Qirgʻiziston Bosh vaziri Sadir Japarov 15-oktabr tunida prezidentlik vazifasini bajaruvchi va bosh vazir xizmati oʻziga oʻtganini bildirdi. U ushbu maʼlumotni Bishkekning eski maydonida toʻplanib turgan tarafdorlari oldida bildirib, shunday dedi:
“Sobiq prezident Sooronbay Jeenbekov oʻz arizasini yozib berib ketdi. Parlament spikeri Qanat Isayev uning vazifasini bajarish mumkin emas ekan deb oʻz arizasini topshirdi. Bugun prezidentning vazifasini ijro qiluvchi va bosh vazir degan xizmat menga oʻtdi”.
Avvalroq Qirgʻiziston prezidentiga qarashli president.kg sayti Sooronbay Jeenbekovning qirgʻizistonliklarga murojaatini eʼlon qilgan edi. Unda Jeenbekov isteʼfo berishga qaror qilganini bildirgan.
"Ozodlik" videosi:
Your browser doesn’t support HTML5
Jeenbekovning isteʼfosini bir necha kundan beri talab qilayotgan Sadir Japarovning tarafdorlari va ayrim siyosiy partiyalar 15-oktabrda davlat qarorgohi yonida toʻplangani xabar qilingan edi. Bu orada qarorgoh oldida kuch ishlatar tizimlarning xodimlari ham yigʻila boshlagan.
Jeenbekov murojaatida ikki tomon oʻrtasida qon toʻkilishini istamasligini aytgan.
“Oxirgi vaziyat ikki tomonning toʻqnashuv ehtimolini paydo qildi. Bir tomonda mitingga chiqqanlar, ikkinchi tomonda kuch idoralari turibdi. Ikki taraf toʻqnashadigan boʻlsa, qon toʻkilib ketadi. Davlat qarorgohini himoya qilish uchun harbiylar, kuch idoralari qurol qoʻllashga majbur. Ikki tarafni ham provokatsiyaga uchmaslikka chaqiraman”, - deydi prezident murojaatida.
U, shuningdek, Japarov va boshqa siyosatchilarni oʻz tarafdorlarini mamlakat poytaxtidan olib chiqib, bishkekliklarga tinch hayotni qaytarishga chaqirgan.
Buni ham ko'ring Qirg'izistonda sobiq mahbus bosh vazir bo'ldiAvvalroq Jeenbekov yangi hukumatni qabul qilib, mamlakat huquqiy maydonga qaytgandan keyin xizmatdan ketishga tayyor ekanini bildirgan. Ammo Bosh vazir Sadir Japarovning tarafdorlari ekani aytilayotgan norozilar va ayrim siyosiy partiya vakillari 14-oktabrda Jeenbekovning zudlik bilan isteʼfoga ketishini talab qilib, prezident qarorgohi tomon yoʻl olgan.
Ular Sadir Japarovning “hozircha mitingni toʻxtatib tarqalinglar. Ertagacha kutib turinglar, prezident ketishiga oz vaqt qoldi”, degan soʻzlari ham ularni toʻxtatib qololmagan.
Siyosatshunos Emil Joroyev fikriga koʻra, yagona qonuniy hukumat vakili qatori tan olingan Sooronbay Jeenbekovning xizmatdan ketishi xalqaro aloqalarga putur yetkazadi.
“Xalqaro maydonda qonuniylikka erishib, boshqa mamlakatlar ham hukumatni tan olishining yagona yoʻli – saylov oʻtkazib, hukumatga legitim parlament va hukumatning kelishi kerak”, - deydi u.
Bu orada, Sooronbay Jeenbekovning isteʼfo berishi uning kuchsiz ekanini koʻrsatadimi yoki u toʻgʻri qaror qildimi degan savollar muhokama qilina boshladi.
Buni ham ko'ring Qirg'izistonda davlat to'ntarishi yuz berdimi yoki inqilob?Sotsiolog Almaz Ibrayev Jeenbekovning prezidentlikdan ketishi kuchsizligini emas, balki xalqning tinchligi va birligini saqlab qolish niyatida ekanini anglatadi, deb hisoblaydi.
“Prezident oʻz soʻzida turdi. U hukumat tarkibi va bosh vazir tasdiqlangandan keyin xizmatdan ketishini aytgandi. U xalq tinchligini saqlab qolish maqsadida oʻz vazifasini topshirdi”, - deydi sotsiolog.
U Qirgʻizistondagi hozirgi siyosiy vaziyatni juda murakkab deb hisoblaydi. U parlament va Sadir Japarov bosh boʻlgan hukumat birgalikda vaziyatni barqarorlashtirishi lozim, deydi.
