Iyun oyida Qirg’iziston janubidagi zo’ravonliklar internetda keng yoritildi. Internet yoshlar uchun ham ovunchoq, ham axborot vositasiga aylangan.
Facebook, YouTube va Twitter singari ommabop aloqa tizimlarida o’tirib bahs qilishadi, axborot ulashishadi.
Shu yo’l bilan balki yuzlab oilalar hayoti saqlab qolindi degan fikrlarni ham eshitasiz.
Facebook sahifasida “Hozir nima qilayapsiz?” degan satr bor. Unga asosan yengil javoblar yoziladi: “Kitob o’qiyapman”, “Kayfiyatim yaxshi” degandek.
Yoz boshida u yerda “Uyim kuydi”, “Otamni o’ldirishdi”, “Akam yo’qoldi”, “Bizni qutqaring” degan nidolarni o’qidik.
Qirg’iziston janubidagi qirg’in paytida va undan keyin internet va undagi ommabop sahifalar qayta kashf qilindi desak xato bo’lmaydi.
Facebook, YouTube, Twitter va har xil bloglarda fikrlar shu qadar qaynadiki, kechagina hangoma ulashib o’tirgan o’zbeku qirg’iz achchiq gaplar bilan bir-birining dilini og’ritib, uzib-uzib olishga oshiqdi.
Siyosiy bahslar, sen sart, sen qirg’iz deb ajratishlar alanga olib, do’stlar bir-biridan yuz o’girdi. Nargiza ismli o’zbekistonlik mana bu talaba qiz hammasida hissiyotda ayblaydi.
“Facebook sahifasidan O’sh va Jalol-Obodda bo’layotgan voqealar haqida biror yangilik olganim yo’q. Shunchaki odamlar o’z fikrini bildiradigan joy deb hisoblayman. Facebookdagi barcha suhbatlar, menimcha, 90 foiz hollarda faqat hissiyot edi. Odamlar faktlarni bilib-bilmasdan jahli chiqib, bir-birini xafa qildi”, - deydi Nargiza.
Qirg’izistonlik talaba Aymona nazarida nafratga to’la gaplar do’stlardan emas, ismini ham ochiq-oydin yozmaydigan kimsalardan chiqdi.
“Odamlar har xil taxalluslardan foydalanishdi. “O’zbek ekanimdan mag’rurman” yoki “qirg’iz o’g’li” kabi nomlar ostida kirib, do’q-po’pisa qilishdi. Tanishlar emasdi ular”, - deydi u.
Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro jamg’arma vakili, adibning qizi Shirin Aytmatova iyun boshida Qirg’iziston janubida, O’sh va Jalol-Obod viloyatlarida bo’lib, odamlarning dodini tingladi, manzarani video tasvirga oldi.
“O’zbek aholi biz bilan astoydil ishladi, ichidagini ochiq-oydin to’kib soldi. Tasvirlarni olishda birov halaqit berdi deya olmayman. Bu surat, videolarni qayerda, qanday formatda e’lon qilishni o’ylab boshimiz qotdi avvaliga. Keyin esa Facebookda alohida sahifa ochib, hammasi o’sha yerga joyladik",- deydi u.
"Avvaliga odamlar ustimizdan kulishdi, foydasi yo’q, deb. Keyin-keyin qo’ng’iroqlar, xatlar ko’paydi. Kimdir rahmat aytsa, boshqalar tanqid qildi. Asosan, qirg’iz xalqi nuqta-nazaridan yondashsak-da, xolis bo’lishga urindik”.
Shirin Aytmatova nazarida global tarmoqdagi bu saytlar ayniqsa yoshlar qo’lida kuchli qurolga aylanmoqda.
“Masalan, Markaziy Osiyo miqyosida Facebookni oladigan bo’lsak, bu yoshlar gurung qiladigan saytgina emas. Axborot uzatish kanaliga aylanib qoldi. Kasbi jurnalist bo’lmasa-da, yigit-qizlar unda xabar-videolar ulashdi, alohida informatsiya maydoni yuzaga keldi”,- deydi u.
Qirg’iz-o’zbek farzandi Damira Qamchibekova internetdagi bu sahifalar yordamida O’shdagi qarindoshlariga yordam bera oldi.
“Facebook orqali do’stlar bilan bog’landim, regiondagi ahvol haqida xabardor bo’lib turdim. Odamlar internetdan chiqa olmay qoldi – soatlab tortishib, vahshiyona videolarni tomosha qildi. Qaysidir payt tinkam qurib, internetga umuman kirmay qo’ydim”, - deydi Damira.
O’sh va Jalol-Oboddagi etnik to’qnashuvdan so’ng global tarmoqda totuvlikka, o’zbek-qirg’iz adovatini tugatishga da’vat etuvchi sahifalar paydo bo’ldi. Ular orqali jabrlangan insonlar, qochqinlar uchun mablag’ jamg’arildi.
Nigora asli o’shlik, hozir Qo’shma Shtatlarda yashaydi.
“Qirg’in paytida qo’shni davlatlar – Qozog’iston va Rossiyaga, umuman xorijga ketishga qaror qilgan insonlar kimga, qanday qilib murojaat qilish kerakligini Facebook orqali so’rab-surishtirdi”, - deydi u. “Bu saytlarda xalqaro gumanitar tashkilotlar haqida, kim bilan gaplashish kerakligi haqida ham to’liq axborot bor edi”,- deydi u.
Yana bir ommabop sahifa, videolar manbai – YouTube hozir Qirg’iziston janubidan tasvirlarga to’la. Axborot agentliklari olgan videolar, o’zbeku-qirg’iz uyali telefonga tushirgan rasmlar…
“Odamni bir sekundda yig’latib yuboradigan vahshiyliklar videoga olingan",- deydi Nargiza, talaba qiz.
"O’zim ham mana shunday videolarni Facebookka qo’yganman. Maqsad odamlarga ko’rsatish. Uni ko’rganlar fikrini yozadi, hissiyotlarini to’kib soladi. Menimcha, bu videolar odamlarning dardi otilib chiqishiga juda yaxshi yordam berdi”,- deydi u.
Internet, ayniqsa, yopiq jamiyatlarda fuqaroning quroliga, hukumatning esa bosh og’rig’iga aylanib bormoqda. Global tarmoq suvning jo’mragi emas, burab qo’ya olmaysiz.
Endi biror yerda qo’zg’olon, qirg’in, to’polon bo’lsa, bir uchi albatta mana shu saytlardan chiqib qoladi va dunyo undan xabar topadi. Markaziy Osiyo davlatlari ham Qirg’iziston misolida bunga amin bo’lmoqda.