Qozog'istonda yer ijarasiga qarshi namoyishlar kuchaymoqda

Qozog'istonda yer sotilishiga qarshi o'tgan namoyishlar so'nggi yillarda mamlakatda kuzatilgan eng yirik norozilik chiqishidir. Namoyishchilar bilan muzokara qilgan hukumat kuch ishlatilmagasligini, ishtirokchilar jazolanmasligini bildirgan edi.

Ammo so'nggi xabarlarga ko'ra, namoyish tashabbuschilari tazyiqqa olina boshlagan, muxolifat faollari noroziliklar mamlakat bo'ylab tarqashi mumkin deya ogohlantirmoqda.

Bir necha shaharda “yer sotilishiga” qarshi o'tgan aksiyalarda yuzlab odamlar qatnashdi. Bu hukumat qishloq xo'jaligiga ixtisoslashgan 1,7 million gektar yerni kim oshdi savdosiga qo'ygani haqidagi xabarlar ortidan kuzatilgan.

Dastlab Atirauda boshlangan namoyishlar keyinchalik Aktobe, Semey kabi shaharlarga ko'chgan. Aktobeda ikki mingdan oshiq odam siyosiy talablar bilan chiqqan. Bu namoyishlardan videotasvirlarning ijtimoiy tarmoqlarga ko'chishi munozaralarni qizitgan.

Hukumat kuch ishlatmagan, ammo faollarga nisbatan bosimlar kuchaygan.

“Ozodlik” radiosining Qozoq xizmatiga ko'ra, namoyishlar yuzasidan Olma-Ota shahrida matbuot anjumani o'tkazishga hozirlangan faollar politsiya tomonidan hibs qilinib, ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilgan. Buni aks ettirgan videotasvirlar e'lon qilingan.

“Nazarboyev ketsin, yetar endi!” - deb qichqiradi bu videotasvirda politsiya tomonidan olib ketilayotgan faollardan biri Marjan Aspandiyarova.

Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev nazarida aholi “yer sotilishi”ga doir yolg'on axborot qurbonidir va uydirma tarqatganlar, tashkilotchilar jazolanishi lozim.

Norozilik chiqishlari Qozog'iston aholisida hukumatga nisbatan ishonchsizlik oshganini ko'rsatadi, deydi ayrim tahlilchilar.

Muxolifatdagi Qozog'iston Sotsial liberallar partiyasi yekatchilaridan biri Aydos Sodiqovga ko'ra, gap “yer sotilishi”ga doir xabarlar to'g'ri yoki noto'g'riligida emas, balki aholining hukumatga ortiq ishonmay qo'yganida.

“Hamma Qozog'istonda qonunlar ishlamasligini yaxshi biladi. Hukumat bugun ijaraga berishi mumkin, ammo ertaga bu ijara oldi-sottiga aylanadi. Buning uchun misollar yetarli. Mamlakatning bir nechta viloyatida neft zaxiralari mavjud yerlar Xitoyga sotildi, amalda esa ular ijara sifatida rasmiylashtirilgan. Xitoy kirgan hududlarini qanchalik tez ishg'ol qilishi haqida esa ortiqcha gapirish shart emas”, - deydi Sodiqov.

Qozog'iston hukumati bu namoyishlarni yer ijarasi haqida yolg'on axborotlar tarqatishdan manfaatdor, mamlakatdagi barqarorlikni izdan chiqarish niyatidagi shaxslarning qilmishi, deb hisoblaydi. Prezident Qozog'iston xalqlar assambleyasi yig'ilishidagi chiqishida namoyish ortidagi odamlarni g'alamislarga qiyoslab o'tdi.

Muxolifat faollariga ko'ra, aksincha, aholida siyosiy faollik uyg'onmoqda, odamlarni hech kim namoyishga majburlab olib chiqmagan. Faollarga nisbatan boshlangan tazyiqlar esa hukumat tahlikaga tushganini ko'rsatadi, deydi ular.

“Siyosatda shunday tushuncha bor, turtki va sabab, degan. Yer masalasi bu turtki, Xitoyga yer sotilishi mumkinligi haqidagi axborot esa son'ggi nuqta bo'ldi. Haqiqatda esa bu siyosiy jarayon, xalq mamlakat boyliklari shunchaki sotib yuborilayotganiga ortiq qarab turmoqchi emas. Bu jarayon hammasi amaldagi rejimga borib taqalayotgani esa ayon. Shuning uchun ham mitingda odamlar “Nazarboyev ket” deb qichqirishdi”, - deydi Aydos Sodiqov.

Qozog'istonlik faollar fikricha, yer masalasi yuzasidan qalqqan bu namoyishlar hali davom etadi. May oyida mamlakatning bir nechta viloyatlarida ham o'tishi rejalashtirilgan.

Hukumat yer ijarasi bilan bog'liq masala muhokama etilayotganini bildirgan. Gap qishloq xo'jaligiga ixtisoslashgan, o'zlashtirilmay qolib ketgan yerlar ijarasi haqida bormoqda, bu yerlarni xorijliklarga butunlay sotish haqida emas.

Qizilo'rda viloyatida kechgan namoyishlar. "Ozodlik" Qozoq xizmati videosi: