Kobul AQShdan harbiy yordamni oshirishni so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Jalolobod: AQSh va afg'on kuchlari

AQSh Afg'onistonda ekstremizm va jangari guruhlarga qarshi kurash strategiyasini qayta ko'rib chiqar ekan, Kobul Vashingtonga o'z rejasini taqdim etgan. Unga ko'ra, milliy xavfsizlik kuchlari mustahkamlanadi.

Afg'oniston Mudofaa vazirligidan general Davlat Vaziriy:

“Qo'shma Shtatlar yangi strategiyasini e'lon qilganida, bizning to'rt yillik xavfsizlik rejamizni ham quvvatlab chiqsa, Afg'oniston o'z armiyasini butkul oyoqqa turg'azib oladi. Ishoning bizga, qurolli kuchlarimiz har bir afg'onning faxri bo'ladi".

Tramp ma'muriyati ayni damda yangi siyosat ustida bosh qotirmoqda. Amerika qo'shinlari 15 yildan oshibdiki, Afg'onistonda.

NATO bu zaminda hozir 13 ming askarga ega bo'lsa, ularning 8400 nafari amerikaliklar. Ular terrorizmga qarshi kurashda mahalliy armiyaga yordamchi, shuningdek, Afg'onistonning 300 ming harbiysining malakasini oshirmoqda.

AQShning u yerdagi generali Jon Nikolson amerikaliklar sonini oshirishni taklif qilmoqda. "Islomiy davlat" va Tolibonni yer tishlatish uchun zarur, deydi u.

Kobul esa Amerikadan harbiy yordamni oshirishni so'ramoqda. Nafaqat trening balki moliya va qurol bobida.

Afg'oniston 17 ming zobitga ega maxsus kuchga ega bo'lishni istaydi. Havo kuchlarini ham mustahkamlamoqchi. Mudofaa vazirligining bildirishicha, G'arb davlatlari shu kunlarda Kobulga 200 harbiy vertolyot va boshqa havo vositalari va'da qilgan.

Prezident Donald Tramp uchun terrorga qarshi kurash ustuvor masala. Shunday ekan, deydi ekspertlar, Kobul yordam masalasini vaqtida ko'tarmoqda.

“Afg'oniston hukumati agar o'z xavfsizlik kuchlarini qanday qilib mustahkamlamoqchi ekanini va AQSh aynan qay sohada yordam bera olishini puxta tushuntirsa, Oq uy ko'nishi muqarrar”, - deydi Maykl Kugelman, Janubiy Osiyo bo'yicha tahlilchi.

“Oxirgi yillarda yordam ancha susaygan va samara ham shunga yarasha".