AQSh askarlari ketganidan ko’p o’tmay, oxirgi bir oydayoq Iroqda qator dahshatli portlashlar kamida 70 fuqaroning yostig’ini quritdi.
Al-Qoida mamlakatni fuqaro urushi domiga tortmoqchi, mazhablararo adovatni avj oldirmoqchi, deydi tahlilchilar.
Iroq Islomiy davlati nomli guruh dekabr oxirida sodir etilgan bu xurujlarni biz qildik, deydi.
Yaqin Sharq bo’yicha amerikalik ekspert Entoni Kordesman fikricha, jangarilar shia hukumatga qarshi kayfiyatni alanga oldirib, ozchilikdagi sunniylarda vahima uyg’otmoqchi.
Bag’dodda 22-dekabrgi portlashlar Iroq Islomiy davlati guruhining birinchi qilmishi emas.
O’tgan yilning boshida ular Bag’dodni nishonga olib, 36 odam o’lgan edi.
Aytish joiz, yaqinda shia bosh vazir Nuri al-Malikiy sunniy muovini Tariq al-Hoshimiyni qamashga harakat qildi.
Bundan g'azablangan Ayad Allaviy, sunniy "Iroqiya" partiyasi yetakchisi Malikiyni ishdan haydash kerak, deb chiqdi.
"Demokratiya ildiziga bolta urilmoqda. Bizga hamma bilan birday kelishib ishlay oladigan rahnamo kerak. Malikiyning o'rniga keladigan shaxs kerak", - dedi Allaviy.
Hibsga olinish xavfidan qochgan Hoshimiy Kurdistonda panoh topdi.
Bo'hronlarni o'rganuvchi markaz olimi Piter Xarling:
"AQSh Iroq beqaror, arang oyoqa turgan payt ketdi. Hukumat tarkibi, yangi konstitutsiya, kurdlar masalasi, mahalliy boshqaruv organlarining boshini qo'shish - hammasi yechimini kutmoqda", - deydi Xarling.
Lekin boshqa ekspertlar xulosa qilishga erta, deb hisoblaydi. Londondan Jeyms Deslou fikricha, Iroqdagi jarayonlar tabiiy hol.