Harpers Ferri, qulchilikka qarshi qozg'olon markazi, bugun ochiq muzey

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika Manzaralari - HD - Exploring America, October 5, 2015

Potomak va Shenandoa daryolari bo’yida joylashgan G’arbiy Virjiniya shtatining Harpers Ferri (Harpers Ferry) shaharchasida atigi 286 kishi yashaydi. Sayyohlar arimaydigan maskan, chunki AQSh tarixida muhim rol o’ynagan. Qadimda savdo yo’li bo’lgan. Amerika fuqarolar urushi davrida qurol-aslaha saqlangan joy bo’lgan. Armiya bu yerga g’anim kuchlarning qo’li yetmasin deb Harpers Ferridagi omborni yo’q qilishga uringan. Lekin konfederatsiya kuchlari uni o’z qo’liga oladi va orada qattiq janglar yuz beradi. Amerikada quldorlik tizimi saqlab qolinsin deya olishgan guruhlar va qulchilikka barham berilsin degan tomonlar to’qnashgan bu yerlarda.

Your browser doesn’t support HTML5

#AmerikaManzaralari: Harpers Ferri shahridamiz 1-qism Navbahor Imamova

Your browser doesn’t support HTML5

#AmerikaManzaralari: Harpers Ferri shahridamiz 2-qism Navbahor Imamova

Harpers Ferriga ketayotib Bransvik shaharchasida to'xtaymiz. Merilend va G’arbiy Virjiniya shtati orasidagi mitti maskan. 18-asr oxirida vujudga kelgan. Bir necha yuz odam yashaydi.

Ko’chalarni kezar ekanmiz, oldimizdan chiqqan birinchi kishi o’zini Jeff Jouns deb tanishtiradi. Usta. Eski uylarni tuzatib sotar ekan. Tarixiy maskanlarni ta’mirlayman, deydi u, bu hududda tashlandiq, eski imoratlar ko’p. Hukumat ularni tiklaganlarga katta imtiyozlar beradi. Bu uylarni sotib olib, dam olish maskanlariga aylantiradiganlar ham bor. Jeff Jouns umrini shu soha bilan o’tkazayotganini aytadi.

“O’zim asli Roud Ayland shtatidanman. Duradgorlar avlodidanman. Ajdodlarim yog’och ustalari bo’lgan”,- deydi Jouns.

"Bu shaharlar oddiy ko’rinishi mumkin lekin ular Amerikani Amerika qilgan maskanlar. Xonadonma-xonadon ishlab hammaning tarixini bilib olasiz. Hammaning ota-bobosi qayerdandir kelgan. Mehnatkash, halol insonlar. Boy yoki kambag’al, o’z peshona teri bilan yashab kelgan. Eski joylarni ta’mirlasam, maza qilaman, chunki bilamanki, o’tmishga xos manzarani, obida yoki uskunani asrab-avaylash bilan men kelajakka hissa qo’shayapman. Yosh avlod ham uni qadrlasin, deymiz”.

Lekin yosh advlodni bu shaharchalarda deyarli ko’rmaysiz. Sayyohlar orasida uchratish mumkin xolos. Farzandlar voyaga yetib, katta shaharlarga o’qishga ketadi, aksariyat hollarda kasbiy faoliyati va turmushini ham o’sha joylarda quradi. Pensiya yoshiga yaqinlashgach esa amerikaliklar yana kichik shaharlarni qumsab qoladi. Sokin va musaffo muhit izlab, qishloqlarga qaytishadi.

Jeff Jouns aholi dunyodan uzilib qolmagan deydi. Bir qarashda hamma o’zi bilan ovoradek, lekin axborot vositalari orqali yer yuzida nima bo’layotganini tomosha qilamiz, deydi suhbatdoshimiz. Internet - global ko’zgu.

“Yoshligimda dunyo kezganman”, deya hikoya qiladi u. Sovet Ittifoqi parchalanish arafasida turganida Sharqiy Yevropada ancha vaqt o’tkazgan ekan. Amerikaning o’sha paytdagi rahbari Ronald Reygan Berlindan turib, SSSR rahbarlarini o’zgarishga chaqirganida, uni tinglashga borgan haloyiq ichida men ham bor edim, deydi Jeff Jouns. Hammamiz bir narsani istaymiz: tinchlik, barqarorlik - oilada, yurtimizda, butun dunyoda.

Harpers Ferri Amerika tarixidagi eng qonli yillar – fuqarolar urushi - undan oldin va keyin ham muhim markaz hisoblangan. Bugun u ochiq muzey, tarixiy qishloq, lekin bu yerda bir yarim asr oldin yuz bergan voqealar katta burilishlar bo’lgan.

