Barak Obama prezidentlikning ikkinchi muddatini boshladi

  • Amerika Ovozi
Har to’rt yilda bir o’tadigan tantana, inauguratsiya marosimi ketidan prezident Barak Obama ikkinchi muddatini boshladi.

Prezident va rafiqasi Mishel kecha Vashingtondagi bayram oqshomida barchaning diqqat markazida bo’ldi. Ikki kunlik dabdabalarni katta ziyofat kechasi yakunlab berdi.

Bundan biroz avval prezident Kapitoliy ro’parasida xalq oldida qasamyod keltirib, xalqqa xolis xizmat qilishga va’da berdi.

Obamaning aytishicha, Qo’shma Shtatlar zamon muammolariga moslashib borishi, har bir fuqaro xavfsizligi va hurmatini ta’minlashi kerak.

Obama xorijda demokratik tashabbuslarni qo’llab-quvvatlashda davom etamiz, dedi.

“Amerika dunyoning har bir burchagida kuchli ittifoqlarning o’zagi bo’lib qoladi. Xorijda tanazzullarni hal qilish uchun mas’ul idoralar ishini yaxshilaymiz, yangilaymiz ularni. Chunki jahonda tinchlik qaror topishidan aynan eng qudratli davlat, avvalo, manfaatdor. Osiyodan Afrikagacha, Amerikadan Yaqin Sharqqacha demokratiyani yoqlaymiz, chunki ozodlik uchun kurashayotgan insonlarga ko’maklashishni biz burch deb bilamiz”, - dedi AQSh prezidenti.

Kun sovuq ekaniga qaramay, bu taxiriy marosimda qatnashaman deb uzoq yo’l yurib kelgan yuz minglab odamlar Obamaning so’zlarini olqishladi.

“Amerika fuqarosi ekanimdan mag’rurman. Prezidentning oldida hali qilinadigan ishlar talay. Vazifasini uddalashiga ishonchim komil”, - dedi mana bu amerikalik.

“Xalqni birlashtirish, baxt sari intilish haqida aytgan so’zlari ma’qul keldi menga. O’rtadagi tafovut va farqlarni chetga surib, umumiy maqsad sari harakat qilishga undadi prezident”, - dedi prezident nutqini tinglash uchun kelgan yana bir fuqaro.

AQSh qonunlariga ko’ra, rahbar faqat ikki muddatga saylanishi mumkin. Inauguratsiyadan keyin bayramona parad oldidan prezident Obama va uning rafiqasi maydondan yurib o’tib, 50 shtatdan kelgan xalq bilan ko’rishdi.

AQShda o’tgan prezident qasamyodi xorijda ham qiziqish bilan kuzatildi. Xitoy rasmiylari prezident Obama rahbarligidagi AQSh bilan rishtalar ijobiy tomonga rivojlanishidan umidvor ekanini aytgan.

Davlatga qarashli “Sinxua” axborot agentligi ta’rificha, “o’rtada strategik ishonch yo’qligi Xitoy-Amerika aloqalari ravnaqiga to’sqinlik qilmoqda”.

Lekin Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xong Lining aytishicha, “sog’lom va stabil” munosabatlarni rivojlantirishdan har ikki davlat manfaatdor. Xitoy va AQSh dunyoning eng yirik ikki iqtisodiyoti, lekin savdo, milliy valyuta, Janubi-sharqiy Osiyodagi talash hududlar masalasida bot-bot tortishib keladi.

Afg’oniston ahli esa Barak Obama tinchlikni ustuvor yo’nalish sifatida belgilaydi degan umidda. “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan afg’onlar, xususan, AQSh mamlakat infratuzilmasi va xavfsizligiga sarmoyani oshirishi lozim, deydi.
Osiyodan Afrikagacha, Amerikadan Yaqin Sharqqacha demokratiyani yoqlaymiz, chunki ozodlik uchun kurashayotgan insonlarga ko’maklashishni biz burch deb bilamiz.
Barak Obama

“Obama Afg’onistonda xavfsizlik va stabillikka e’tibor qaratishi kerak”, - deydi ular. “Yurt qashshoq va xalq 2014-yildan keyin nima bo’lishini o’ylab qo’rquvda. Chunki xorij askarlari ketganidan keyin Afg’oniston o’ziga tashlab qo’yiladi degan vahima bor”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan afg’onlar.

Afrika Ittifoqi rasmiysi, Erastus Mvencha fikriga ko’ra, bu qit’a Obamaning ikkinchi muddatidan olamshumul yangilik kutayotgani yo’q.

“Biz uchun ustuvor vazifa - qit’a rivojlanishini ta’minlash. Mamlakatga sarmoya erkin kirishi, savdo va hamkorlik uchun qulay muhit bo’lishini kafolatlash. Obama bilan kelasi to’rt yilda ana shu yo’nalishda ishlashda davom etamiz, degan umiddaman” , - deydi afrikalik arbob.

AQShda qasamyod bilan bog’liq tantanalar nihoyasiga yetdi. Oldinda esa prezident Obamani muhim vazifalar kutib turibdi.

Prezident va uning rafiqasi sharafiga bal



AQShda prezident Obama ikkinchi muddat uchun qasamyod keltirdi