http://www.youtube.com/embed/8avsdoZ3dKs
18-20 iyul kunlari Bishkekda xalqaro ayollar anjumani o’tmoqda.
Muvaffaqiyat sari Strategiya: Markaziy Osiyo va Afg’oniston Xotin-Qizlari uchun Iqtisodiy Simpozium homiysi – Amerika Qo’shma Shtatlari.
Tashabbus boshida maxsus elchi Melan Vervir (Melanne Verveer) turibdi. Ayollar ravnaqi yo’lida global maqsadlarni amalga oshirish uchun mana shu arbob mas’ul.
Melan Vervir simpoziumdan oldin Toshkentda bo’lib, O’zbekiston rasmiy doiralari va nohukumat tashkilotlar vakillari bilan muloqot qildi.
Bu ayol Amerika tashqi siyosatida, ayniqsa gender masalalari, ayollarning siyosiy-ijtimoiy faolligi yo’lida uzoq yillardan beri muhim rol o’ynab keladi.
Melan Vervir Bill Klinton rahbarligi davrida, 1992-2000 yillarda Oq Uyda ishlagan. Prezident va uning rafiqasi Xillari Klintonning yaqin maslahatchisi bo’lgan.
Mana ikki yildan oshdiki, Xillari Klinton Davlat kotibasi ekan, Melan Vervir maxsus elchi sifatida dunyo kezib, ayollar manfaatini olg’a surmoqda.
Melan Vervir 1997 yilda Toshkentga Xillari Klinton bilan borgan. 14 yildan keyin respublikaga qaytib, ikki mamlakat xotin-qizlari orasida hamkorlikni oshirish ustida gaplashdi.
Safar oldidan biz Davlat departamentida bo'lib, diplomatni suhbatga tortdik.
Bishkekdagi simpoziumdan maqsad nima? Kimlar taklif etildi?
Vervir: “Bular muhim yig’inlar. Uzoq yillik tajribamdan shuni tushunib yetdimki, muammolarni hal etish uchun turli pog’ona, soha, avlod va millat vakillarini bir davraga to’plash va hammani birdek qiynayotgan muammolarni muhokama qilish, takliflarni tinglash kerak. Ayollari siyosiy, iqtisodiy jihatdan faol jamiyatlar ilg’or jamiyatlar ekani hammamizga ma’lum. Ilm ahli ham, biznes ahli ham bunga to’liq qo’shiladi, chunki amalda bu isbotlangan. Ayollar qo’li ostidagi korxonalar iqtisodiy o’sishni ta’minlovchi muhim tarmoqlar. Ish o’rinlari u yerda yaratiladi. Shu bois xotin-qizlarni quvvatlash, ular uchun sarmoya qilish zarur. Tarixdan ma’lumki, kichik bizneslar dunyoning bu qismida hamisha gullab yashnagan. Markaziy Osiyo va Afg’oniston ayollari, sharoit yaxshilansa, tog’ni talqon qilish kuchiga ega. Afg’onistonda mayda tadbirkorlar, ayol ishbilarmonlar mamlakatni qayta tiklay olishga qodir ekanini isbotladi. Shuning uchun, butun mintaqadan kuchli ayollarni bir joyga to’plab, hamkorlikni oshirish haqida gaplashishga qaror qildik. Yordam berishga, quvvatlashga tayyormiz. Jahon Banki, Xalqaro Moliya Korporatsiyasi, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki va boshqa tashkilotlarning vakillarini ham chaqirdik”.
Ayol liderlar bugun regionda qanday ta’sir kuchiga ega deb o’ylaysiz? Qirg’izistonda prezident ayol kishi, O’zbekiston va Turkmanistonda qonunchilik organlariga ayollar raislik qilmoqda. Ular, sizningcha, katta o’zgarishlar qila olayaptimi? Muammolarni hal eta olayaptimi?