Konnektikut shtatidan chiqqan oq tanli faol, Jon Braun ismli amerikalik, irqchilikka va qulchilikka qarshi bosh ko’taradi va Harpers Ferrida qozg’olon uyushtiradi. 1859-yilda shu yerda hisbga olinadi va sal o’tmay dorga osiladi.

Harpers Ferri shahrining bosh tarixchisi Dennis Frayer, davlat xizmatchisi, bizga bu borada to’lqinlanib gapirib beradi:

“Amerikaga kelgan odam agar Harpers Ferriga kelmasa uyat. Chunki kimligimiz shu yer bilan bog’liq. Tub aholi, hindu qabilalar bilan aloqa qachon o’rnatilganidan tortib, savdo yo’llari, suv va sanoat, taraqqiyot – Harpers Ferri ularning markazida bo’lgan. Potomak va Shenandoa daryolari tijorat va ta’minot tizimi rivojiga behisob hissa qo’shgan. Qurol-aslaha ishlab chiqarish ham shu yerda asoslangan. Quldorlikni bas qiling deb chiqqan Jon Braun singari amerikaliklar bekorga bu yerga kelmagan, chunki bilganki, agar Harpers Ferridek strategik maskan qo’lga olinsa, ko’p narsaga erishish mumkin. Jon Braun quldor Amerikaga qarshi shu yerdan turib urush e’lon qilgan. 100 mingga yaqin miltiq va boshqa qurollar bilan janubdagi kuchlarga qarshi jangga kirishadi. Lekin Braun uzoqqa bormaydi, qo’lga tushadi va Robert Li ismli qo’mondon tomonidan ushlanib, keyinchalik sud qilinadi va qatl etiladi. Oradan ikki yil o’tib esa Amerika ikkiga ajralib, ittifoq va konfederatsiya orasida qonli urush boshlanadi, ya’ni, quldorlikka qarshilar va quldorlik saqlab qolinsin degan tomonlar orasida. Bu shahar yer bilan yakson bo’lgan u damlarda. Bir qarasangiz, uni Virjiniya shtati egallab oladi. Keyin yana ozod bo’ladi va o’zini tiklaydi. Qulchilikka qarshi bosh ko’tarilgan shaharcha sobiq qullar uchun jannat edi. Ular bu yerga kelib hayotini qayta boshlagan, o’zlarini erkin his qilgan. Jon Braun shu tariqa Amerika jamiyatini savolga tutgan va uning vijdoniga qattiq ta’sir qila olgan shaxs sifatida tarixga kirgan”.

Dennis Frayer bizni 1850-yillarda Jon Braun idorasi turgan joyga yetaklaydi. Bugun u tekis bir joy. Obida yer tagida qolib ketgan. Arxeologlar uni o’rgangan, ko’p ashyolar topilgan. Lekin vayrona qayta tiklanmagan. Qora tarix yer qa’rida. Harpers Ferriga kelgan amerikaliklar o’tmish haqida obdon o’ylashi, insonni qul qilish naqadar qabih jinoyat bo’lgani, bu davlat prinsiplariga qa’tiyan qarshi bo’lganini tushunib yetadi, deydi tarixchi.

Frayer bizga Jon Braun forti deb tanilgan imorat haqida hikoya qiladi. Qo’zg’olonchi shu yerda qo’lga olingan.

“Jon Braun Amerika davlatiga qarshi chiqqan odam edi. O’sha zamonda davlat dushmani. Chunki qulchilik davlat siyosati edi, qul sotish, olish, ishlatish qonuniy edi. Bugun amerikaliklarning eti jimirlaydi bu haqda eshitib, lekin u 1865-yilgacha Qo’shma Shtatlar uchun bu normal hol edi. Jon Braun yaralangan holda Jefferson tumani markaziga olib boriladi. Jefferson davlatimiz asoschilaridan biri, erkinlik haqida kuylagan Tomas Jefferson nomiga qo’yilgan joy. Braun o’sha yerda dorga osilgan. O’lishidan oldin yozgan xatida u shunday deydi: qulchilik va quldorlikka tinch yo’l bilan chek qo’yib bo’lmaydi. Ko’p qon to’kilishiga shubham yo’q. Jon Braun bashorat qilganidek, Amerika keyingi olti yil davomida qonga belanadi”,- deydi tarixchi Fray.

Ittifoq kuchlari g’olib chiqadi. Avraam Linkoln rahbarligidagi Amerika qulchilikka qonunan barham beradi. Lekin bu illatdan qutulish uchun o’nlab yillar ketdi. Amerika ahli qora o’tmishidan uyaladi albatta, qaysidir ma’noda o’zini aybdor deb his qiladi, deydi Dennis Frayer. O’tmishdan olingan achchiq saboqlar bu, deydi mutaxassis.

