Armaniston va Ozarbayjon harbiylari o’rtasidagi to’qnashuvlar davom etarkan, qarshi taraflarni qo’llab-quvvatlayotgan Rossiya va Turkiya ziddiyatlari kuchaymoqda.
Bugun tongda Armaniston va Ozarbayjon mudofaa vazirlari bir-birini hujum boshlaganlikda aybladi. Ozarbayjon aholi punktlari nishonga olinganini, Armaniston esa qo’shni davlat Tog’li Qorabog’ga hamla qilganini da’vo qilmoqda. Shu munosabat bilan Armaniston va Tog’li Qorabog’da umumiy safarbarlik e’lon qilindi, harbiy holat joriy etildi.
Ikki mamlakat 1990-yillardan beri Tog’li Qorabog’ni talashadi. Sovet Ittifoqi paytida Ozarbayjon hududida joylashgan bu o’lkada asosan arman millatiga mansub xalq yashagan. Sovet davlati parchalanishidan oldin Tog’li Qorabog’ muxtor viloyati Ozarbayjon tarkibidan chiqib, Armanistonga qo’shilish istagi haqida e’lon qilib, keyinchalik urushga turtki bergan.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Rossiya, AQSh va Fransiya ishtirokida tuzilgan Minsk guruhi taraflarni sulhga kelishishga ko’ndirdi. Urush va xalqaro hamjamiyat aralashuvi Tog’li Qorabog’ning Armanistonga qo’shilishiga to’sqinlik qildi. Shunga qaramay, o’lka mustaqillik e’lon qildi, o’z hukumatiga ega, aprel oyida yangi prezident saylandi. Dunyodagi birorta mamlakat, jumladan Armanistonning o’zi ham Tog’li Qorabog’ mustaqilligini tan olmagan.
Mojaro yillar davomida muzlatilgan shaklda bo’ldi, biroq shu yil iyulida chegarada yangi to’qnashuvlar jonlandi. Bugungi mojaro qarshi taraflarni qo’llab-quvvatlab kelayotgan Rossiya va Turkiya o’rtasidagi ziddiyatlarni kuchaytirishi aniq.
“Turkiya Ozarbayjonning huquqlari va yerlariga qilingan har qanday hujumga ikkilanmasdan qarshi turadi”, - dedi 22-sentabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an.
Uning aytishicha, chegaradagi to’qnashuv tasodif emas, ataylab uyushtirilgan hujumdir.
Turkiyada hukumatga xayrixoh matbuot Armanistonni Ozarbayjonga qarshi gijgijlashda Kremlni aybladi.
Moskva ayblovlarni inkor etmoqda. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov tomonlarni vazminlikka chaqirib, Rossiya vositachiligini taklif etdi.
Anqara va Moskva Suriya va Liviyadagi mojarolarda ham qarama-qarshi taraflarni qurol va harbiy kuch bilan qo’llab-quvvatlamoqda.
Bonn universitetida Rossiya bo’yicha mutaxassis Zaur Gasimovning aytishicha, Armaniston va Ozarbayjon ham bu ikki mamlakatga o’xshab, manfaatlar to’qnashuvi markaziga aylanish ehtimoliga yuz tutmoqda.
“Rossiya qo’shinlari mintaqada anchadan beri mavjud. Turkiya Kavkazda G’arb qadriyatlari va manfaatlarini ma’lum darajada himoya qilayotgan yagona davlat bo’lib, Rossiya va Eron hukmronligining oldini olishga qodir”, - deydi ekspert.
Energiya manfaatlari
Gasimov bugungi to’qnashuvlarning jug’rofiyasiga shubha bilan ishora qilmoqda.
“Odatda to’qnashuv munozarali Tog’li Qorabog’da ro’y beradi”, - deydi u.
Ozarbayjon qo’shni mamlakatni Tovuz rayoniga hujumda ayblamoqda. Tovuz Turkiyaga gaz uzatuvchi Janubiy Kavkaz quvuriga yaqin joylashgan bo’lib, Anqaraning Rossiya energiyasiga bog’liqligini kamaytirishga qaratilgan.
