AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken dushanba kuni Vashingtonga borgan Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant bilan uchrashuv chog’ida G’azoda urush tugashi bilan Isroil sektorni qanday boshqarishi haqida reja taqdim etishi kerakligini aytdi.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh Isroilni G’azoda otashkesimga chaqirib keladi.
"XAMASni batamom yo’q qilish, uning o’rniga falastinliklardan iborat kuchlarni hokimiyatga qo’yish, xavfsizlikni ta’minlash, qayta qurish rejasiga ega bo’lish haqida ko’pdan beri izchil chaqirib kelamiz. Mintaqadagi hamkorlarimiz bilan bu borada ishlashda davom etamiz”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Mettyu Miller.
Vashington bunday rejasiz sektorda qonunsizlik va tartibsizlik hukm surishi, XAMAS hokimiyatga qaytishi haqida ogohlantirib keladi.
Gallant muxbirlar bilan uchrashuv chog’ida Isroilning bunga munosabatini oshkor qilmadi, AQShning Isroil kelajagi uchun muhim ekanini aytdi.
Isroil mudofaa vaziri AQSh prezidentining maslahatchilari va Markaziy razvedka boshqarmasining direktori Bill Byorns bilan G’azodagi vaziyat va Isroil-Livan chegarasida ziddiyatlarning kuchayayotgani xususida fikr almashdi. Gallant AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan ham ko’rishdi.
Bu o’rtada Isroil havo hujumlarida tunda G’azo shahrida kamida 24 odam o’lgan. Jumladan XAMAS siyosiy rahbari Ismoil Haniyaga tegishli uy vayron bo’lgan - uning singlisi hamda bir necha qarindoshi halok bo’lgan.
Falastin Sog’liqni saqlash vazirligi tungi hujumda Haniya yaqinlaridan jami 11 kishi halok bo’lganini bildirdi. Bungacha siyosatchining uchta o’g’li va nabiralari ham Isroil hujumlarida jon bergan edi.
Hujumda G’azo shahridagi ikkita maktab ham nishonga olingan.
Isroil bu maktablarda XAMAS jangarilari jon saqlaganini da’vo qiladi. Harakat kasalxona va maktablardan harbiy maqsadlarda foydalanayotganini inkor etib keladi.
Isroil Milliy xavfsizlik maslahatchisi Zachi Xanegbiga ko’ra, uning mamlakati kelasi bir necha kun davomida Livanning “Hizbulloh” harakati bilan mojaroni diplomatik yo’l bilan hal qilishga harakat qiladi.
Isroil va “Hizbulloh” chegarada o’q almashib turadi, biroq ayrim kuzatuvchilar yahudiy davlati Livanga qo’shin kiritishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok mintaqada kattaroq urush boshlanishidan xavotirda. Berbok Tel-Avivda o’tgan xavfsizlik anjumanida qatnashib, Isroil XAMAS bilan urushda o’zini yo’qotib qo’yishi, G’azo ahlining qahri Isroil xavfsizligiga putur yetkazishi haqida ogohlantirdi.