Isroilda XAMAS harakati a’zolarining 1200 odamning o’limiga olib kelgan hujumining 100 kuni xotirlandi. Garovga olingan taxminan 240 kishidan XAMAS qo’lida hozir 105 kishi qolgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Isroilning XAMAS hujumiga javoban boshlagan havo va quruqlikdagi harbiy kampaniyasi natijasida G’azo Sektorida shu kunga qadar 20 baravar ko’p falastinlik o’ldi – aksariyati bolalar va ayollar. 2,3 million g’azolikning 85 foizidan ko’pi uylarini tark etgan.
“Yaqinda ko’zim yorishadi, xavotirdaman. Qayerda va qanday tug’ishimni bilmayman”, - deydi Heba Bakr ismli homilador bir falastinlik.
Turli mamlakatlarda Falastinda tinchlikka da’vat etayotgan namoyishlar davom etmoqda. Dam olish kunlari Rim, London, Vashingtonda ko’p sonli chiqishlar kuzatildi. Rim papasi Fransisk yakshanba kungi ma’ruzasida yana Falastinni tilga oldi.
“Urushning o’zi insoniyatga qarshi jinoyat. Odamlarga tinchlik kerak, dunyoga tinchlik kerak”, - dedi u.
Biroq Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu urushni tugatish da’vatlari va talablariga bo’yin egmoqchi emas.
"Hozir birinchi navbatda urush xarajatlarini yopib, joriy yilda uni tugatishga, XAMASni yo’q qilib, garovdagi barcha odamlarni qaytarishga harakat qilishimiz kerak”, - dedi u.
XAMAS rahbarlaridan biri Osama Hamdan garovdagilarga yaxshi muomala qilinayotganini aytdi, Isroil Qatar orqali ularni dori bilan ta’minlaganini tilga oldi.
O’tgan hafta Isroilning o’zidagi namoyishlarda garovdagilarning yaqinlari ularni ozod etish uchun muzokaralarni tezlashtirishni talab qildi.
Xabarlarga ko’ra, XAMASning Qatarda joylashgan rahbariyati Turkiyaga ko’chish ustida o’ylanmoqda. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an mojaro boshidan beri XAMASni qo’llab-quvvatlaydi.
Natijada Turkiyaning Isroil bilan endigina tiklangan munosabatlari yana sovuqlashdi. Erdog’an Isroilni falastinliklar qatliomida, Isroil esa Anqarani armanlar qatliomida aybladi. Turkiya Isroilni imtiyozli iqtisodiy hamkorlar safidan chiqardi. Turkiyada isroillik futbolchining hibsga olinishi ikki tomonlama aloqalarning yanada taranglashishiga olib keldi.
Yakshanba kuni futbol bo’yicha Turkiya birinchiligining Antalya shahridagi o’yinida “Antalyaspor” klubining 28 yashar yahudiy o’yinchisi Sagiv Yexezkel “Trabzonspor” darvozasiga gol urganidan so’ng kameralar yoniga kelib, XAMAS hujumi qurbonlariga hamdardlik ramzi sifatida “7-oktabrdan beri 100 kun” degan yozuv tushirilgan qo’l bog’ichini ko’rsatdi.
Shu kuni Yexezkel klubdan chetlashtirildi, hibsga olindi, Antalya sudiga yetkazildi. Adliya vaziri Yilmaz Tunch isroillik futbolchining harakatlari xalqni adovat va dushmanlikka undash ayblovi bilan tergov qilinayotganini ma’lum qildi.
Isroillik siyosatchilar Turkiyani XAMAS manfaatlariga xizmat qilayotganlikda, ikkiyuzlamachilik va noshukurlikda aybladi.
Sportchi bugun hibsxonadan chiqarildi, xususiy samolyotda Isroilga deportatsiya qilindi.
Bu o’rtada Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi Isroil-Falastin mojarosi bo’yicha xalqaro tinchlik anjumanini o’tkazishga, ikki davlat formulasini amalga oshirish uchun jadval belgilashga chaqirdi.
“Gazo Sektorida infratuzilma butunlay vayron qilingan. Ikki milliondan ortiq odam qiyin ahvolda. BMT Xavfsizlik Kengashining G’azoga gumanitar yordam ko’rsatishga qaratilgan rezolyutsiyasini samarali bajarish zarur. Xalqaro hamjamiyat mintaqadagi davlatlarning qonuniy xavotirlariga quloq solishi kerak”, - dedi Xitoy vaziri.
Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak ham mintaqada ziddiyatlarni yumshatishga da’vat etdi, xusiylarning Qizil dengizda tijoriy kemalarga hujumini yana bir bor qoraladi.
Bugun, shuningdek, Isroilda ikki falastinlik o’z mashinalarini Tel-Aviv tevaragidagi Raanana shahrida odamlarga urib, bir yahudiy ayolning o’limiga sabab bo’lgan, 12 kishi jarohat olgan. Avtomobillardan birining o’g’irlangani, bu ishga qo’l urgan falastinliklarning Isroil istilosidagi G’arbiy Sohilda yashovchi bir oiladan ekani ma’lum.