Qozog'iston elchisi: Saylovda xatolar bo'ldi, lekin yutuqlar undan-da ziyoda

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bayonicha, Qozog'istonda ovozlarni sanash jarayoni oshkora kechmagan

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti nazarida Qozog’istonda 15-yanvar kuni o’tgan parlament saylovlari xalqaro talablarga javob bermagan.

Asosiy tanqid shuki, jarayonda ko’plab jiddiy xatolarga yo’l qo’yilgan, jumladan ovozlar oshkora sanalmagan. Qozog’iston hukumati bunga qanday javob bermoqda?

Saylovda 80 foizdan oshiq ovoz bilan g’alaba qozongan “Nur Otan” partiyasi rahnamosi, prezident Nursulton Nazarboyev fikricha xalqaro hamjamiyat, ayniqsa G’arb Qozog’istondagi haqiqatni tan olishi lozim.

Ya’ni, deydi u, xorij matbuotiga bergan intervyusida, Qozog’iston bugun ko’p-partiyaviy parlamentga ega.

Erlan Idrissov, Qozog'istonning AQShdagi elchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri

Markaziy saylov komissiyasiga ko’ra, Majlis, parlament quyi palatasiga uch partiya a’zolari tanlangan:

“Nur Otan” 80,7 foiz ovoz bilan; “Ak Jol” demokratik partiyasi 7,5 foiz ovoz bilan va Kommunist xalq partiyasi 7,2 foiz ovoz bilan. Rasman ro’yxatdan o’tgan yana to’rt partiya juda oz ovoz olgan.

Muxolifat saylov natijalarini qoralamoqda. 17-yanvar kuni qayib 250 kishi Almatida norozilik namoyishiga chiqqan.

Saylovda ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning 75 foizdan ortig’i qatnashgan, 6,980,000 kishi.

Qizig’i shundaki, siyosiy markaz Ostona va moliyaviy markaz Almatida, viloyatlar bilan taqqoslaganda, kamroq odam ovoz bergan.

Bu davlatning AQShdagi elchisi Erlan Idrissovning aytishicha, qishloq joylarda aholi siyosiy jihatdan faolroq.

Almati

“Biz davlat sifatida shakllanishga, siyosiy va iqtisodiy jihatdan oyoqqa turishga intilib yashayotgan xalqmiz. Siyosiy madaniyatimiz o’sayapti, astalik bilan ildiz otayapti”,- deydi diplomat, Vashingtonda o’tgan matbuot anjumanida.

O’zgarishlar qilish, jamiyatni yanada erkinlashtirish - yangi avlod qo’lida, deydi u.

Lekin saylov oldidan Qozog’istonda jamoatchilik vakillari bilan gaplashganimizda, “Nur Otan” yutishi aniq, chunki boshqa partiyalar haqida ko’pchilik bilmaydi; ularning o’zini targ’ib qilishi uchun sharoit yo’q degan tanqid-shikoyatlarni eshitdik.

Elchidan bu haqda so’raganimizda, u siyosiy sahnani asosan “Nur Otan” egallab olganini tan oldi.

Uzoq davr bir mafkura ostida yashagan jamiyatning ko’p-partiyaviy, xilma-xil siyosiy guruhlarga o’rganishi oson kechmaydi, deydi u, vaqti kelib, haqiqiy siyosiy raqobat maydoni shakllanadi.

Avval iqtisod, keyin siyosat... Qozog'iston xalqiga bunday yondashuv ma'qul, deydi elchi Idrissov

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Yerjan Kazixanovga telefon qilib, qonun ustuvorligi va demokratik saylov ahamiyati haqida eslatgan.

Amerika jarayonda yo’l qo’yilgan xatolar va kuzatilgan muammolarni tuzatishga chaqirmoqda. Vashington bu borada Qozog’istonga yordam berishga tayyor.

Nazarboyev ma’muriyati kamchiliklarni tan olmoqda. Lekin yutuqlar ziyoda, deydi elchi Idrissov.

“Saylov ochiq va oshkora o’tdi...Jarayonni 819 chet ellik mutaxassis kuzatdi, 156 xorijiy jurnalist yoritdi. Muammolar ham, ijobiy o'zgarishlar ham oydek ravshan", - deydi diplomat.

Bosh prokuraturaning bildirishicha, 76 jinoiy holat, 45 ma’muriy xato qayd etilgan. 28 holatda qoidalar buzilgani aniqlangan. Fuqarolarning ovoz berish huquqi qo’pol ravishda poymol etilgani haqida biror ma’lumot yo’q, deyiladi idora bayonotida.

Janaozen, 19-dekabr 2011

Elchi Idrissov deydiki, o’tgan yilning dekabr oyida qonli voqealarni boshdan kechirgan Janao'zen shahrida saylov tinch va osoyishta o’tgan.

Neftchi shaharda 16 dekabr kuni avj olgan to’polonlarda 17 kishi o’lgan, jamoat maskanlari, bizneslar va do’konlar vayron bo’lgan edi. Fojia hamon tergov ostida, deydi diplomat, 33 shaxsga nisbatan jinoiy ish ochilgan, kamida 400 ma’muriy tekshiruv olib borilmoqda.

Prezident Nazarboyev norozi fuqarolarning talablari ko’rib chiqilib, adolat ta’minlanadi deya va’da bergan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti singari organlar saylovlarni kuzatganida, bu saylovni oldingilari bilan qiyoslashi, jarayonni har tomonlama o’rganib, shoshmay hisobot berishi kerak, deydi Idrissov.

Lekin Qozog’istonning o’zi bu tashkilotga 2010-yilda raislik qilgan va uning faoliyati bilan bog’liq “muammolarni” to’g’rilash imkoniyatiga ega bo’lgan.

Elchi buni tan olib, “Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan ishlashda davom etamiz”, - deydi.

Blokning Demokratik insitutlar va inson huquqlari bo’yicha idorasi esa har bir hisobot asosli, xatolarga yuzlab kuzatuvchi guvoh bo’lgan deya bildirmoqda.