Kelasi oy Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Vashingtonga tashrif buyurib, Kongress oldida Eron yadro dasturi haqida so’zlamoqchi.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Barak Obamaning Kongressdagi qator safdoshlari uning nutqini boykot qilmoqda, chunki Netanyaxu Oq uy bilan maslahatlashmagan.
“Kongress mehmonlarni chaqirishga haqli. Hech kimga hurmatsizlik qilayotganim yo’q”, - deydi Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner.
U diplomatik protokolni buzib, Isroil rahbarini Kongressga taklif etgan. Benyamin Netanyaxu Eron bilan ketayotgan xalqaro muzokaralar xususida so’zlaydi.
Oq uy Netanyaxuning tashrifi borasida xabardor qilinmaganidan g’azabda. Muzokaralar nozik bir pallada, deydi rasmiylar.
Ayrimlar AQSh-Isroil munosabatlariga putur yetganini aytadi. Obamaning aytishicha, demokratlar yo prezidentni, yo Isroildek strategik ittifoqchini tanlashga majbur bo’ldi degan gaplar safsata.
“Ikki davlat munosabatlarini siyosiy partiyalar bir-biri bilan qanchalik kelishib ishlay olishi belgilamaydi. Amerika va Isroil rishtalari mustahkam va shundayligicha qoladi”, - deydi prezident.
17-mart kuni Isroilda parlament saylovlari bo’lib o’tadi. Netanyaxuning tashrifi siyosiy maqsadni ko’zlaydi - uning reytingini ko’tarish uchun uyushtirilmoqda, deydi tanqidchilar. Kongress a’zosi Nensi Pelosining aytishicha:
“Isroil davlatining eng ashaddiy tarafdorlari men bilan bog’lanib, bu qanaqasi deb so’rashyapti. Ular Netanyaxuning ittifoqchilari hamdir. Nega u bu tashrifi bilan AQSh-Isroil rishtalariga dog’ tushirayapti?”
Lekin konservativ yahudiy tashkilotlar hamda Kongressning konservativ a’zolari vaziyatga boshqa ko’z bilan qaraydi. Siyosatshunos Elliot Abrams:
“Eron Isroil uchun eng katta tahdid, Amerika uchun emas. Netanyaxuni shu mavzuda so’zlash uchun Kongressga taklif etishsa, u taklifni qabul qilishi tabiiy. Chunki Kongress Eronni qattiqroq jazolash masalasini ko’rib chiqayapti. Bu Isroil uchun muhim”.
Barak Obama va Benyamin Netanyaxu o’rtasidagi shundoq ham sovuq aloqalar yanada sovuqlashdi, deydi “J Street” tashkilotidan Alan Eysner.
“Netanyaxu qanday qilib bu qarorga kelgani menga qorong’i. Ko’rinishidan, u Oq bilan hisoblashishni mutlaqo lozim deb topmaydi. Respublikachilar bilan til topishsam bo’ldi deb hisoblaydi”, - deydi u.
Elliot Abrams deydiki:
“Janjal shu darajaga yetgani afsuslanarli hol, lekin vaziyatni bo’rttirib ko’rsatmaslik kerak. Nari borsa, bu Obama va Netanyaxu orasidagi muammo deyish mumkin, AQSh va Isroil orasida emas”.
Ham Amerika, ham Isroilda Netanyaxudan nutqini bekor qilishni so’rayotganlar ko’p. Ammo vazir ahdidan voz kechmayapti.