SURIYA
Yevropa Ittifoqi Suriyada namoyishchilarga qarshi tazyiqlarni qoralab, prezident Bashar al-Assadga yaqin 13 rasmiyni sanksiya bilan jazolagan. Ular orasida prezidentning milliy gvardiyaga qo'mondonlik qiluvchi ukasi va tadbirkor qarindoshi bor. Bundan keyin ularning Yevropadagi mulklari muzlatilib, qit'aga viza berilmaydi. Davlat rahbarining o'zi jazodan xoli.
Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalarga mas'ul rasmiysi Ketrin Eshtonning aytishicha, agar namoyishchilarga qarshi zo'ravonliklar kuchaysa, Bashar al-Assadga ham sanksiya qo'llanadi. Ittifoq Suriyaga nisbatan qurol embargosini ham joriy etgan.
MISR
Misr sudi mamlakat sobiq turizm vazirini korrupsiyada aybdor deb topib, besh yilga qamagan. Zuhara Garana pora evaziga ikki tadbirkorga davlatga qarashli yerni noqonuniy ravishda sotib olishga ruxsat berganlikda ayblanmoqda. Tadbirkorlarga ham qamoq jazosi berilgan.
O'tgan hafta sobiq ichki ishlar vaziri Habib al-Adli korrupsiya va tinch namoyishchilarni otishga buyruq berganlikda ayblanib, 12 yilga qamalgan edi. Al-Adli 2,5 million dollar jarima to'lashi ham kerak.
Ayni damda tergovchilar sobiq prezident Husni Muborak va uning ikki o'g'li Jamol va Alaa ishlarini ham ko'rib chiqmoqda.
Yevropa Ittifoqi Suriyada namoyishchilarga qarshi zo'ravonliklar kuchaysa, prezident al-Assadga ham sanksiya qo'llanadi, deydi.