Qozog’istonda tanqidiy gazeta muxbiri pichoqlab, otib ketildi

  • Amerika Ovozi

Jurnalist uyi yaqinida hujumga uchragan

Qozog’istonda “Uralskaya Nedelya” gazetasi muxbiri, jurnalist Lukpan Axmedyarov pichoqlab, otib ketilgan. Bir necha kishi to'satdan yopirilib, kamida sakkiz bor pichoq urgan.

U operatsiyadan keyin kasalxonada qolmoqda, ahvoli juda og’ir, deydi shifokorlar. Voqea payshanba kuni tunda shimoli-g’arbdagi Uralsk shahrida ro’y bergan.

36 yoshli Axmedyarov va “Uralskaya Nedelya” gazetasi tanqidiy maqolalari bilan mamlakatda keng tanilgan. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Erkin matbuot bo’yicha maxsus vakili Dunya Miyatovich hujumdan dahshatdamiz, deydi.

U Qozog’iston rahbariyatini hodisani tezda va atroflicha tergov qilishga undamoqda. “Hujum jurnalistning kasbiy faoliyati bilan bog’liqmi-yo’qmi, zudlik bilan aniqlash kerak”, - deydi Miyatovich.

Qozog'iston adliya rasmiylari "qotillikka urinish" moddasiga muvofiq jinoiy ish qo'zg'atgan.

Mazkur gazeta va uning muxbirlari o’tmishda soxta, yolg’on ma’lumot berganlik kabi ayblovlar bilan yuzlashib, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bir necha bor mojaroga aralashishga majbur bo’lgan.