3 aprelda Qozog’istonda o’tgan prezident saylovlari G’arbda nafaqat tanqid balki mazah bilan qarshi olindi.
Xalq unga ergashadi va ishonadi, Nursulton Nazarboyev ayyorlik qilmay ham hokimiyatda uzoq vaqt qolishi mumkin edi degan mazmunda maqolalar chiqdi.
Saylovlarning erta o’tishi, nomzodlarning zaifligi va hatto o’zlari emas, Nazarboyevga ovoz bergani spektakldan boshqa narsa emas degan fikrlar yangradi.
Markaziy Osiyoda bu yangilik emas, deydi amerikalik tahlilchilar, liderlar sodda xalqini “mendan boshqa rahbarlikka arziydigan odam yo’q”, “Faqat men barqarorlik va farovonlik kafolatiman” deb aldashga o’rgangan.
Masalan “Vashington Post” gazetasida chiqqan maqola arab dunyosida diktatorlar ag’darilar ekan, qozoq prezidenti hokimiyatga tirmashib olgan deya sharh beradi.
Qozog’istonning AQShdagi elchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Erlan Idrissov bunday sharh va mulohazalarni jiddiy qabul qiladi va ularga javob berishdan tortinmaydi.
Vashingtonda jurnalistlar bilan bir davrada o’tirib, ularning saylov yuzasidan savollariga birma-bir javob berdi.
Nazarboyev prezidentlikka 95,5 foiz ovoz bilan qayta saylandi. Jarayonda yoshlar muhim rol o’ynadi. 71 yoshli rahbar zamonaviy Qozog’iston davlati asoschisi, uning uchun to’g’ri yo’lni tanlagan va eng muhimi, iqtisodiy taraqqiyotga yetaklagan dohiy sifatida ko’riladi.
Ko’pchilik uni qo’llashi ayon ekan, Nazarboyevning lavozimda qolish uchun erta saylov o’tkazishi shartmidi?
Elchi Erlan Idrissov shunday javob beradi:
“Saylovning erta o’tishi mish-mish va shubhalarga sabab bo’lgani rost. Lekin erta saylov ortidagi asosiy omil bu xalqning qariyb 60 foizi prezident Nazarboyevni umrbod lavozimda qoldirish kerak, masalani referendumga qo’yish kerak deb chiqqani bo’ldi. Rahbarimiz ularning fikrini inobatga oldi, ammo ular istagandek referendum emas, saylov o’tkazishni ma’qul ko’rdi. Bilasizmi, turli siyosiy-ijtimoiy sabablarga ko’ra, ko’plab davlatlarda saylovlar muddatidan oldin o’tadi”.
Saylov kampaniyasi va ovoz berish jarayonida yo’l qo’yilgan xato va kuzatilgan barcha muammolar, deydi elchi, albatta tekshiriladi va bu ish allaqachon boshlangan. Qozog’iston o’tgan yili o’zi raislik qilgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining saylov bo’yicha tanqidiy hisobot chiqarganidan norozi, “ammo bu hujjatni chetga surmaydi va xalqaro talablarga javob berish uchun zarur tadbir-choralar ko’ramiz”, - deydi Erlan Idrissov.
Elchi deydiki, hukumat jamoatchilik fikri bilan hisoblashishni o’rganmoqda. O’z xalqi va dunyo ahli oldidagi majburiyatlarini yaxshi biladi. Qozog’iston dunyo sahnasidagi obro’siga putur yetishini istamaydi, aksincha nufuzi kundan-kunga oshishi uchun kuch-g’ayratni ayamaydi, deydi u.
“Biz siyosiy va iqtisodiy jihatdan mustahkam va erkin jamiyat qurayapmiz. Farovon, kelajakka intilib yashaydigan zamonaviy jamiyat bo’lishni istaymiz”,- deydi Erlan Idrissov.
“Oldimizda murakkab muammolar turibdi. Qonun ustuvorligi, samarali boshqaruv, mas’uliyatli, oshkora, korrupsiyadan xoli tuzumda yashash uchun ko’p ishlar qilinishi kerak. Korrupsiya qonimizga, madaniyatimizga singib ketgan illat. Undan qutulish uchun avlodlar va mentalitet o’zgarishi kerak”,- deydi u.
Elchi fikricha, Qozog’iston parlamentida faqat bir partiya emas, ikki qarama-qarshi partiya vakillari o’tirishini ta’minlash uchun harakat qilish kerak.
Buning uchun muxolifat xalq ko’ngliga yo’l topishi va alternativ siyosiy dasturga ega ekanini ko’rsata bilishi kerak.
Oppozitsiya esa doimiy tazyiq va cheklovlardan shikoyat qiladi. Qay partiya bo’lmasin, ularning dardi shuki, axborot vositalari diqqati faqat amaldagi rahbarda va muxolifat faoliyati yoritilmaydi. Odamlar faqat Nazarboyev va uning buyuk ishlari haqida eshitadi, muqobil siyosat va o’zgacha taklif-g’oyalar haqida bilishi uchun imkoniyat yo’q. Qozog’istonda jamoatchilik orasida erkin bahs-munozara mavjud emas.
Elchi Erlan Idrissov nazarida esa odamlar ahmoq emas. Hozirgi hukumatda, deydi u, yosh avlod, o’zgacha firklaydigan, zamonaviy dunyoqarashga ega, G’arbda ta’lim olgan, erkinlik va oshkoralik nima ekanini biladigan, uddaburo odamlar ko’p. Yondashuv, boshqaruv uslubi tobora o’zgarib bormoqda.
“Shaxsga sig’inish madaniyatidan uzoqmiz”, - deydi diplomat.
Qo’shma Shtatlar bu saylovlarni avvalgilariga qaraganda ochiqroq jarayon bo’ldi deya baholagan. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti fosh etgan muammo va kamchiliklar hal etiladi degan umidda.
Qozog’iston tashqi siyosati, xususan Amerika, Rossiya va Xitoy hamda Markaziy Osiyodagi qo’shnilariga nisbatan bugungi strategiyasini o’zgartirmaydi, lekin uni mukammallashtirishda davom etadi, deydi elchi.