“Tabiiy gaz ta’minotiga kelganda Turkiya Rossiyaga o’ta tobe”, - deydi “London energetika klubi” tahlil markazidan Mehmet O’gutchu.
Gasimovning aytishicha, Turkiya “Gazprom” gazi uchun Yevropa Ittifoqiga qaraganda salkam ikki baravar ko’p pul to’laydi.
“Turkiya hozir Rossiyadan olayotgan gaz miqdorini tushirishga harakat qilmoqda. Ozarbayjon gazi “TANAP” quvuri orqali Turkiyaga uzatiladi va Rossiya gazidan arzon. Turkiya gazning 98 foizini, neftning 92 foizini chetdan oladi. Bu milliy xavfsizlik bilan bog’liq masala”, - deydi ozarbayjonlik tahlilchi.
2021-yilda Rossiya va Turkiya o’rtasida salkam chorak asr oldin imzolangan yirik gaz kelishuvi yangilanishi kerak bo’ladi. Unga ko’ra, Turkiya Rossiyadan har yili ma’lum miqdorda gaz xarid qilish majburiyatiga ega.
“Shartnoma muddatining yakuniga yetishi Turkiya uchun Rossiya bilan energetika bobidagi munosabatlarini muvozanatga keltirishga yaxshi imkoniyatdir”, - deydi O’gutchu.
Rossiya xavotirlari
Rossiya siyosatchilari turk energetika bozori qo’ldan chiqayotganidan xavotirda.
“Rossiya va Turkiya o’rtasida aprel oyida kechgan gaz narxlari bo’yicha muzokaralar natija bermadi. Ozarbayjon, Qatar va Eron ham Turkiyaga gaz uzatmoqchi”, - deydi Gasimov.
Tahlilchilarga ko’ra, Anqaraning energiya manbalarini xilma-xillashtirishga doir harakatlari AQSh ma’muriyatiga qo’l kelmoqda. Vashington Rossiyaning Yevropaga iqtisodiy ta’sirini cheklash maqsadida Yevropadagi ittifoqchilarini Rossiya bilan energetika bobidagi hamkorlikni kamaytirishga undab keladi.
Qo’shma Shtatlar Rossiyadan Germaniya tomon uzatilayotgan hamda yanvar oyida Turkiya va Rossiya rahbarlari ishtirokida ochilgan “Turk oqimi” quvuriga gaz yetkazishni maqsad qilgan “Shimoliy oqim-2” quvuriga sanksiya qo’yishga do’q-po’pisa qilmoqda.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Kreml har ikki loyiha yordamida Yevropaning Rossiya energiya manbalari ta’minotiga tobeligini kengaytirishga urinmoqda va bu Transatlantika xavfsizligiga tahdiddir.
“Biz Rossiyaning zararli ta’sirini yoyishga qaratilgan loyihalarini amalga oshirishda yordam berayotgan kompaniyalarni ogohlantiryapmiz. Loyihadan darhol chiqing, aks holda salbiy oqibatlari bilan yuzlashasiz”, - dedi Pompeo.
Turkiya va Rossiya o’rtasidagi ziddiyatlar Anqaraning Vashington bilan munosabatlari iliqlashayotgan paytga to’g’ri kelmoqda. Shunga qaramay, kuzatuvchilar Rossiya-Turkiya hamkorligiga chek qo’yishga shoshilmayapti.
“Turkiya-Rossiya munosabatlari yolg’iz rus gaziga asoslanmagan. Rossiya Turkiyada atom elektrostansiyasi qurmoqda, Suriyada xavfsizlik masalalari bobida gaplashishmoqda, Turkiya Rossiyadagi qurilishlarda faol, rus sayyohlari Turkiyaga bormoqda”, - deydi O’gutchu.
Ba’zi tahlilchilarning xulosa qilishicha, Moskva Anqara bilan aloqalar darz ketishiga yo’l qo’ymaydi, biroq Kreml Kavkazdagi so’nggi ziddiyatlar orqali Rossiya bilan munosabatlarni o’z foydasiga og’dirishga harakat Turkiyaga qimmatga tushishiga ishora qilmoqda.