Shimoliy Koreya fazoga raketa uchirgan. Janubiy Koreya va Yaponiya qurolli kuchlari shay holatda. Lekin Tokio rasmiylarining tasdiqlashicha, raketa samoga ko'tarilgach bir minut ichidayoq qulagan. Sinov muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
Pxenyan rasmiylari orbitaga ob-havoni kuzatuvchi sun’iy yo’ldosh joylamoqchi ekanini ta’kidlab keladi.
Yaponiya Bosh vaziri Yoshixiko Noda Shimoliy Koreyani bu ahdidan qaytishga undab, agar raketa chegarani buzsa, urib tushiriladi degan. Janubiy Koreya ham ayni ogohlantirish bilan chiqqan.
"Boshqaruv pultiga chet el matbuotini chorlab, ballistik raketa sinayotganimiz haqidagi ayblovlarni puchga chiqardik", - deydi Pak.
"Sun’iy yo’ldosh olgan suratlarni boshqa davlatlar bilan o’rtoqlashamiz", - deydi rasmiy.
“Qo’rqishga hojat yo’q. Bu tashabbus Shimoliy Koreya asoschisi, marhum Kim Ir Sen tavalludiga bag’ishlanadi... Bu raketa bomba tashuvchi vosita degan gaplar mantiqsiz”, - deydi u.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha esa Pxenyan qarama-qarshi bayonotlar bilan chiqib, xalqaro hamjamiyatni aldashga urinmoqda.
“Qo’shnilar va Amerika bilan aloqani yaxshilash haqida so’zlab turib, raketa uchirish nimasi?” - deydi u.
Janubiy Koreya razvedka xizmati jahon ommaviy axborot vositalariga uzatgan suratlar kommunist mamlakat ayni damda yadro qurolini sinash ustida ishlayotganidan dalolat beradi.
Klintonning aytishicha, shimol amaldagi bu kelishuvni ham, BMT joriy etgan va Pxenyanga har qanday raketani sinashni man qiluvchi hujjatni ham buzmoqda.
Lekin Shimoliy Koreya rasmiylari mazkur bitimlarda tinch kosmik tadqiqotlarni o’tkazma degan band yo’q edi, deb javob qilmoqda.