Vervir: "Ayollarning yuqori pog’onalarda o’tirishi, davlat ahamiyatiga molik qarorlar qilish vakolatiga ega kursilarni egallashi – ulkan yutuq. Ayol erkakdan yaxshiroq yoki erkak ayoldan yaxshiroq deb tanlash yaramaydi, aksincha, har ikki jins vakillari teng o’tirib, siyosatni belgilay olishi kerak. Chunki, gap bu yerda xalq taqdiri va kelajagi ustida ketadi, shundaymi? Ko’plab jamiyatlarda ayollar asta sekin mana shunday muhim mansablarga o’tirmoqda. Bu yerda yana bir muhim jihat bor. Bu ayollar – yosh avlod uchun namuna. Qizlar ularga qarab havas qiladi, shu yo’ldan borishni orzu qiladi, intiladi, o’rganadi. Aytganingizdek, Qirg’izistonda ayol prezident, O’zbekistonda ayol spiker… Bular juda yuqori lavozimlar. Simpoziumda biz ishbilarmonlik va omilkorlik haqida gaplashamiz, lekin siyosiy faollik unga chambarchas bog’liq. Usiz ayollar o’zgarish qila olishi qiyin".
Afg’onistonda oxirgi 10 yil ichida ayollar hayoti ancha yaxshilandi. Ular bugun yengil nafas ola boshlagan, lekin hayot hamon juda og’ir. Xotin-qizlar faoliyati cheklangan. Amerika harbiylarini olib chiqish taraddudida. Ayollarni quvvatlashda davom etasizmi? Shu kungacha erishilgan yutuqlarni boy bermaslik, ayollar manfaatini himoya qilish uchun qanday konkret dastur va rejalar bor?
Vervir: “Juda yaxshi savol. To’g’ri aytdingiz, afg’on ayollari nimalarni boshdan kechirmadi va kechirayapti. Tolibon davrida ular zulm va jaholatda yashadi. Qizlar bilim ololmadi. Hozirga kelib, mislsiz o’zgarishlar ro’y berdi. Bugun ayollar Afg’oniston kelajagini belgilash salohiyatiga ega. Iqtisodiy taraqqiyot ular qo’lida. Amerika Afg’oniston bu borada faqat oldinga siljisin deydi. Jamiyatning har bir jabhasida xotin-qizlarning fikri tinglansin, rol o’ynay olsin deymiz. Siyosat deysizmi, ijtimoiy masalalar. Tinchlikka erishishda ayollarning xizmati beqiyos. Oliy martabadagi ayolmi, oddiy bir fuqaromi, hukumat ular bilan hisoblashishi shart deb o’ylaymiz. Markaziy Osiyo – qo’shni mintaqa. Afg’on ayollari bu region xotin-qizlari bilan tajriba almashib, bir-birining fikrini tinglay olishi kerak. Bilishimizcha, orada hamkorlik bor va biz mavjud tashabbus va loyihalarni quvvatlaymiz. Yana bir muhim masala bu adliya tizimi xotin-qizlarni kamsitmasligini ta’minlash. Adolat hamma uchun birdek adolat. Tinchlik, barqarorlikni ta’minlash adolat ta’minlanishini talab qiladi".
Iqtisodiy-siyosiy quvvatlov haqida gapirayapsiz, lekin bilamizki, moliya hozir nozik masala bo’lib turibdi. Afg’on ayollari uchun yetarlicha mablag’ ajratiladimi?
Vervir: "Prezidentimiz yaqinda ma’lum qilganidek, Afg’onistondan chiqish bu davlatdagi xarajatlarimizni kamaytirish degani. Ajratilayotgan mablag’ miqdori ozayadi, lekin biz bu jamiyat oyoqqa turishi uchun qo’ldan kelgan barcha yordamni berishga bel bog’laganmiz. Qishloq xo’jaligi, iqtisodning boshqa jabhalari, siyosiy hayot, barcha sohalarda madad ko’rsatishda davom etamiz. Hozir afg’on parlamentining deyarli chorak qismi ayollardan iborat. Xotin-qizlar roli oshib bormoqda va oshishda davom etishi kerak. Ularning ishtirokisiz Afg’oniston kelajagini tasavvur qilish qiyin. Amerika ularga madad ko’rsatadi, maslahat beradi, malakasini oshiradi, lekin ularning taqdiri ularning o’z qollarida bo’lishi kerak”.
Suhbatni quyida ingliz tilida ham tomosha qilishingiz mumkin.
Interview with Melanne Verveer, US Ambassador-at-Large, Global Women's Issues, State Department, July 13 2011