Qirg'iziston: Yangi rahbarlar hokimiyatga tasodifan qaytib kelgan eski arboblar

Prezident Roza Otunbayeva va Bosh vazir Almazbek Atambayev o'tgan yilning 7 aprelidagi qo'zg'olonda halok bo'lganlarni xotirlash marosimida, Bishkek

Qirg’izistonda 2005-yilda Askar Akayevni prezidentlikdan ketishga majbur qilgan inqilobchilardan biri Zamira Sidiqova Qurmanbek Bakiyev davrida AQShda elchilik qildi.

O’tgan yili Bakiyev hokimiyatdan quvib yuborilgach, sobiq safdoshi Roza Otunbayeva uni darhol ishdan oldi. Zamira Sidiqova vatanga qaytmay, Vashingtonda siyosiy konsultantlik qilishni boshladi. Arbob Qirg’izistonda so’nggi bir yil ichida yuz bergan fojialarda Bakiyev va uning urug’-aymoqlarini hamda endilikda hukmron doiralarni ayblaydi.

Zamira Sidiqova, Qirg'izistonning AQShdagi sobiq elchisi

Birinchidan, deydi Zamira Sidiqova, o’tgan yilning aprel oyida hech qanday inqilob bo’lgani yo’q. Asl inqilob 2005 yilda bo’lgan. Ikkinchidan, mamlakatda hamon yulg’ich va vijdonsiz odamlar rahbarlik qilmoqda. Uningcha, O’sh va Jalol-Oboddagi qonli voqealar ketidan o’tgan referendum va parlament saylovlari ham demokratik jarayonlar emas. Sobiq diplomat ko’plab misollar keltiradi.

Bu gaplar hech kimga yangilik emas, deydi uning fikrini tinglagan yurtdoshlari. Anvar Bugazov, Bishkekda Qirg’iz-Rus Slavyan Universitetida falsafadan dars beradi. Ayni damda Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida (Johns Hopkins University) “Fulbright” stipendiyasi sovrindori sifatida izlanishlar olib bormoqda.

Anvar Bugazov, faylasuf, Bishkekda Qirg’iz-Rus Slavyan Universiteti professori

“Demokratiya nima ekanini bilamiz deyish bilan ish bitmaydi, uni eplay olish kerak”,- deydi professor.

Qirg’izistonni shu kungacha kim boshqarmasin, faqat qonunga tupurish va korrupsiya bilan band bo’ldi.

To’g’ri, fuqaro jamiyati ildiz otdi, erkinlik va oshkoralik sari qadam ham tashlandi. Lekin rahbarlarning birortasi xalq ishonchini qozona olmadi, buning uchun nima qilmoq zarurligini anglab yetmadi ham. Mamlakatning yaqin kelajagini bashorat qilish qiyin, deydi Anvar Bugazov.

“Biz demokratiyamiz deb qanchalik bong urmaylik, uning mag’zini chaqa olmayapmiz, hozircha faqat tartibsizlik”,- deydi u.

Alisher Hamidov, o'shlik olim

O’shli tahlilchi Alisher Hamidov yaqinda Amerikada doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Uning fikricha, Qirg’iziston – surunkali siyosiy kasalliklar changalida. Elita, uyushgan jinoyatchi guruhlar, tashqi kuchlar va yolg’onchi arboblar qo’lida o’yinchoq. Asqar Akayev ham, Kurmanbek Bakiyev ham hokimiyatni mana shu doiralar ta’siri ostida boy berdi.

Akayevning qilgan bir ezgu ishi, deydi u, etnik totuvlikka urg’u bergani. Bakiyev davrida buning aksi kuzatildi. Prezidentlar, ayniqsa Bakiyev, deydi Alisher Hamidov, xavfsizlik kuchlarini yaxshilashga diqqat qaratmadi, natijada ular na xalqni va na tuzumni himoya qila oldi.

“Qirg’iziston bugun ham mana shu girdob ostida. Yangi rahbarlar hokimiyatga tasodifan qaytib kelgan eski arboblar. Ular olg’a surgan parlament tizimi mamlakatdagi tub muammolarni yecha olishiga ko’zim yetmaydi, chunki bu sistema ham nayrangboz odamlar qo’lida”.

Ekspert fikricha, Qirg’izistonda olti o’ta dolzarb muammo yechimini kutmoqda:

Mamlakat surunkali siyosiy kasalliklar changalida, deydi Alisher Hamidov, va uni davolash uchun biror effektiv chora ko'rilmayapti.

Birinchidan, huquq-tartibot organlari yaroqsiz.

Ikkinchidan, iqtisodiyot eni zaif nuqtaga yetgan.

Uchinchidan, na markazda, na mahalliy darajada kim rahbar ekanini bilib bo’lmaydi.

To’rtinchidan, O’zbekiston bilan chegaraviy kelishmovchiliklar.

Beshinchidan, yangi hukumat xalqning oddiy talablarini qondira olmayapti.

Oltinchidan, oldi olinmasa, tartibsizliklar yana avj olishi, balki yana bir “inqilob” tomon yo’nalishimiz mumkin.

Bu yil Qirg'izistonda yangi prezident saylanadi

Vashingtonda Qirg’iziston taqdiri haqida shunday xavotirli so’zlar yangrayotgan bir paytda Amerika rasmiylari mamlakat xususida umidga to’la.

Vaziyat murakkab ekani sir emas, deydi Robert Bleyk, AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Kongressga bergan so’nggi hisobotida, lekin Qirg’iziston to’g’ri va demokratik yo’ldan ketmoqda.

Fred Starr, Markaziy Osiyo bo'yicha yetuk ekspert

Markaziy Osiyo yuzasidan yetakchi ekspert Fred Starr nazarida Vashington u yerda nima qilayotganini bilmaydi.

“Butun diqqat Afg’oniston va Manas tranzit markazi ahamiyatida. Obama ma’muriyati obdon o’ylanib, aniq bir strategiya bilan chiqishi kerak. Mahalliy dinamikani tushungan holda, ko’p-yoqlama yordamni o’z ichiga olgan reja yetishmayapti”,- deydi u.

Professor Anvar Bugazov “aybni Amerikadan emas, o’zimizdan qidirish kerak”, deydi.

“Qo’shma Shtatlar o’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda ish tutayapti, nega biz o’z manfaatimiz ustida qayg’urmayapmiz? AQShdan nima xohlashimizni o’zi bilamizmi?” - deya so’raydi u.