Suhbatdoshimiz bilan daryo bo’yiga yo’l olamiz. Tuman ostidagi manzara sehrli. Suv qayerdan kelib qayoqqa ketayotganini bilish qiyin, chunki daryolar juda sokin.

“Amerikaning bu qismlaridagi aholini ob-hayot bilan ta’minlagan Potomak va Shenandoa daryolari bu. Ko’k to’glar uzra oqadigan suvlar. Potomak bu yerdan to’g’ri poytaxt Vashingtonga olib boradi. O’tmishda asosiy transport yo’li shu bo’lgan", - deydi tarixchi Dennis Fray.

“Orqamda Merilend shtati, biz hozir G’arbiy Virjiniya sarhadidamiz. Chap tomonimdagi tog’lar esa Virjiniya shtatiga tegishli. Aynan shu yerda ular bir-biriga qorishib ketgan.”

Poytaxt bu yerdan 96 kilometr uzoqda. Lekin bu yerda xuddi boshqa o’lkaga kelib qolgandeksiz. Ertaksimon manzara. Bu yerda arvohlar bor, deb yozib qo’yilgan maskanlarga ko’zingiz tushadi. Kechqurunlari aynan shuni ko’rishga keladigan sayyohlar bor.

Mahalliy biznes va korxonalarni yuritayotganlar kamida 55-60 yosh orasida. Amerikaning boshqa burchaklarida ishlab, bolalarini katta qilib, ularni mustaqil hayotga kuzatib, endi o’ziga tinchroq hayot izlab bu yerga kelib joylashgan odamlar. Hammaning yuzida tabassum.

Kimdir mehmonxona yuritadi. Kimdir esa o’z kafe yoki do’koniga ega. Yana kimdir esa davlat ishida yoki o’z mustaqil tashkilotini boshqaradi. Biz bilan gaplashganlarning hammasi oliy ma’lumotli. Dunyoqarashi keng. Jamiyat, din, siyosat va madaniyat bobida bemalol mushohada yuritadigan shaxslar.

Avliyo Piter katolik cherkovi Harpers Ferri shaharchasining timsoli. Qoyadagi ibodatxona nafaqat diniy dargoh balki madaniy markaz hamdir. Shaharcha tarixiy jamg’armasida faol mahalliy mutaxassis Don Burgess biz bilan shu ko’hna bino oldida uchrashar ekan, Harpers Ferri tarix, bugun va erta yuzma-yuz keladigan joy, deydi. Don Burgess davlat tizimida ishlaydigan yetakchi muhandis.

Harpers Ferriga qo’shni qishloqda bir mingga yaqin aholi yashaydi. Bu shaharcha bilan qo’shganda 1200-1300 odam istiqomat qiladi bu yerlarda. Umumiy hisobda shaharga yiliga yarim millionga yaqin sayyoh kelib ketadi, mahalliy va chet ellik odamlar.

“Tabiat, atrof-muhit, tarix… Ona zamin tuhfasi",- deydi Don Burgess. "Bizni shu boqadi, shu yuzimiga tabassum in’om etadi har kuni. Shukur qilib yashaymiz lekin shaharchamizni taraqqiy ettirishda davom etishimiz kerak deb hisoblaymiz. O’z muammo va tashvishlarimiz ham yetarli. Ularni muhokama qilish oson chunki aholi ko’p emas. Biroq hal etishga kelganda qiynalamiz chunki odam kamligidan kuchimiz yetmasligi mumkin. Shunda boshqalardan yordam so’raymiz”.

Harpers Ferrining nomi Robert Harper degan amerikalik bilan bog’liq. Badavlat bu inson shu hududlarni sotib oladi va rivojlantiradi. O’lganidan 70 yil o’tib, ya’ni 19-asrning yarmiga kelib bu yerlar Harpers Ferri deya atala boshlagan. Katta to’xtash joyi edi. Biznes qilishgan, dam olishgan, uchrashishgan. Mana hozirgacha ham u shu vazifani o’tamoqda. Butun mamlakatdan odamlar shu yerda ko’rishadi va bir vaqtning o’zida bir necha shtatni ko’rish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Aholi qanchalik dindor deya so’raymiz, bizga cherkovning tashqi qiyofasini ko’z-ko’z qilayotgan mutaxassisdan.

Amerikaning boshqa joylari singari bu yerda ham cherkovga ko’pincha haftada bir marta borishadi. Asosiy maqsad birga ibodat qilish va ko’rishish. Oilalarni, yaqinlarni, do’stu-birodarlarni bir joyga to’playdigan dargoh. Madaniyat o’chog’i. Harpers Ferrida oltida cherkov bor, deydi Don Burgess. Nasroniylarning turli oqimlarini o’zida aks ettirgan ibodatxonalar. Musulmonlar yoki boshqa din vakillarini uchratmaysiz.

