Qirg’izistonda o’zbekzabon axborot vositalari kamayib ketgan, kadrlar masalasi dolzarb

Qirg’izistonda o’zbekzabon axborot vositalari kamayib ketgan, kadrlar masalasi dolzarb

Markazi Vashingtonda joylashgan “Freedom House”, Ozodlik Uyi xalqaro tashkilotining so’nggi hisobotiga ko’ra, jahonda erkinlik tobora noyob ne’matga aylanib bormoqda.

Xususan Markaziy Osiyoda O’zbekiston va Turkmanistondagi vaziyat nihoyat og’ir deb ta’riflanadi.

O’tgan yoz qonli nizolarni boshdan kechirgan Qirg’izistonda parlament saylovlari erkin va adolatli deya baholangan edi, bu davlat qisman erkin jamiyatlar safida.

Lekin huquq tashkilotlari janubdagi o’zbeklarga bosim davom etayotganini qayd etib keladi.

O’sh va Jalol-Oboddagi o’zbek aholi ko’p millatli Qirg’iziston jamoatchiligiga to’la qo’shilish yo’lida avvalo matbuot erkinligi ta’minlanishi zarur deb hisoblaydi.

Kuzatuvchilar Qirg’izistonda etnik to’qnashuvlar ortidan o’zbekzabon axborot maydoni keskin torayganini qayd etadi. Qator ro’znoma va telekanallar yopilgan yoki o’z mavqeini o’zgartirgan.

“Ayniqsa o’tgan yozdagi to’polonlardan keyin o’qiydigan, ko’radigan narsalar ozayib ketdi. Oldin o’zbekcha telekanallar ko’p edi. Butun oilamiz bilan, oshna-og’aynilar bilan maza qilib dasturlarni tomosha qilardik. O’zbekcha gazeta jurnallar, telekanallar xalqimiz, farzandlarimiz uchun kerak”, - deydi 65 yoshli Adham aka.

Janubiy Qirg’izistonda o’ndan ziyod o’zbekzabon gazeta va telaradiokanallar faoliyat ko’rsatib kelgan bo’lib, o’tgan yili ularning aksari yopildi. Ko’plab qalamkashlar ishsiz qoldi. Xorijga yo’l olganlar ham oz emas.

Ayni paytda faoliyat ko’rsatayotgan mahalliy ommaviy axborot vositalari muammolari ham talay.

“O’sh Sadosi” viloyat ro’znomasi bosh muharriri Muhammadsoli Ismoilovga ko’ra, gazetxonlar soni yildan yilga kamayib ketyapti.

Qirg’izistonda o’zbekzabon axborot vositalari kamayib ketgan, kadrlar masalasi dolzarb

“Bunga internet nashlar va erkin gazetalar ko’paygani yoki televideniyening ustuvorligi sabab bo’layapti, deb o’ylardik. Ammo hozir erkin ro’znomalar yopilgan. Shundan keyin ham gazetxonlar soni ko’paymadi. Demak elimiz tirikchilik tashvishi bilan bo’lib, gazeta o’qish xayoliga ham kelmayapti, balki vaqti yo’q. Bizning jurnalistlarimizning muammolaridan biri – axborot, ma’lumot olish.Hozir o’zbek gazetasidanman deb borsangiz, sizni qandaydir noqulaylik bilan kutib olishadi. Ayrim paytlarda “sizning gazetangiz chiqmay qolgan-ku” yoki “haligacha chiqayapsizlarmi” degan gaplarni aytayotgan rahbarlar, rasmiylarga uchraysiz”, deydi Ismoilov.

Yozuvchi Habib Holiqov boshqa muammolarga ham e’tibor qaratadi.

“Davlat nashrlari bo’lgan o’zbek tilidagi gazetalar mamlakatdagi ahvolni bor tomonlama, amaldagi hokimiyatga moslab yozishni o’rganishdi. Erkin ijod qilishga imkoniyat berilmayapti. Natijada erkin fikr yuritishning o’zi mumkin bo’lmay qoldi. Hozir o’quvchilar haqiqatni talab qilyapti, voqelikka nisbatan haqiqatni. Qanday bo’lishidan qat’iy nazar, to’g’ri, rostgo’y haqiqat bo’lishi kerak. Shu narsani yetkazib berishda, menimcha, erkin gazetalarning roli juda katta edi”, - deydi Habib Holiqov.

Jurnalistika kasbiga o’qitish, malaka oshirish masalalari ham hal qilinmagan.

“Oldin o’zbek talabalari uchun jurnalistika fakulteti yoki bo’limlari bor edi. Turli sabablarga ko’ra, jumladan talabalar yetishmasligi sabab ular keyingi yillarda yopilib ketdi. Yoshlar orasida bosma nashrlarga intilish yo’q. Shu sohaga kelib ishlasam, meni ishga olinglar, qog’oz qoralashni o’rgansam sizlardan, deb kelayotgan yoshlarni ko’rmayapmiz. Safimizda pensiya yoshiga yetib qolgan faxriy jurnalistlar ko’p. Kadrlar taqchilligi bor masala”, - deydi “O’sh Sadosi” ro’znomasi bosh muharriri Muhammadsoli Ismoilov.

Yozuvchi Habib Holiqov ommaviy axborot vositalari uchun kadrlarni shartnoma asosida qo’shni O’zbekistonda, rusizabon ro’znomalar uchun esa Rossiyada tayyorlashni taklif etadi.

Ko’pchilik o’zbekzabon nashrlarning qamrovi, mazmuni, jangovarligi pasayganini urg’ulaydi. Qalamkashlar jiddiy mavzularga qo’l urmay qo’ygani ko’zga tashlanadi.

“O’zbek tilida ijod qilayotgan jurnalistlarning saviyasi, bilim doirasi pasayib ketgan. Oshkoralik, xolislik, professionalizm sezilmaydi”, - deydi Habib Holiqov.

Umuman, yaqin kelajakda Qirg’izistonda o’zbekzabon axborot maydoni saqlanib qoladimi, degan xavotir ham yo’q emas. Zikr qilingan tarmoqni rivojlantirish uchun ne darkor?

Muharrir Muhammadsoli Ismoilov nazarida, yoshlarda jurnalistika sohasiga havas uyg’otish, shuningdek, bu kasb bilan shug’ullanish uchun sharoit yaratish kerak.

“Intilib ijod qilishga undash, ishontirish lozim ularni. Buning uchun sharoit kerak. Ular uchun guruhlar ochish, hamkorlik bilan kadrlar almashish yo’lini qidirish kerakdir balki”.

Yozuvchi Habib Holiqov matbuot to’g’risida yangi qonun qabul qilish tarafdori.

“Ushbu qonun xalqaro andozalarga mos bo’lishi kerak. Yakka bir davlat manfaatini ko’zlaydigan, yoki qandaydir millar manfaatini ko’zlaydigan darajada emas, butunjahon andozalariga mos bo’lishi zarur. Kishi bemalol ijod qilsin”, - deydi u.

Qirg’iz rasmiylari o’lka janubida qo’shni davlatlar axborot vositalari muxlislari mavjudligidan tashvish bildirib keladi. O’z navbatida, mutaxassislar raqobatdosh mahalliy ro’znomalar va elektron nashrlarni yaratish va kengaytirish zaruriyatini ta’kidlaydi.