Qirg’izistonlik adiba fikricha xalqning ma’naviy dunyosini boyitish kerak

  • Amerika Ovozi

“Xalqning ruhiy dunyosini boyitishga harakat qilish kerak. Sabr-qanoat bilan ish ko’rish kerak, deb odamlarga o’rgatish bizning burchimiz".

Qirg’izistonlik adiba va jamoatchi arbob Salima Sharipova el-yurt nazariga tushgan kishilardan. U ayollar mavqeini oshirish va tinchlikni targ’ib qilib keladi. Uning aytishicha, janubdagi fojea asoratlari bilan olishish, jarohatlarni davolash mumkin. Buning uchun xalqning ma’naviy dunyosini boyitish zarur.

Salima Sharipova ayollar masalasida yaqinda Chernogoriyada bo’lib o’tgan yirik xalqaro anjumanda qatnashgan.

“Chegarasiz dialog: XX1 asrnig ayollari” nomli konferensiya edi. Jenskaya narodnaya diplomati va rus tilining sifati kabi masalalar ko’tarildi. Har ikki mavzuda o’zimning tezislarim va qarashlarimni yubordim. Ikkisi ham o’tdi. 18 davlatdan vakil qatnashdi”, - deydi ayol.

Adiba Qirg’iziston janubida ro’y bergan to’qnashuvlar ortidan vaziyatni iziga solish hamda xalqlarni yarashtirish yo’lida jonbozlik ko’rsatib keladi.

“Biz onalar birlashib turib, 12 iyundan boshlab, 23 iyunga qadar mahallama mahalla yurdik. Yaqin sezgan odamlarimni chaqirib, LTR kanalida soat 11 da va 4 da xalqqa murojaat qildik. O’zimizning fikrlarimizni aytib, ikki tomonni tinchlanishga chaqirdik. O’zi ayol kishida, ayniqsa, onada millatchilik degan narsa bo’lmaydi. Men qirg’iz onasi bo’lib turib, mayli, o’zbekniki qirilib ketaversin, mening bolalarim tinch bo’lsa bas, degan ona emas”, - deydi muallif.

Janubdagi ayollar uyushmalari so’nggi oylarda qandaydir amaliy qadamlar tashlayaptimi bu borada degan savolga u shunday javob beradi:

“Faol ayollar birlashib, murojaat qabul qildik va butun dunyoga yubordik. Asosan to’rt shartni olg’a surganmiz. Birinchidan, qirg’inni boshlagan odamlar xalqning oldiga olib chiqilishi kerak. Qirg’izmi, o’zbekmi, shu jinoyatni amalga oshirgan odamlar xalqning ko’ziga qarashi kerak. Ikkinchidan, xalqning qo’lida yurgan qurolni to’plash kerak. Uchinchidan, ideologiyani qayta, tubdan ishlash kerak”, - deydi Salima Sharipova.

Salima Sharipova hayot, muhabbat va zamonning dolzarb muammolariga doir asarlari bilan nafaqat Qirg’iziston, balki qo’shni davlatlarda va Rossiyada ham o’z muxlislariga ega.

Serg’ayrat ayol odamlarning og’irini yengil qilishga, so’z va amaliy ish bilan dalda berishga urinadi. Qahraton qishda u Afg’onistonga insonparvarlik yordami olib boruvchi karvonlar tarkibida bo’lgan. Salima opa ziddiyatlarni bartaraf etishda ayollar roli beqiyos deb biladi. Ayollar diplomatiyasining o’ziga xosligi nimada?

“Negaki, ayolning, onaning o’rnini hech kim bosa olmaydi. Uning yuragi o’zgacha. Allohim bizni yaratganida, butun dunyoni sevadigan qilib yaratgan. Sizga yaxshi bo’lsin, mening bolamga ham yaxshi bo’lsin deb turadi. Bu faqat onalarga berilgan xususiyat. Erkarlarda bu xususiyat yo’q, menimcha. Novqatda necha-necha ayollar bilan uchrashib, gaplashdim. Mana shu uchrashuvlar samarasi bilan qalpoq-do’ppilar quchoqlashib, yana yarashayapti”, - deydi u.

Salima Sharipova inson aql-idrokiga, uning qudratiga ishonadi.

“Xalqning ruhiy dunyosini boyitishga harakat qilish kerak. Sabr-qanoat bilan ish ko’rish kerak, deb odamlarga o’rgatish bizning burchimiz. Allohim aytar ekan – men odamni ulug’ yaratganman. Odam ulug’, shuning uchun men unga tanlash huquqini berganman, deb. Inson yomonlikni tanlasa, albatta buning jazosi bor. Odamlar buyuklikni, mehribonlikni tanlashi kerak. Biz shuning uchun yaralganmiz”, - deydi adiba.