Millionlab odamlar har kuni internetda o’ziga yo’ldosh qidiradi. Global tarmoqdan muhabbat izlash – zamonning eng ommabop mashg’ulotlaridan biri. Kimdir baxtini topadi. Kimgadir omad kulib boqadi. Biroq aldangan, nafaqat qalbi va ruhi yaralangan balki hamyoni ham o’marilgan odamlar juda ko’p.
Maqolamiz qahramonlari - Amerika harbiylari va ularning suratiga qarab, jinoyatchilarning to’riga tushgan xotin-qizlar.
Lilo Shuster 45 yoshida yolg’izlikdan to’yib, internetdan o’ziga kimnidir topish haqida o’ylay boshladi. Boshqa joylardan chiqqan erkaklar uzoqqa bormadi. Internetda bir kishi bilan tanishdi.
“Bevaman, deb yozdi. Harbiy havo kuchlarida uchuvchi ekan. Tolibon va boshqa terroristlarga qarshi kurashayotgan qahramon ekan. Qizi bor ekan. Menga uning gaplari ma’qul keldi”, - deya hikoya qiladi Lilo.
Informatsion yozishmalar bir pasda ishqiy maktublarga aylandi. She’rlar, uzundan uzoq xatlari bilan bu erkak Liloning ko’ngliga yo’l topdi. Suratlarni aytmaysizmi? Harbiy formada, kelishgan, o’ziga ishongan erkak.
“Fotolar kelishi bilanoq ularni saqlab olib, boshqalarga ko’rsata boshladim. Quvonchim ichimga sig’masdi”, - deydi Lilo.
Uchuvchining xatlarida xatolar ko’p edi. Uning yaxshi yoza olmasligini darrov anglasa-da, Lilo buni muammo deb bilmadi.
“Telefonda gaplashmadik, faqat yozishdik. “Skype” orqali aloqa qila olmayman, chunki maxfiy joydaman, terroristlarga qarshi kurash shuni talab qiladi. Telefon ham qilolmayman, dedi”.
Bir necha kun o’tib, uchuvchi Lilodan moliyaviy yordam so’radi. Qizi maktabdan sayohat qilishi kerak ekan.
Lilo Britaniyaga 2000 dollar yubordi, so’ralgan adresga. Uchuvchi qizi buvisi bilan yashashini aytdi.
“Yordam bergim keldi. Kelajagimni shu odam bilan tasavvur qila boshlagan edim. Ahmoqlik, lekin o’sha damlarda hissiyotlarga to’la edim”.
Lekin bu erkak undan pul so’rayverdi.
“Shunday yaxshi odamni yo’qotib qo’yaman degan qo’rqinch bilan unga yordam beraverdim. Pul yuboraverdim so’ragan joyiga”, - deydi ayol.
Jami 22 ming dollar jo’natdi. Keyin esa xatlar to’xtadi. Seni sevdim degan uchuvchi g’oyib bo’ldi.
“Shunda tushundim nima bo’layotganini”, - deydi Lilo.
Harbiy jinoyatlarni tergov qiluvchi idoradan Kris Grey deydiki, Lilo singari aldanganlar talay.
“Ko’rib, hayron qolasiz. Yoqa ushlaysiz. Minglab odamlar shu to’rga tushgan. Shaxsan o’zim 75-80 minglab dollarini umrida ko’rmagan odamga yuborgan ayollar bilan gaplashganman”.
Laqqa tushayotganlar faqat amerikaliklar emas. Yaponiya, Britaniya, Avstraliya va boshqa mamlakatlarda ham xotin-qizlar shunday aldangani haqida ma’lumotlar bor va ko’pi tergov ostida. AQSh Mudofaa vazirligining tegishli bo’limlari bu masala bilan jiddiy shug’ullanmoqda. Harbiylarning suratlari o’g’irlanadi va jinoyatchilar qo’lida o’yinchoq.
Ogohlik har doimgidan ham zarur, deydi tergovchi Kris Grey.
“Ko’rmagan, hech qachon gaplashmagan odamga hech qachon pul yubormang”.
Lilo aqli kirganini aytadi. O’ziga o’xshagan ayollar ko’p ekanini bilgach, ular bilan hamkorlikda boshqa xotin-qizlarga yordam berish yo’llarini izlay boshladi.
“Menga kelgan xatlar va suratlar boshqa ko’plab ayollarda ham bor ekan”, - deydi Lilo.
Undan maslahat: notanish odamga pul yubormang. Yuborib, aldanganingizni anglasangiz, politsiyaga murojaat qiling. Internetdagi jinoyatlarga qarshi kurashuvchi mutaxassislar bor. Ular yordamida boshqalarni xavfdan saqlaysiz.