Qaddafiy ma’muriyatiga qarshi harbiy chora ko’rsakmi degan savol Qo’shma Shtatlar va ittifoqchi davlatlar muhokamasida.
Liviya uzra parvozlarni taqiqlash haqida gap ketmoqda, Qaddafiy harbiy samolyotlari xalqqa hujumni bas qilishi uchun.
AQSh Liviya yaqiniga harbiy havo va dengiz kuchlarini safarbar etmoqda.
“Bu nafaqat gumanitar, balki boshqa choralar uchun ham zarur”, - deydi rasmiylar.
Vashington Liviya muxolifati bilan aloqada. AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays nazarida avval muxolif guruhlar o’zaro birlashib olishi kerak.
“Ungacha harbiy madad haqida mulohaza qilish noo’rin”, - deb hisoblaydi diplomat
Qo’shma Shtatlar o’tgan hafta Liviyaga sanksiya joriy etgan edi. Kuni-kecha AQShda Qaddafiy va uning oilasiga qarashli hisob-raqamlari, 30 milliard dollar muzatildi.
Davlat departamentining ma’lum qilishicha, Qaddafiy AQShdagi elchisi, o’tgan hafta muxolifat safiga o’tgan Ali O’jaliyni ishdan bo’shatgan.
Elchi lavozimini vaqtincha boshqa diplomat, Qaddafiy sodiq rasmiy egallashi kutilmoqda.
Vashington Liviya rahbari bilan diplomatik aloqani saqlab qolish harakatida.
“Qaddafiy bilan gaplashish va murosaga ko’ndirish uchun shunisi ma’qul. Liviya rahbari mamlakatni tark etmoqchi bo’lsa, bu qarorni qo’llab-quvvatlaymiz”, - deydi Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni.
“Biroq Liviya va rahbari va uning safdoshlari har bir bosgan qadami uchun javob berishi shart”, - dedi Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton, kecha 47 davlat a’zo BMT Inson Huquqlari Kengashida qilgan nutqida.
“Qaddafiyning qonxo’r harakatlariga toqat qilib o’tirmaymiz”, - dedi Klinton.
Prezident Barak Obama va BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun kecha Oq Uyda ko’rishib, Liviya xususida fikr almashgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Ittifoqi kuni-kecha Liviya hukumatini sanksiyalar bilan jazolagan edi.
Qaddafiy ma’muriyati xatti-harakatlarini xalqaro harbiy sudda ko’rish, rasmiylarga viza bermaslik, ularning hisob raqamlarini cheklash va qurol savdosini taqiqlashga kelishib olingan.
Tahlilchilar nazarida Liviyada kurash uzoq davom etadi. Biror tomon g’alaba qilishi mushkul, deydi olima Mishel Dunn.
Ekspert ahvolni qo’rqinchi deya ta’riflar ekan, Liviya fuqarolik urushi domiga tortilsa ajabmas, deydi.