Fors ko'rfazi davlatlari Markaziy Osiyoga qanchalik ta'sir ko'rsatayapti?

Jorj Vashington universitetidagi munozara, Vashington, 26-yanvar, 2016

Markaziy Osiyo va Fors ko'rfazi davlatlari murakkab rishtalarga ega. Aloqalar, asosan, biznes va din bilan bog’liq. Har ikkisini davlatlar qattiq nazorat qiladi va har bir jabhada o’ziga xos ehtiyotkorlik seziladi. Boy arab uslublariga taqlid ham kuchli.

Ekspertlar davrasi

Islom, masjidlar, me'morchilik, islomiy moliya, haj va rahbarlararo munosabatlar. Jorj Vashington universiteti Markaziy Osiyo bo’limida kechgan muloqotda mintaqa va Fors ko’rfazi mamlakatlari hamkorligi xususida gap ketar ekan, mana shu mavzular ko’p tilga olindi.

Italyan tadqiqotchi, Shotlandiyadagi Glazgo universiteti professori Luka Ancheski (Luca Anceschi) deydiki, eng faol hamkorlik balki Birlashgan Arab Amirliklari bilan va bunda Qozog’iston yetakchi. Prezident Nursulton Nazarboyev amirlik bilan shaxsiy munosabatlarni mahkamlab, boshqa liderlarga qaraganda yaqinroq aloqa o’rnatgan. Dubay va Abu Dabidan zodagonlar Qozog’iston dashtu tog’larida ov qiladi, dam oladi, mulklarni ijaraga oladi. Dubay-Almati orasida har kuni reys - “Air Astana” qatnaydi.

Nafaqat Qozog’iston balki qo’shni davlatlar ham arab dunyosi, xususan Fors ko’rfazidagi kichik va boy mamlakatlar bilan aloqada dinning ta’sirini cheklagan holda, elita uchun biznes qilish imkoniyatini bergan, turizm va migratiya uchun yo’l nisbatan ochiq.

Ancheski hamkorlikni uch sohada ko’radi: islomiy moliya (asosan hukumatlar orasida), islomiy ta’lim va haj/umra. Har uch yo’nalishda qarorlar eng yuqori pog’onada qilinadi va jarayon qattiq nazorat ostida.

Islomiy moliya deganda Islomiy Taraqqiyot bankining Markaziy Osiyodagi faoliyati nazarda tutiladi. Tashkilot 1990-yillardan beri Qozog’istonda 695 million dollar, Turkmanistonda 638 million dollar, O’zbekistonda 590 million dollar, Tojikistonda 212 va Qirg’izistonda 159 million dollarga teng sarmoya qilingan.

Islomiy Taraqqiyot Banki

Transport, energetika va taraqqiyot asosiy yo’nalishlar, deya izohlaydi Belgiyaning Gent universitetidan ekspert Bruno de Kordier (Bruno de Cordier). Bank uzoq muddatli loyihalarni moliyalaydi.

Saudiya Arabistonining Jidda shahrida asoslangan bank shariatga muvofiq ish yuritib, hech qanday foizsiz qarz beradi. 1973-yilda tashkil topgan bu organga mablag' 56 a'zo davlatdan keladi, ularning qurbiga qarab. Moliya olayotgan tomon - bankning hamkori, ya'ni sarmoya kiritib, bank shu biznes yoki mulk egalaridan biriga aylanadi, daromadga sherik bo'ladi.

Aytish joiz, Islomiy Taraqqiyot banki sobiq sovet hududidagi olti musulmon mamlakat orasida Ozarbayjonda eng ko’p investitsiya qilgan, 1 milliard dollardan oshiq.

Almatida mintaqaviy idoraga ega bank vakillari deydiki, tashkilot hech bir davlatning siyosiy ta'siri ostida emas va diniy-mafkuraviy tashviqotdan yiroq.
Bankka eng ko'p hissa qo'shadigan davlatlar - Saudiya Arabistoni, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, shuningdek, Eron, Misr va Indoneziya.

Fransuz tadqiqotchi, Jorj Vashington universiteti professori Sebastiyan Peyruz (Sebastien Peyrouse) tahlilicha, mintaqada 1990-yillarning oxirlaridan beri ishlab kelayotgan bu tashkilotga har bir respublikada qiziqish katta va kelajakda yangi loyihalar kutsa bo’ladi.

Taraqqiyot yo’lida xizmat qilishga shay ekanini bildirib, hukumatlar bilan aloqani mustahkamlayaptimi, demak, ishlayveradi. Jahon banki, Xalqaro Valyuta jamg’armasi va Osiyo Taraqqiyot banki qatorida bu moliyaviy manbaga ham talab bor.

Turkmaniston Birlashgan Arab Amirliklariga rosa taqlid qiladi (Natalie Koch)

AQShning Serakyuz universitetidan olima Natali Koch (Natalie Koch) Fors ko’rfazi davlatlarining madaniy ta’siriga diqqat qaratib, me’moriy obidalar va urbanizatsiya jarayonini o’rgangan.

Turkmaniston - yaqqol misol. Ashgabat va boshqa shaharlarni zamonaviylashtirishda Dubay va Abu Dabi namuna qilib olindi va bugungi manzaraga qarab, bu qanchalik ish berganini ko’rasiz, deydi Koch.

Albatta, Ashgabat Dubay singari sayyohlar oqimi tinmaydigan manzil emas. Biroq davlat rahbarini ulug’lovchi inshootlar, obida va majmualar amirlikdagidan qolishmaydi.

Markaziy Osiyodagi ko'plab yangi masjidlar Birlashgan Arab Amirliklariga xos uslubda bunyod etilgan (Natalie Koch)

Masjidlarni aytmaysizmi? Ulkan masjidlar ko’p hollarda namoz o’qiladigan dargoh emas, muzeylardir, deydi Natali Koch, bahaybat me’morchilik namunalariga ishora qilib. Fors ko’rfazi davlatlarida bo’lganidek, Turkmanistonda ham tuzum tepasidagi odam - mustaqillik va davlatchilik timsoli.

Saparmurot Niyozov va Qurbonguli Berdimuhammedov davrida shaxsga sig’inish mafkurasi chuqurlashib, amirliklarga xos shakldagi dabdaba va sharaflash keng tuz olgan odat.

Yuqoridagi mavzular yuzasidan omma fikrini o’rganish mushkul, deydi tadqiqotchi, biroq bir narsa aniq: Fors ko’rfaziga xos me’morchilik namunalari xalqlarning faxri. Albatta, odamlar kam boradigan masjidlar o’rniga boshqa kerakli inshootlar qurish ma’qul emasmi, deydiganlar ham ko’p.