Don Burgessga o’xshab kichik shaharda yashab, katta shaharda mehnat qilayotganlar millionlarni tashkil etadi. Kunduzi metropolislarda, ishda; dam olish kunlarini o’z mahallalarida, tabiat qo’ynida.

Ko’chalarni kezar ekanmiz, Town’s Inn degan mehmonxonaga kiramiz. Bu nafaqat otel, balki do’kon, kafe va o’quv markazi. Dam olishga kelgan oilalar uchun ayni muddao. Bolalarga maxsus mashg’ulotlar taklif qilinadi, rasm chizishdan o’yinchoq yasashgacha. Ota-onalar, katta yoshdagilar, alohida hordiq chiqarishlari mumkin. Mehmonlarga mahalliy mahsulotlar taklif qilinadi, osh-ovqatga ham shu hovlida yetishtirilgan sabzavot va ko’katlar ishlatiladi. Yetmasa, boshqa mahalliy xo’jaliklardan olinadi. Mehmonxonada 20 kishi ishlaydi. Har kuni kamida 10 mehmon bor. Nonushta bepul, shuningdek, istagan paytda choy va kofe ham tayyor. Bir kecha 150-180 dollar. Oilalar va yakka sayyohlar uchun alohida nomerlar.

Mehmonxona egasi Karen Taunsend asli texaslik. 65 yoshdan oshgan onaxon ingliz tili o’qituvchisi bo’lgan. Dunyoning bir necha mamlakatida dars bergan. Turmush o’rtog’i esa advokat bo’lgan. Pensiyaga chiqishi bilan Vashingtonga bolalarining oldiga ko’chib keladi va ko’p o’tmay shu yerga joylashadi. Tinch, musaffo muhit kerak edi, deydi u.

Eski imoratni sotib olib, ta’mirlash, yangi biznes boshlash, yangi bir sohani egallash, odam yollash, moliyaviy masalalarni hal etish, qolaversa Harpers Ferri singari tarixiy bir maskanda odamlarga xizmat ko’rsatish oson emas, deydi u.

Lekin jahongashta, ko’p narsani ko’rgan, oliy ma’lumotli va g’ayratli bu ayol tirikchilikdan rozi. Kuniga 16-18 soat ishda. Eshigini kim taqillatsa, ochadi. Borini taklif qiladi. Birorta mehmonni qaytarmaydi. Harpers Ferri qadimdan musofirlarni o’z bag’riga olgan, karvonsaroy misoli. Bu mehmonxona shunday bir joy, deydi Karen Taunsend. Mehmonlarga transport ham taklif qilinadi. Kimdir mashina so’raydi, kimdir esa velosiped, boshqalar esa piyoda. Hammaga maslahat kerak.

Karen Taunsend uchun bu faqat biznes emas, sevimli mashg’ulot. Xarajat hamisha daromaddan oshadi, deydi u. Ko’chmas mulk sohasida ham o’zini sinab ko’rgan ayol deydiki, tadbirkor bo’lish Amerikada bir qarashda osondek tuyulsa-da, chuqur huquqiy bilim va tajriba talab qiladi. Ayniqsa sayyohlar oqimi har doim ham katta bo’lmagan bunday hududlarda. Harpers Ferri yozda gavjum. Qolgan paytda esa uncha emas. Bu degani shahar va bu yerdagi do’kon va mehmonxonalar reklamani kuchaytirishi kerak. Karen Taunsend shu maqsadda turli tashabbuslarga yetakchilik qilar ekan. E’tibor asosan amerikaliklarda. Ular qadrlashi kerak bu tarixiy o’choqlarni. Chet elliklar uchun esa bir joy bir gavhar. Qimmat emas, katta aeroportlardan uzoq emas, ixcham, xavfsiz, osoyishta.

Yomg’ir yog’ayapti lekin tog’ bag’ridagi bu maskanda sovuq emas. Qor uncha yog’maydi bu yerda. Lekin to’rt faslning o’z fayzi bor. Yaproqlar sarg’ayib, oltin kuz yaqinlashar ekan, Amerikaning bu qismlari yanada sokin, yanada fusunkor. Sayyohlar arimasin, ishqilib, deydi Karen Taunsend, ularsiz odam zerikadi albatta.

Your browser doesn’t support HTML5

Harpers Ferri, G'arbiy Virjiniya

Your browser doesn’t support HTML5

#AmerikaManzaralari: Harpers Ferri shahridamiz