Afg’onistonda harbiylar sonini keskin kamaytirgan Amerika qo’shni davlatlarni mintaqadagi roli susaymasligiga ishontirishga urinmoqda.
“Har bir mamlakat bilan aloqalarni mustahkamlashda davom etamiz”, - deydi Nisha Bisvol, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini.
Lekin region bilan hamkorlikni yangi darajaga ko’tarish kerak deya undab kelayotgan ekspertlardan biri, Jons Xopkins universiteti professori Fred Starr fikricha, Vashingtondan prezident yoki vitse-prezident u yerga bormas ekan, Obama ma’muriyati Markaziy Osiyo rahbarlarini o’z muddaolariga ishontirishi qiyin. Yangi Ipak Yo’li tashabbusi ham faqat og’izda, deydi u, amalda AQSh biror konkret loyihani olg’a surayotgani yo’q.
Your browser doesn’t support HTML5
Dunyo aholisining 20 foizdan oshig’i yashovchi Janubiy va Markaziy Osiyo, siyosiy irodasi yetsa, global iqtisodiyotning katta qismini o’z qo’liga olishi mumkin. Jamiyatlar iqtisodiy taraqqiy etgan sari xavfsizlik ham mustahkamlanadi, deydi Nisha Bisvol, Vashingtondagi Vudro Uilson (Wilson Center) tahlil markazida so’zlar ekan.
Bisvol xonim ayni damda mintaqaning eng yirik davlati bo’lmish Hindistonda. Prezident Barak Obama Dehliga safar qilar ekan, yetakchi diplomat uning yonida.
Bir milliarddan oshiq aholisi, demokratik tuzumi va tezlikda o’sayotgan iqtisodiyoti sabab Hindiston regional lider ekaniga shubha yo’q. Bisvol va boshqa rasmiylar nazarida Markaziy Osiyo bu mamlakat bilan hamkorlikni kengaytiraverishi kerak. Oradagi Afg’oniston va Pokiston ham, qanchalik notinch bo’lmasin, bu rishtalardan faqat foyda ko’radi.
Mana shu zanjir, deydi Bisvol xonim, Yangi Ipak yo’lining ajralmas qismiga aylana oladi. Zarur qadamlar tashlash hukumatlarning zimmasida, AQSh donorlar va sarmoyani jalb etishda yordamga tayyor.
Energetik ta’minot va savdoni rivojlantirish, chegara osha tijoratni oshirish, boj va chegara xizmatini takomillashtirish, biznes va tadbirkorlarni bir-biriga bog’lash - Vashington bu borada siyosiy va texnik ko’makka shay.
Markaziy Osiyo dunyoning eng oz integratsiyalashgan mintaqalaridan biri. Jahon bo’ylab savdoning atigi 6 foizi shu yerda yuz beradi.
Tarqoqlikni yengish esa qo’shni davlatlar qo’lida, deydi siyosatdonlar.
Tashqi dunyo ta’sir o'tkazishi mumkin, albatta.
Masalan, Xitoy o’zining Yangi Ipak yo’lini barpo etar ekan, Markaziy Osiyoga milliardlab dollarlik sarmoya kiritib, qurilishlar va savdoga zo’r bermoqda.
Amerikaning Pekin bilan bu borada raqobat qilish niyati yo’q.
Rossiyaning o’ziga xos rolini ham tan olgan Vashington nazarida bu ikki yirik qo’shni Markaziy Osiyo kelajagini belgilashda nihoyatda ulkan ahamiyatga ega.
Qo’shma Shtatlar o’zini “uzoqdagi yaqin va ishonchli hamkor” sifatida ko’rishni istaydi va bunga erishish oson emasligini biladi.
Amerika Xitoyni xalqaro me’yor va tamoyillarga rioya qilgan holda ishlashga chaqirsa, Rossiyani bu davlatlar suvereniteti va mustaqilligini hurmat qilishga, mintaqaviy birdamlikka o’z xohishi va talabi bilan erishishi yo’lida g’ov bo’lmaslikka undaydi, deydi Nisha Bisvol.
Kreml boshliq Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirayotgan davlatlar Jahon savdo tashkiloti va boshqa xalqaro organlarning a’zolari sifatida o’z majburiyatlarini unutmasligi lozim, deya eslatmoqda ularni bu borada quvvatlab kelgan Vashington.
Markaziy Osiyoning keksa rahbarlari bilan ko’p marta yuzma-yuz muloqotlarda bo’lgan, iliq aloqalarga ega professor Starr fikricha esa Obama ma’muriyati mintaqani tashqi siyosatdagi eng muhim hududlardan biri sifatida ko’rmasligi xato. Energetik loyihalardan tortib madaniy tashabbuslargacha, deydi u, hukumatning eng yuqori darajasida e’tibor past ekan, Amerika roli sustligicha qolaveradi.
Turkmaniston, Afg’oniston, Pokiston va Hindistonni bir-biriga ulaydigan gaz quvuri loyihasi chetga surilganining asosiy sababi shu, deydi u. Turkmaniston uning ijrosida Amerikaga tayanayotgan edi, lekin Vashington gapdan nariga o’tmadi, deydi Starr, natijada Ashgabat butun e’tiborini Xitoyga qaratdi qo’ydi. Prezident yoki vitse-prezident safar qilib, mintaqa rahbarlari bilan gaplashishi kerak, deydi olim.
Davlat departamenti va hukumatning boshqa organlari esa Markaziy Osiyo bilan muloqot jadal va diplomatik sa'y-harakatlardan ko’ngil to’q, deya bildiradi. Vashington ishonchli do’st ekanini eslatib turganiga bir misol: O’zbekiston AQShdan katta miqdorda harbiy yordam olmoqda - 320 dona zirhli mashina. Pentagon hadya qilayotgan bu vositalar terrorizm va qoradori savdosiga qarshi harakatlarda ishlatilishi ko’zlangan.
O’zbekiston, Turkmaniston, Qozog’iston va Qirg’izistonda AQShning yangi elchilari ish boshlamoqda. Ularning vazifasi - aloqalarni mustahkamlash uchun jonbozlik ko’rsatish.
Rossiyadagi moliyaviy tushkunlik sabab yuz minglab migrant ishchilar vatanga qaytmoqda. Tojikiston, Qirg'iziston va O'zbekiston iqtisodiyotiga katta hissa qo'shayotgan bu odamlar Rossiyadagi ishi va daromadidan ayrilganida Amerikani ham ayblaydi. Ukrainani himoya qilib, Rossiyani agressiyada qoralab, Kremlga sanksiyalar qo'ygan G'arb millionlab migrantlar taqdiriga befarqmi?
"Befarq emasmiz",- deydi Nisha Bisvol. "Vaziyatni yaxshilash Kreml qo'lida. Biz migrant ishchilar va aholining dardiga sherikmiz. Iqtisodiy taraqqiyot bo'lsin, tirikchilik osonlashsin, deymiz".
Rossiya siyosati o'zgarsa, sanksiyalar ham olinadi, deydi diplomat. Federatsiya tashlayotgan qadamlar xalq hayotini og'irlashtirayotgani hammaga ma'lum, deya qo'shadi u.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5