Chekish asoratlari. Dunyoni o'zgartirgan hisobot

  • Amerika Ovozi
Jahonda sog’liqni saqlash sohasiga ulkan hissa qo’shgan insonlar qatorida AQSh sobiq bosh shifokori Lyuter Terri nomini keltirish mumkin. Yarim asr ilgari u tamaki chekish saraton va yurak xastaliklariga yetaklaydi, degan tadqiqot natijalarini jamoatchilikka taqdim etgan edi.

Your browser doesn’t support HTML5

Chekish asoratlari - dunyoni o'zgartirgan hisobot/Shohruh Hamro


Kun sovuq, yomg’ir. Xalq salomatligini mustahkamlash yo’lida katta xizmatlar qilgan insonni xotirlash uchun Arlington qabristonida odamlar to’plandi.

Yurt qahramonlari qatorida dafn etilgan Bosh shifokor Lyuter Terri 1964-yilda kashandalik saratonni keltirib chiqaradi, deb xulosa qilgan edi.

Hozirgi bosh shifokor, kontr-admiral Boris Lushnyak doktor Terrini eslab nutq so’zladi.

“Bundan 50 yil avval tamaki chekishga kelganda dunyo mutlaqo o’zgacha edi”.

Istagan joyda chekish mumkin edi. Samolyot, bar va restoranlarda. Hatto ish joylarida.

“Amerikaning deyarli yarim aholisi sigaret chekkan o’shanda,” - dedi Lushnyak.

Aholining ikkinchi yarmi, shu jumladan yosh bolalar esa zaharlangan havodan nafas olgan. O’shanda doktor Lyuter Terri bir guruh olimlar o’tkazgan tadqiqot natijalarini e’lon qildi.

“Xulosa shu ediki, tamaki iste’moli, sigaret chekish, o’pka saratoni hamda yurak xastaliklari bir-biriga bog’liq ekani shubhasiz. AQSh hukumati, aniqrog’i uning vakili bo’lgan bosh shifokor rasman shunday bayonot bilan chiqqani dunyoni ostin-ustun qilgan,” - deydi Lushnyak.

Qonun-qoidalar asta o’zgara boshladi. Ishxona va jamoat joylarida chekuvchilar uchun alohida joy ajratildi.

Odamlarni tamakining zarari haqida ogohlantiruvchi reklamalar paydo bo’ldi. So’nggi 50 yilda o’tkazilgan 30 dan ziyod tadqiqotlar chekishning jiddiy salbiy asoratlari haqida ommani xabardor qilib keladi. Hatto chekmaydigan, lekin tamaki tutunida nafas olayotganlar salomatligi jiddiy xavf ostida ekani allaqachon isbotlangan.

Bugunga kelib AQShda chekuvchilar soni 43 foizdan 18 foizga kamaygan, deydi doktor Lushnyak. Ammo bu illatdan butunlay qutulish qiyin.

“Shunchaki yomon odat emas, ruju qo’yish bu. Umid qilamizki, yana 50 yildan keyin bunday hisobotlarga hojat qolmaydi, muammoni hal qilgan bo’lamiz degan niyat bor,” - deydi u.

Bu maqsadga erishish oson emas. Har yili dunyo bo’ylab 5,5 million odam, jumladan yarim million amerikalik chekishdan yoki sigaret tutunidan nafas olish oqibatida vafot etadi. Bu raqam oshib bormoqda.