Isroil otashkesimga tayyor ekanini bildirdi. XAMAS-chi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy bilan uchrashuv paytida, 20-avgust, 2024-yil, Misr

Dushanba kuni Isroilda mamlakat rahbarlari bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Isroil G’azoda otashkesimga doir taklifga rozi bo’lgani haqida bildirdi. Blinken XAMASni ham rejani qabul qilishga chaqirdi, kelishuv G’azoda gumanitar vaziyatni yengillashtirishga yordam berishini aytdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 20-avgust, 2024-yil - AQShda Demokratlar partiyasining qurultoyi. 1-kun

“Keyingi muhim qadam XAMAS uchun rejaga “xo’p” deyish. Shundan keyin keyingi bir necha kun davomida barcha muzokarachilar to’planib, kelishuv ijrosi xususida gaplashib oladi”, - dedi Blinken.

AQSh rasmiysi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga otashkesimga doir bitimga kelishish muhimligini yetkazganini aytadi.

“Kelishuvsiz har bir kun ikkita narsaga yetaklaydi. Birinchisi, garovdagilar o’lib boradi. Ikkinchisi, bunga qarshi qaratilgan harakatlar vaziyatni yanada qiyinlashtiradi, hatto imkonsiz qiladi”, - dedi Blinken.

Unga ko’ra, kelishuv G’azoda poliomiyelitga qarshi emlash kampaniyasini boshlashga ham imkon beradi. O’tgan hafta sektorda falaj bilan kasallangan ilk bola aniqlangan.

Blinken seshanba kuni Misra bordi, Prezident Abdul Fattoh al-Sissiy bilan uchrashdi. Amerika rasmiysi Qatar va Misr vositachilari XAMASning yangi kelishuv bo’yicha javobini unga yetkazishiga umid qilmoqda.

Otashkesim yo’q ekan har kuni falastinliklar o’lmoqda. Seshanba kuni G’azoda Isroilning Mustafo Hofiz maktabiga hujumida kamida 10 odam o’lgan.

Isroil maktabda XAMAS harbiy shtabi joylashganini da’vo qilmoqda.

Otashkesim XAMAS garovga olgan isroilliklarni ozod etish uchun ham muhimdir. Busiz ular ham o’lmoqda. Tunda Xon Yunusda isroillik askarlar olti nafar vatandoshining jasadini topgan.

Ular XAMAS o’tgan yil oktabrida o’g’irlagan odamlar ekani ma’lum bo’ldi.

Harakat qo’lida 109 odam qolayotgani aytiladi.