Qirg’zistonda shu oy boshida o’tgan parlament saylovlari mamlakat tarixida eng toza va shaffof jarayon deb tan olindi. Shu bilan birga, eng kommersiyalashgan, eng sermablag’ saylovlar ham shu bo'ldi. Partiyalar nafaqat tashviqot av targ’ibot ishlari uchun ulkan mablag’ sarflashdi. Ovozlarni sotib olish misli ko’rilmagan darajada ommaviy tus olgani aytilmoqda. Bir ovoz uchun joylarda qator partiyalarning vakillari 500 dan 5-6 ming so’mgacha bergani ma’lum. Partiyalarning saylov jamg’armasi qanday manbalardan tashkil topgan? Nazorat bormi? Qonun nima deydi? Saylovlarning o’ziga xos savdo-sotiqqa aylanishi qanday oqibatlarga yetaklashi mumkun?
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
Bishkeklik tahlilchi Abdumo’min Mamaraimov bir necha yil Qirg’iziston Markaziy saylov komissiyasida faoliyat yuritgan. U saylovlar atrofida kechayotgan jarayonlar bilan yaxshi tanish.
“Qonunda siyosiy partiyalarning saylov jamg’armasi qanday manbalardan va qay miqdorda tashkil topishi mumkinligi, qanday maqsadlar uchun sarflanishi aniq-ravshan yozib qo'yilgan. Ammo qonunlarni chetlab o’tish “san’ati” ham bizda yuqori darajada ekani ma’lum”, - deydi Mamaraimov.
Kuzatuvlarga ko’ra, partiyalar saylovchilar ovozini odatda ikki usul bilan sotib oladi. Biri - mahalliy hamjamiyatlar uchun muhim ijtimoiy-maishiy obyektlar qurib berish (masalan, qishloq yo’llarini ta’mirlash, ko’prik solish, suv shohobchasi o’tkazish, elektr transformatori o’rnatish va hokazo - odatda bu ishlar saylovdan ancha avval, saylov jamg’armasiga tegishli bo'lmagan holda amalga oshiriladi). Ikkinchisi - saylov arafasi yo saylov kuni ishonchli vakillar orqali odamlarga pul tarqatish.
Qizig’i shundaki, avvalgi yillardan farqli, ushbu ko’rinish jamiyatda ham, mulozimlar orasida ham jiddiy tashvish uyg’otmayotganday. Matbuot ham jim.
“Umuman olib qaraganda, jamiyat shu yo’nalishda ketayapti, saylov - bozor, deganday. Odamlar shunga ko’nikib qoldi… Vaqt o’tgan sayin, turmush farovonligi ortishi bilan, odamlarda bunday “foyda” olishga, “aldanishga” ehtiyoj susaya va yo’qola boradi”, - deydi Mamaraimov.
Suhbatdoshning aytishicha, ayni paytda ovoz berish jarayonida aholining sust qatnashgani saylovlarga bo’lgan ishonch darajasidan va odamlarning o’z mustaqil pozitsiyasi borligidan dalolat beradi.
O’shdagi “Luch lotosa” nomli jamoatchilik jamg’armasi ko’pdan buyon partiya qurilishi hamda saylov masalalarini o’rganib keladi. Ushbu nodavlat tashkilot rahbari Bolush Saiyev deydiki, partiyalar avvalgi parlament saylovlariga nisbatan bir necha barobar ko’p mablag’ to’plagan. Ammo bu pulni sarflash jarayonini to’la nazorat qilish mushkul.
O’lkada ovoz sotish va sotib olish odatiy hol bo’lib qolmaydimi? Adolat, xolislik, toza saylov, degan tushunchalarga ishonch ne kechadi?
Bo’lush Saiyev nazarida saylovchilar ovozi bilan savdo qilish amaliyotining oqibatlari achinarli va xavfli bo’lishi mumkin. Uningcha, mazaxo’rak bo’lib qolgan badavlat guruhlar jamiyat fikrini pulga sotib olish, pul bilan o’zgartirish, shakllantirish, pul bilan boshqarishga odatlanib qolishi ehtimoldan xoli emas.
“Ikkinchi tarafdan, qonun chiqaruvchi tizimning potensiali, kasbiy salohiyati pasayishi tayin. Chunki pul bilan deputatlik maqomiga ega bo’lgan shaxslar parlamentga kelishi ehtimol munosib insonlar yo’liga g’ov bo’ladi. Bu ko’rinish siyosiy partiyalarning ichki hayotiga, tartib darajasiga, partiya saflarining sifatiga shikast yetkazadi. Hozirning o’zida partiyalar ichida nomzodlar qo’shgan pul va egallagan o’rin atrofida talash-tortish ketmoqda”, - deydi Bo’lush Saiyev.
Suhbatdosh fikricha, saylovchi ovozi, vijdon erkinligi, demakki inson haq-huquqlari kabi qadriyatlarning savdo-sotiq manbaiga aylanishi jamiyatni ma’naviy inqiroz sari yetaklaydi.
Saiyev deydiki, bu nojoiz amallar, jumladan, saylovchi ovozini pullashning oldini olish uchun Saylov kodeksiga tegishli aniq-ravshan qo’shimcha kiritish lozim.
“Ijobiy siljishlar ham bor. Iloji boricha, saylovlarga bo’lgan ishonchni qaytarishga harakat qilish lozim. Bu o’rinda mamlakatda siyosiy iroda ham, xalq istagi ham mavjud”, - deya xulosa qiladi Markaziy saylov komissiyasining sobiq a’zosi, tahlilchi Abdumo’min Mamaraimov.