“Bizning bosh vazirni birinchilardan boʻlib Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov tabrikladi. Albatta, bu yaxshi. Xalqaro jamoatchilikda tutgan oʻrnimiz biz uchun juda muhim. Biz eng avvalo qoʻshni davlatlar bilan, soʻngra strategik hamkorlarimiz boʻlgan Rossiya va Gʻarb davlatlari bilan yaxshi aloqada boʻlishimiz lozim. Shuning uchun Qirgʻizistonda siyosiy vaziyatni tezlik bilan barqarorlashtirish zarur”, - deydi Almaz Ibrayev.
U yangi hukumat oldida pandemiyaning ikkinchi toʻlqini, tashqi qarz va qish mavsumi kabi muammoli sinovlar turganini va hukumat chindan ham adolatli hamda yaxshi ishlasa, oʻz oldidagi muammolarni hal qila oladi degan fikrni bildirib oʻtdi.
Sobiq hukumat rahbari Feliks Qulov esa prezidentning isteʼfosi kutilmagan qaror boʻlganini bildirgan. Bu haqda “Ozodlik”ning Qirgʻiz xizmati yozib, Qulov prezidentning jamoat arboblari bilan boʻlgan soʻnggi uchrashuvida qatnashganini va soat birda tugagan bu yigʻinda prezidentning xizmatdan ketishi haqida aytilmagan, degan soʻzini keltirgan.
Buni ham ko'ring Qirg'iziston ahli: eski siyosatchilardan charchadik“Sooronbay Jeenbekov mamlakatdagi siyosiy vaziyat barqarorlashgandan keyin ketishini aytgan. Uchrashuv tugagandan keyin qarorgohdan chiqayotib, Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyevni koʻrib qoldi. Shundan keyinroq Jeenbekovning xizmatdan ketgani haqida maʼlumot chiqdi. Men juda hayron qoldim. Endi Sooronbay Jeenbekov xizmatdan ketishi haqida Jogorku Keneshning yigʻinida aytsin. U yerga deputatlar, bosh prokuror, Oliy sudning va Konstitutsion palataning yetakchilari, bundan tashqari Sadir Japarov bilan Qamchibek Tashiyev ham qatnashishi kerak. Barcha savollarga oʻsha yerdan javob olishimiz kerak”, - deb aytgan Feliks Qulov.
4-oktabrda oʻtgan parlament saylovlarining natijasidan norozi boʻlgan siyosiy partiyalarning vakillari va boshqa norozi taraflar ishtirokida 5-oktabrda bir necha kunga choʻzilgan muddatsiz mitinglar boshlangan. Namoyishchilar parlament saylovi qonunbuzarlik bilan oʻtganini bildirib, natijani bekor qilishni talab qilgan.
6-oktabrda namoyishchilar “Oq uy”ni bosib oldi. Ayni kunda ayrim siyosatchilar tarafdorlari tomonidan qamoqdan ozod qilingan. Ularning orasida hozirgi bosh vazir Sadir Japarov ham boʻlgan. Keyinchalik u sudga murojaat qilgach, uning ishi qayta tergovga joʻnatilgan.
Muddatsiz miting talabi bilan parlament saylovining natijasi bekor qilindi. Ammo bundan keyin namoyishchilar Sadir Japarovning bosh vazir etib tayinlanishini talab qila boshladi. Jogorku Keneshning 14-oktabrdagi tezkor yigʻinida Japarov Qirgʻiziston bosh vaziri lavozimiga bir ovozdan saylanib, hukumatning taklif qilingan tarkibi va tizimi qabul qilindi.
Sadir Japarov bosh vazir boʻlgach, norozilar Sooronbay Jeenbekovning isteʼfosini talab qila boshladi. Jeenbekov isteʼfo berdi.
Sooronbay Jeenbekov 2017-yili 15-oktabrda oʻtgan prezidentlik saylovida gʻalaba qozonib, davlat rahbari boʻlgan. Oradan uch yil oʻtib, 5-oktabrda boshlangan muddatsiz mitinglar ortidan 15-oktabrda isteʼfo berganini eʼlon qildi.
BMT vakili Bishkekda
Qirg’izistondagi vaziyatni yaqindan kuzatyapmiz, deydi Birlashgan Millatlar Tashkiloti so’zlovchisi Stefan Dujarik.
“Qirg’izistondagi barcha guruhlarni tegishli qarorlarni inklyuziv va oshkora tarzda, konstitutsiyaga amal qilgan holda qabul qilishga chaqiramiz”, - deydi u.
BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili Natalya German Qirg’izistonga safar qilmoqda. Dujarikning aytishicha, German inqirozni tinch yo’l bilan hal qilish uchun barcha tomonlar bilan muloqot boshlaydi.