"Arab dunyosidagi g’alayonlar rahbarlarimizga saboq bo’lsin"

  • Amerika Ovozi

Misrda xalq isyoni qonli tus ola boshladi

Arab dunyosi namoyishlar domida ekan, bir necha qo’zg’olon va elatlararo qirg’inni boshidan kechirgan Qirg’iziston ahli vaziyatni xavotir bilan kuzatmoqda.

O’sh Davlat Universiteti professori, siyosatshunos Arap Anarbayev fikricha, bu inqiloblar tabiiy ko’rinish.

“Shu paytgacha jim yotgan problemalar yuzaga chiqa boshladi. Korrupsiya keng tarqalgan. Husni Muborak 30 yildan beri davlatni boshqargandan keyin ko’p narsa o’zgarmagan. Mamlakarni avtoritar usulda boshqarib kelgan. Aholi bundan to’yib, bosh ko’targan deb o’ylayman”, - deydi professor.

Xalqaro Islom Harkorligi Markazi raisi, shayx Sodiqjon Kamolov ochiq saylovlar o’tishi kerak, deb hisoblaydi.

Qo'zg'olon va elatlararo qirg'inni boshidan kechirgan Qirg'iziston arab dunyosidagi inqiloblarni xavotir bilan kuzatayapti

“So’z, fikr, vijdon erkinligi degan qadriyatlar unutildi. Arab dunyosida hukmron rahbarlar tobora diktatura tomon og’ib, taxtni hech kimga bermasdan, erkin saylovlarga yo’l qo’ymasdan yashadi. Natijasini ko’rib turibmiz. Bir inson ikki marta saylanish huquqiga ega bo’lib, so’ng o’rnini boshqalarga bo’shatishi, ochiq saylovlarga ijozat berishi kerak. Shunda bu g’alayon bo’lmasdi”, - deydi u.

“Bir yoqda xalqning ichida ocharchilik, ishsizlik… Juda ko’p yoshlar hozir bekor… Har xil siyosiy yoki jinoiy harakatlar qo’shilib ketish ehtimoli yuqori. Shular to’planib-to’planib, oxiri xalqni ko’chaga chiqishga majbur qildi. Bizda achinish holatlari bo’ladiki, musulmon davlatlari, mayli, u arab dunyosi bo’lsin, mayli boshqa o’lkalar bo’lsin, xalq bilan hokimiyat o’rtasida o’zaro tushunish, dinni hurmat qilish hissi bo’lsa, ham o’zining, ham boshqalarning huquqini hurmat qilishsa, yaxshi bo’lardi”, - deya mulohaza yuritadi shayx.

Misrliklar ko'z yoshi

Oddiy odamlar ham, ziyolilar ham arab dunyosidagi g’alayonlar va Qirg’izistondagi to’qnashuvlarda o’xshash jihatlarni ilg’aydi.

“Qirg’izistonda prezidentlar tez-tez almashdi. Odamlar korrupsiya, adolatsizlikdan to’yib, isyon ko’tardi. Bu inqilob boshqa davlatlar, jumladan, Tunisga ham ta’siri bo’ldi deb o’ylayman”, - deydi professor Arap Anarbayev.

Shayx Sodiqjon Kamolov odam har qanday fojeadan hazil qilib, ko’nglini sal bo’lsa-da ko’tarishi mumkin ekan, deydi.

“Bular Qirg’izistonda o’rnak oldi deb kulayapmiz. Bizning region musulmon olamining bir bo’lagi. Xalq respublika tuzumini qo’llab-quvvatlagan bo’lsa, demokratik, fuqarolar hurmat qiladigan bir yo’lga o’tsa, menimcha bu salbiy hodisalar o’z-o’zidan yo’q bo’lib ketadi”, - deydi Kamolov.

Qirg'iziston, 2010 yilning apreli

Arab davlatlaridagi isyon Markaziy Osiyoga qanday ta’sir qilishi mumkin degan savol tug’iladi.

“Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboyevning oxirgi qarorini oling. 2020 yilgacha prezident bo’lib qolish haqidagi taklifni rad etdi. O’rniga saylovlarni ertaroq o’tkazaylik deydi. Qo’zg’olonlar boshqa davlatlarda ham aks-sado berishi aniq”, - deydi siyosatshunos.

“Qayerda yakkaxonimlik bo’lsa, faqat bir kishining huquqi ustunlik qilsa, o’sha yerda xalq bosh ko’targanining guvohi bo’layapmiz”, - deydi shayx Kamolov.

Xalqaro maydonda ro’y berayotgan to’ntarishlar barcha rahbarlarga saboq bo’lishi kerak, deydi siyosatshunoslar.

“Aks holda beg’am rahbarlar mana shunday qo’zg’olonlar bilan yuzlashishi tabiiy”, - deydi ular.