga yordam berishga ojizlik qilishi mumkin.
“Spikerlikka ikkita ajoyib nomzod bor. O’ylaymanki, masala tez orada hal bo’ladi”, - dedi Gets.
Arab Ligasining bugun Moskvaga tashrif buyurgan bosh kotibi Ahmat Abulg’ayt Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi.
"G’azoda tinch aholidan o’ch olish Isroilni yanada xavfsiz qilib qo’ymaydi. Zudlik bilan sulhga erishish, Falastin-Isroil mojarosiga siyosiy yechim topish kerak”, - dedi Abulg’ayt.
Tashkilot rahbariga ko’ra, ko’p yillik nizoga barham berish uchun Isroil Falastin masalasida siyosatini tubdan o’zgartirishi kerak.
Abulg’ayt Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an kabi Isroil istilosini tugatib, Falastinda 1967-yilgi chegaralar asosida mustaqil davlat e’lon qilishga chaqiradi.
“To’qnashuvlarni imkon qadar tez to’xtatish uchun va ziddiyatlarni yumshatish uchun Turkiya barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor. Diplomatik harakatlarni kuchaytirishga va davom ettirishga hozirmiz”, - dedi Erdog’an.
Misr va Qatar ham vositachilikka kirishgan.
XAMAS bugun Isroil janubidagi shaharlarni yana raketalar bilan nishonga olgan. Yaradorlar bor. Isroil shimoldan ham hujum kutmoqda. Livanda joylashgan Hizbulloh harakati Isroil G’azoga qo’shin kiritsa, falastinliklarga yordam berishini bildirgan.
Isroil Livan bilan chegaraga qo’shin va tanklar safarbar etgan. Yahudiy armiyasi G’azo bilan chegaradosh hududlarda Isroil nazorati tiklanganini ma’lum qildi. Isroil ichkarisida XAMASning bir necha jangarisi borligi, ularga qarshi amaliyot davom etayotgani aytiladi. Armiya so’zlovchisi general Daniel Xagarining aytishicha, to’qnashuvlarda yuzlab jangari yo’q qilingan.
Qator davlatlar XAMAS harakatlarini qoralab, Isroilga hamdardlik bildirdi. Ertaga Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari to’planib, mintaqadagi vaziyatni muhokama qiladi.
Avstriya va Germaniya Falastinga atalgan yordam pulini to’xtatib qo’ydi.
Ayrim mamlakatlarda Isroilni qo’llab-quvvatlab ommaviy namoyishlar o’tmoqda. Musulmon mamlakatlarda esa aksincha XAMAS hujumi oqlishlanmoqda. Nyu-York markazida Falastinga xayrixoh odamlar to’planib, AQShning Isroilga yordamini qoraladi. Amerikaning harbiy kemalari va samolyotlari Isroilga yaqin hududlarga joylashtirilmoqda.
Vashingtonda ham musulmonlar Oq uy qarshisida namoyish o’tkazishdi, Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan siyosiy mahbuslarni ozod etishga chaqirishdi.
Yevropa davlatlarida sinagogalar va Isroil elchixonalari xavfsizligi kuchaytirilgan. Londonda yahudiylarga qarashli bir restoran oynalari sindirilgan.
Isroil G’azoni havodan tinmay o’qqa tutarkan, mahalliy aholi uylaridan qochmoqda.
Isroilda ayrimlar XAMAS hujumiga Eron yordam berganini da’vo qilsa-da, Isroil Mudofaa kuchlari bunga dalil yo’qligini bildirmoqda. Armiya so’zlovchisiga ko’ra, Eronning hujumni rejalagani yoki jangarilarni tayyorlagani isbotlanmagan.
Kuzatuvchilar XAMAS hujumi Isroil razvedkasi va armiyasining katta xatosi ekaniga ishora qilmoqda. Falastinliklar Isroilga bir paytning o’zida quruqlikdan, suvdan va havodan kirib, Isroilda ko’plarni hayratga solishdi.
Tahlilchilar bu kabi amaliyotga tayyorgarlik ko’p vaqt olganini aytib, Isroil uni payqamaganidan taajjubda.
Isroilda 300 mingga yaqin zaxirachi xizmatga chaqirtirilgan.
Nyu-Yorkda BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda majlisida Isroil elchisi XAMASni insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi. Rossiya elchisining G’azoda jangovar harakatlarni sulh orqali to’xtatib, muzokara boshlashga chaqiruvchi taklifi rad etildi. Falastin elchisi esa kengashdan Isroil istilosi va harbiy boshqaruviga chek qo’yishni talab qildi.
Chorshanba kuni Arab Ligasiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari ham majlis qiladi.