O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning qizi Lola Karimova-Tillayeva Rue89 informatsion saytini sudga berib, u yerda chop etilgan maqolada “diktatorning qizi” degan ibora qo’llangani ustidan shikoyat qilgan edi.
Bugun Parijda matbuot masalalari bo'yicha sud uning da'vosini bekor qilgan.
2010 yilning 20 mayida Rue89 muxbiri Avgustin Skalbertning “SPID – O’zbekistonda xavfli mavzu, Kannda esa tomosha uchun bahona” nomli maqola yozgan.
Skalbert ma'lumot asosli, hamma gaplar fakt ekanini aytadi. Sayt tahririyati nazarida "O'zbekistonni diktator boshqarayotganini isbotlashga hojat yo'q".
Lola Karimova-Tillayeva esa bu manbani tuhmatda ayblab, 30 ming yevro kompensatsiya talab qilayotgan edi.
Xonim - O'zbekistonning UNESCOdagi doimiy vakili.
Parijda asoslangan "Chegara Bilmas Muxbirlar” (Reporters Without Borders) sharhicha, "O’zbekistonda inson huquqlari va matbuot erkinligi bobida ahvol bu qadar ayanchli bo’lmaganida edi, sud ishini mayna qilsa arzirdi”.
“Lola Karimova vatanida bunday nashrning og’zini yumish uchun ishni sudga oshirmagan bo’lardi. Fransiyadan farqli ravishda O’zbekiston sudi adolat qilib o’tirmaydi. Zolimlar va ularning yaqinlari demokratik jamiyatlarda mavjud adliya tizimini o’yinchoq qilishi - ablahlik”.
Matbuot erkinlgini uchun kurashuvchi bu tashkilot izohicha, bu sud ishi "xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolayotgan diktaturani qayta esga solishi mumkin”.
“Mazkur imkoniyatdan foydalanib, Karimov ma’muriyatining qabih xatti-harakatlari, matbuot erkinligi bilan bog’liq vaziyat oy sayin og’irlashib borayotgani haqida jar solamiz”, - deyiladi “Chegara Bilmas Muxbirlar” banoyotida.
Gap bu yerda Lola Karimovaning opasi Gulnora tomonidan Kann shahrida uyushtirilgan xayriya tadbiri xususida ketmoqda. Maqsad, deydi tashkilotlar, immunitet taqchilligi virusiga qarshi kurashni targ'ib qilish bo'lgan.
O’zbekistonda esa o’sha kunlarda bu xavfli kasallikning oldini olish haqida varaqa tarqatgani uchun “xalq urf-odatlariga xilof ish tutganlik” aybi bilan bir yosh faol yetti yilga qamalgan.
Lola Karimova maqolada qo’llangan “diktatorning qizi” iborasidan tashqari, opa-singillar taniqli aktrisa Monika Beluchchiga bu tadbirga kelishi uchun katta pul bergani haqidagi da’voni ham inkor etmoqda. Bu ayblovlar g’irt safsata, deyiladi Karimovaning arzida.
“Qizlari e’tiroz bildirishi mumkin, lekin Islom Karimov O’zbekistonda bor har qanday muxolifatni yanchib, 1989 yildan beri davlatni qamchi bilan boshqarib keladi. Bu degani u – “diktator”, siyosatshunos olimlar ta’rifi shu”, - deydi “Chegara Bilmas Muxbirlar”.
Karimov bu tashkilot tuzgan, “Erkin matbuot dushmanlari” ro’yxatidan ham o'rin olgan.
Tashkilotning ogohlantirishicha, hozirda kamida 11 jurnalist qamoqda va vahshiyona sharoitda saqlanmoqda.
Arab dunyosidagi qo’zg’olonlar, birma-bir ag’darilayotgan diktaturalar Karimovni vahimaga solgani aniq, chunki mamlakatda yil boshidan beri jurnalistlarga nisbatan tazyiq va matbuotni ezish hollari yanada kuchaygan.
O’zbekiton ommaviy axborot vositalari ahli bundan e’tiboran xorij vakili bilan ko’rishishdan oldin hukumatga xabar berishi kerak.
Davlat televideniyesida ishlagan ikki muxbir ayol Saodat Omonova va Malohat Eshonova Toshkent markazida turib, senzura va korrupsiyaga qarshi namoyish qilgach, 2010 yilning dekabr oyida ishdan bo’shatilgan.
Hamma sukut saqlaydigan bu mamlakat uchun kutilmagan jasorat edi bu. Jurnalistlar Vasiliy Markov va Ruslan Karimov Qashqadaryo viloyatida suiqasdlar haqida axborot to’playotib, 5 may kuni hibsga olingan. O’zbekistonda xalq hayotini, kundalik turmushini yoritish jurnalistlarga qimmatga tushadi, deya baho beradi "Chegara bilmas Muxbirlar".
Mobil telefon orqali internetga kirish tobora ommaviy tus olib borayapti. Lekin shu yilning mart oyida uyali aloqa operatorlari hukumatdan ko’rsatma olgan – smslar oqimi oshsa va mazmuni shubhali xabarlar ko’paysa, darhol rasmiylarga xabar berilishi shart.
Qanchalik mushkul bo’lmasin, inson huquqlari bo’yicha "Human Rights Watch" tashkiloti yaqingacha Toshkentda o'z idorasiga ega edi. Biroq mart oyida siyosiy bosim ostida uni yopishga majbur bo'ldi.
Yevropa Ittifoqi va AQSh Islom Karimov va uning ma'muriyati bilan demokratik islohotlar va erkinlik haqida ham gaplashayotganini bildiradi, lekin vaziyat nega yaxshilanmayapti deya so'raydi huquq himoyasi bilan mashg'ul muassasalar.
Shu yilning boshida Newsweek nashri dunyoning eng zolim rahbarlari ro'yxatini chop etgan edi. Unda Islom Karimov, Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov, Liviya rahbari Muammar Qaddafiy, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Shimoliy Koreya yo'lboshchisi Kim Chen Ir kabilar bor.