Qirg’izistonda besh vazirlik tugatilishi mumkin

Qirg’izistonda besh vazirlik tugatilishi mumkin

Qirg’iziston parlamenti yangi hukumat shaklini muhokama qilishga kirishdi.

Loyihaga ko’ra, besh vazirlik qisqarishi ko’zda tutilgan. Ushbu tashabbus qanday samara berishi mumkin?

Parlamentning yangi prezident va yangi hukumat bulan hamkorligi qanday rivojlanishi kutilmoqda?

Parlament deputati, konstitutsiyaviy qonunchilik va davlat qurilishi qomitasi a’zosi Sobirjon Otajonov "Amerika Ovozi" savollariga javob berdi.

Ulug'bek Sokin: Boshqaruv tizimlarini ixchamlashtirish rejalarini qanday baholaysiz? Qanday samaralar kutilmoqda?

Sobirjon Otajonov: O’sha besh qisqaradigan proyekt bosh vazir Omurbek Babanov tomonidan olg’a surildi. Bu hamma fraksiyalarda ko’rib chiqilib, shunga to’xtalishdi. Endi ministrliklar qisqarib, 3,200 ta papka ko’targan kishi qisqaradi. Bu byudjetda 1 milliard somni tejaydi. Albatta, bu bilan cheklanish kerak emas. Masalan, bizning fraksiyada bo’lgan muhokamada aytdik, ma’muriy-hududiy reformalar o’tkazib, mahalliy, tuman boshqaruv organlarini kamaytirish, joylarda hukumatlar sonini kamaytirish kerak. Asosan, shimol tomonda kichkina-kichkina idoralarni, rayonlarda mayda hukumatlarni birlashtirib, chinovniklar sonini qisqartirish kerak.

Ulug’bek Sokin: Qirg’izistonda rasmiylar soni ko’pmi?

Sobirjon Otajonov: 32,000 mutasaddi bor, umuman sonini so’rasangiz. 5 million aholiga juda ko’p.

Ulug’bek Sokin: Mana yangi prezident saylandi, yaqinda yangi hukumat faoliyat boshlaydi. Ularning parlament bilan hamkorligi, istiqbol haqida nima deysiz? Kuzatuvchilar fikriga ko’ra, avval jiddiy kelishmovchilik ko’zga tashlanib kelayotgan edi.

Sobirjon Otajonov: Konstitutsiyada yozilgan – parlamentning funksiyalari bor, deylik, hukumatni nazorat qilib turish. Buni yo’qotish kerak emas. Lekin, misol, parlament bilan bir yil ishladik. Ayrim masalalar bo’yicha qarashlar bir xil bo’lmasa, strategik masalalar bo’yicha, ish oldinga yurishiga, samarasiga ko’p to’sqinlik qiladi”.

“Besh fraksiya bor parlamentda. Ana shu besh xil fikri bor. Birinchi koalitsiyamiz yaxshi ishlamadi. O’ylaymanki, mana yangi spiker saylandi, unga ham ko’p narsalar bog’liq bo’ladi. Sababi, spiker moderatordir, ya’ni majlisni olib borishda masalalarni boshqa tomonga burib yuborishi mumkin. O’ylaymanki, hukumat berayotgan takliflarni birinchi navbatda tez orada ko’rib, tuzatishlar kiritib berish kerak. Ya’ni konstitutsiyaga loyiq ravishda”.

“Prezidentga to’xtaladigan bo’lsak, bosh qomusda yozilgan kim nimaga javob beradi? Prezident o’z ishini, parlament o’z ishini, hukumat o’z ishini vaqtida bajaradigan bo’lsa, ish oldinga siljiydi. Mana o’tgan yil ko’rdinglar, parlament bir yil davomida prezidentning ishiga ham, hukumatning ishiga ham aralashib ko’rdi. Bu to’g’ri emas. Ular o’z vazifasini bilib, javob berishi kerak. Hafta sayin, kun sayin tizginini tortib, sen nima qilayapsan, deb so’rash yaxshi emas.

Ulug’bek Sokin: Mana Qirg’izistondagi boshqaruv tizimini olaylik. Prezident, hukumat raisi bor, parlament ishlab turibdi. Bular, qandadir, tezkor qaror qabul qilinadigan vaqtlarda bir-biriga to’sqinlik qilmaydimi? Ya’ni bir-biri bilan o’sha masalani muhokama qilgunicha vaqt o’tib ketadi va masala chigallashib ketmaydimi?

Sobirjon Otajonov: Konstitutsiyada bular aniq yozilgan. Shu masalalarga javob beradi. Bu yerda hech qanday to’sqinlik yo’q. Uni vaqtida bajarish kerak, boshqa gap-so’z ortiqcha. Bir-birini nazorat qilib borsa yaxshi bo’ladi.

Ulug’bek Sokin: Ayrim deputatlar hozir parlamentning saviyasi bir oz pastligini aytadi. Boshqalar o’zga fikrda. Siz qanday fikrdasiz?

Sobirjon Otajonov: Birinchidan, hozirgi saylangan parlament tub tomiridan yangi sistema bo’yicha kelgan. Ikkinchidan, yangi konstitutsiya bilan ish yuritilyapti. Yangi bo’lgandan keyin, albatda, o’z yo’liga tushguncha kamchilik va xatolar bo’ladi.