Qirg’izistonda hozirgi qonunchilar va rahbariyatdan norozi tashkilotlar tuzgan guruh muqobil parlament va soyadagi hukumat nomi ostida boshqaruv faoliyatini kuzatib bormoqda.
Ushbu guruh parlamentga kira olmagan 20 siyosiy partiya va uyushmalardan iborat.
Bu muqobil hukumatda 15 kishi bor va ular rasmiy hukumat rejalariga alternativ tarzda o'z dasturlarini taqdim qiladi. Muxolifat bu harakatini davlat tizimining sustligi va salohiyati pastligi bilan izohlamoqda.
Jamoatchilik qanday fikrda?
“Men bu ko’rinishda biron yomon narsani ilg’amayman. Dunyo amaliyotida bunday narsalar bor. Bu soyadagi tizimni rasmiy davlat tizimlari ishiga turtki berish maqsadida tuzilgan jamoatchilik tashkiloti deb hisoblayman”, - deydi O’sh davlat universiteti professori Arap Anarbayev.
O’shlik ziyoli Akrom Akbarov nazarida esa masalaning ikkinchi tomoni ham bor.
“Aytaylik, ushbu 20 partiya parlamentga o’tganda, o’tmay qolganlar ham shunday yo’lni tutishlari mumkin edi. Demoqchimanki, yangi Qirg’izistonda har doim muxolifat kuchli bo’lgan va qandaydir amaliy harakatlarga intilgan”, - deydi u.
Qirg’izistonning yangi parlamenti va hukumati o’tgan yil kuz oxirida ish boshlagan bo’lib, aholi mamlakat hayotini izga solish borasida ularga katta umid bog’lagan. Ammo hozircha sezilarli natijalar ko’zga tashlanmayotir.
“Deputatlarimizning bir qismida madaniyat va tajriba yetishmayotgani tayin. Har kim ko’proq o’z siyosiy qarashlarini olg'a surishga urinayapti. Deputatlar orasida millatchilik yaqqol ko’zga tashlanmoqda. Asossiz va’dalar ko’p. Oddiy misol – hukumat o’qituvchilar, shifokorlar, byudjet hisobiga ishlaydiganlarning maoshlarini ko’paytirishni va’da qilgan. Ammo buning uchun mablag’ qayerdan olinishini aytish qiyin. Byudjet qamomadi 21 milliard so’mni tashkil qilmoqda”, - deydi Akrom Akbarov.
Siyosatshunos Arap Anarbayev fikricha mukammal, xalqqa sidqidildan, hormay-tolmay xizmat qiladigan hokimiyatni sayladik deyishga asos yo'q.
“Ammo ular ham Qirg’iziston kelajagini o’ylayotgan og’lonlar. Taqdir ekan, ular saylovda yengib chiqdi. Lekin hech qaysi partiya mutlaq g’alabaga erish olmadi”, - deydi ziyoli.
Qator siyosatshunoslar va huquq himoyachilari hozirgi parlamentning professional darajasini avvalgi parlamentlar saviyasidan bir muncha past deb hisoblaydi.
Qirg’iz matbuoti parlament tarkibida tasodifiy shaxslar, har xil guruhlarga yaqin odamlar talayligidan tashvish bildirib keladi.
“Men ham oldin shunday fikrda edim. Hozir esa ishlariga qarab, fikrimni o’zgartirayapman. Ushbu parlamentning ham yaxshi jihatlari bor va ular yomon tomonidan ko’ra ko’proqligini ko’raman degan odam ko’radi”, - deydi professor Arap Anabayev.
Oddiy xalq orasida amaldagi parlament koalitsiyasi uzoq muddat va samarali ishlab ketishi, hukumat esa mamlakat iqtisodiy tanazzuldan olib chiqishiga ishonch katta emas.
Soyadagi hukumat ham hali o’zini ko’rsata oladimi, yo’qmi, noma’lum.
Qirg'iziston janubidan so'nggi tasvirlar: