Eron yadroviy izlanishlardan voz kechmaydi

  • Amerika Ovozi

Eron yadroviy izlanishlardan voz kechmaydi

BMT qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik kecha chiqargan hisobotga ko'ra, Eron yadroviy qurol ustida ishlashga harakat qilgan. Rasmiy Tehron yadroviy izlanishlardan mutlaqo voz kechmaymiz, deb javob qildi.

Yadroviy qurol dizayni va tuzilishi ustida ish ketgani va ayrim qismlar sinab ko'rilgani haqida dalillar mavjud, deya xavotir bildiradi Venada asoslangan tashkilot.

Qo'shma Shtatlar maxfiy xizmat to'plagan ma'lumotni bu agentlikka topshirgan edi. Vashington Eronga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishga bel bog'lagan. Xalqaro agentlikning bildirishicha, Eron 2003-yilgacha atom quroli bilan bog'liq tadqiqotlar olib borgan.

Eron davlat matbuoti bu hisobotni qoralamoqda. Mamlakatning agentlikdagi vakili Ali Asg'ar Sultoniy fikricha, hujjat "noxolis va siyosiy maqsadlarni ko'zlaydi".

Prezident Mahmud Ahmadinajod so’zlariga ko’ra, atom agentligi Amerikaning qo’g’irchog’i va uning xulosasi “bir tiyinga arzimaydi”. “BMTday jahon tashkiloti AQShning g’alati xohishlariga nega quloq solmoqda?” – deya so’radi u davlat televideniyesida qilgan chiqishida.

“G’arbning minglab atom quroliga qarshi ikki-uchta bomba yasash nega kerak bizga”, - deydi Ahmadinajod.

Islomiy respublika rahbarlarining qayd etishicha, yadroviy dastur energiya ishlab chiqarishga, tibbiy izlanishlarga mo'ljallangan, xolos.

Eron yadroviy izlanishlardan voz kechmaydi

Rossiya ham hisobotdan norozi. Kreml nazarida 35 davlat a'zo tashkilot uzoqni o'ylab xulosa qilishi, xalqaro hamjamiyatni o'rinsiz xavotirga solmasligi kerak. Bunday hisobotlar muammoga diplomatik yechim topishga to'sqinlik qiladi, deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi chiqargan bayonotda.

Xitoy bu hujjatni o’rganmoqda va murosa bilan ishlashga chaqirmoqda.

Obama ma'muriyatining ta'kidlashicha, maqsad - Eron bilan bu mojaroni tinch yo'l bilan hal etish. Bu davlat o'z atom dasturi haqida batafsil ma'lumot berishi, xalqaro talablarga javob berishi shart, deydi rasmiylar.

Shu paytgacha BMT Xavfsizlik Kengashi Eronga to'rt bor sanksiya qo'ygan. Ular natijasida islomiy respublika zaiflashgan, yakkalangan va iqtisodiy ahvoli og'irlashgan.

Yevropa Ittifoqi a'zolari, jumladan, Germaniya ta'biricha, Eronga siyosiy va diplomatik bosimni oshirmay iloj yo'q. Bu davlat o'ziga nisbatan mavjud barcha gumonlarga javob berishi, hatti-harakatlarini tushuntirishi kerak, deyiladi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Eronni azaldan atom bombasi ustida ishlayotganlikda ayblab keladigan Isroil o'zini himoya qilishga shay turganini bildirmoqda. "Biz urush xohlamaymiz, lekin majbur bo'lsak, o'zimizni himoya qilamiz",- deydi Isroil Mudofaa vaziri Exud Barak.

AQSh Kongressi a'zolari, xususan, respublikachilar demokrat prezident Barak Obamani Eronga nisbatan bosimni oshirish uchun xalqaro yetakchilikni qo'lga olishga undamoqda. Oq Uyning bildirishicha, Amerika hukumati bu borada allaqachon liderlik qilib kelmoqda.

Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi, demokrat Jon Kerri nazarida islomiy respublikaga nisbatan kuchliroq sanksiyalarni qo’llash zarur.

Eron yadroviy izlanishlardan voz kechmaydi

Respublikachi Senator Charlz Shumer Eron neft sohasini siquvga olib, savdo qilishiga yo’l bermaslik kerak, deydi. “Shunda mamlakat iqtisodiyoti bir zumda qulaydi. Agar shunday qilmasak, Isroil qurol qo’llashi aniq”.

Xavotir shuki, Eron bomba yaratsa, mintaqadagi boshqa davlatlar ham ommaviy qirg’in quroli ketidan tushadi.

Hujjatga ko’ra, 2003-yildagi bu dastur bugun amalda emas. Tadqiqotlar qisman tinch maqsadni ko’zlagani rost, biroq alohida yadroviy izlanishlar davom etmoqda, deyiladi hisobotda.

Atom agentligi masalani BMT Xavfsizlik Kengashiga oshirish-oshirmasligi hozircha noma’lum. Kengashning doimiy a’zolari Rossiya va Xitoy qo’shimcha sanksiyalarga qarshi.