Tug'ish uchun Amerikaga kelayotgan ayollar

  • Amerika Ovozi

Florida shtati Mayami shahri okean sohilida ekani bois sayyohlarni o’ziga tortadi. Shu zaminda tug’ilganlarga Amerika fuqaroligi berilishini yaxshi bilgan Rossiya va Ukraina ayollari atayin shu yerga kelib ko’zi yorishini rejalashtiradi.

Ksenya Popova turmush o’rtog’i bilan Vladivostokdan Mayami shahriga dam olish uchun emas, farzand ko’rish uchun kelgan.

“AQShda tug’ish azaliy maqsadim edi. Homiladorligimni bilishimdanoq turmush o’rtog’im ikkalamiz Amerika safari uchun harakatga tushdik. Ko’pchilik do’stlarimiz ham shunday qilishadi. Bu yerdagi iqlim, sharoit, meditsina… Qolaversa fuqarolik ham beriladi”, - deydi u.

AQSh hududida tug’ilgan go’dak bu yurt fuqarosiga aylanadi. Qo’shma Shtatlarga tug’ish uchun kelish mutlaqo qonuniy. Noila Valiyeva asos solgan “Baxtli bolalik” kabi tashkilotlar bo’lajak onalarga Amerikada tibbiy xizmat, uy-joy olish yo’lida hujjatlarni tayyorlashga ko’maklashadi.

“Mayamiga kelib tug’ish AQSh qonunlariga zid emas. Amerika tibbiyoti ham o’tkir. Iqlim ham ajoyib”, - deydi u.

Bo’lajak onalar ham tug’ish safari uzoq va qimmat bo’lsa-da, sifatli tibbiy muolaja va ayollarga munosabatni hisobga olib xarajatlarga tayyor.

“Rossiyada homiladorlikka kasallikday qarashadi. Shifokorlar chaqiraverib, ming bitta analizlarga chaqirib xunob qilishadi. Amerikada bu jarayon soddalashtirilgan. Sonogramma, bolaning yurak urishini eshitib keyingi ko’rikkacha erkinmiz”, - deydi yana bir ona Katerina Xramova.

Olga Suxanova Moskvadan. Qizi 20 ga kirganda yana bir farzand ko’rishga qaror qilgan.

“Ikkinchim operatsiya bilan tug’ildi. Shifokorlar o’z ishining ustasi, ta’rifga so’z ojiz”, - deydi Amerikaga tug’ish uchun kelgan Olga.

Kubalik Remberto Santos ayollar shifokori. 23 yildan buyon Mayami tug’ruqxonasida ishlaydi. Mijozlarining yarmi Sharqiy Yevropadan.

“Rossiya, Ukrainadan kelganlar to'lg'oqqa ancha chidamli, tabiiy ko’zi yorishni istashadi. Ba’zilarigina epidural anasteziya muolajasiga rozi bo’lishadi”,- deydi shifokor.

Bo’lajak onalar Amerikaga oddiy sayyoylik vizasi bilan kelishadi. Viza olishda o’z vataniga qaytishini isbotlashi, qaytish chiptasi va bankdan ma’lumotnoma topshirishi kerak.

“Bunday talablardan maqsad, tibbiy xarajatlar Amerika soliq to’lovchilari gardaniga tushmasligini isbotlash”, - deydi Noila Valieva.

Sayyohlik vizalari odatda uch oyga beriladi. Onalar ko’zi yorishiga taxminan bir oy qolganda uchishga otlanishadi. Tug’ish maqsadidagi safar o’rtacha 20 ming dollarga aylanadi. Mayamidagi imkoniyatlar bunga arziydi, deydi ular.