Internet asrida jahon jurnalistikasi yuzlashayotgan sinovlar

  • Amerika Ovozi

Internet asrida jahon jurnalistikasi yuzlashayotgan sinovlar

Yaqinda katta ekran yuzini ko’rgan kartinalardan biri AQShning eng nufuzli gazetalaridan sanalmish ‘Nyu-York Tayms” (The New York Times) haqida. Hujjatli film sizni bu nashr tahririyati va uning bir yillik faoliyati bilan tanishtiradi. Mumtoz jurnalistika va yangi media orasidagi kurash-raqobatni tomosha qilasiz.

Axborot yig’ish va uzatish uslublari kun sayin o’zgarib bormoqda. Jahon jurnalistikasida har kuni bir inqilob… Yangilikni ommaga tez, sifatli va effektiv ravishda yetkazishning yangi bir yo’li kashf etiladi.

Asosiy vosita – internet. Shunday ekan, bosma matbuot oldida yangidan yangi sinovlar turibdi.

Internet asrida jahon jurnalistikasi yuzlashayotgan sinovlar

Millionlab amerikaliklar hamon “Nyu-York Tayms” dek el ishonchini qozongan gazetalarga obuna bo’lib, ularni qog’ozda o’qishni ma’qul ko’rmoqda. Lekin zamon va talab o’zgarib bormoqda.

G’arbda informatsiya azaldan bebaho mahsulot sanaladi. “WikiLeaks” singari maxfiy ma’lumotlarni yoppasiga chop etib, butun dunyo diqqatini o’ziga qarayotgan tizimlar bilan bellashish kerak. Aks holda gazetxonlarni qo’ldan boy berasiz.

Qanaqa gazetxon, deydi Andryu Rossi, “Nyu-York Tayms” taqdiri haqida film ishlagan mutaxassis, bugun odamlar multimediaga o’tib ketgan. Oddiy maqola bilan ularni rozi qila olmaysiz, qanchalik mazmunli bo’lmasin.

“Nyu-York Tayms”dek kuchli jurnalistik-tadqiqot maskanlari kelajak haqida jiddiy o’ylanib qolgan. Biz bilgan mumtoz jurnalistika xavf ostida”.

Andryu Rossining fikricha, internet jurnalistikasi sifatsiz, lekin ko’pchilik uning farqini bilmaydi.

“Axborot erkinligi – bebaho ne’mat. Usiz yashash qiyin, lekin ma’lumot yig’ib, axborot yozib, tahrir va tahlil qilib, muhim voqealarni ommaga xolis va aniq tarzda tushuntirib berish – qattiq mehnat va iste’dod talab qiladi. Bugun internetda o’tirgan bloggerlar va ular yozayotgan narsalar – jurnalistika emas”.

Ko’rganu bilganini internetga qo’yib, mana xabar deb e’tibor jalb qilish ommaviy tus olar ekan, deydi Rossi, gazeta va jurnallar, hatto teleradiokompaniyalar ortda qolib ketayotgandek. An’anaviy gazetalar chetda qolib ketayapti. Jurnalistlar ishidan ayrilmoqda. Redaksiyalar qisqarmoqda. Axborot sifati tushib ketgan.

Internet asrida jahon jurnalistikasi yuzlashayotgan sinovlar

Lekin jurnalistika sohasi professori, muxbirlik qilib tanilgan Eymi Ayzman bunday xulosadan yiroq.

“Yaponiyada yaqinda sodir bo’lgan tabiiy ofatni olaylik. Yoki mana boshqa joylarda yuz bergan siyosiy, iqtisodiy o’zgarishlar… Bugun dunyo ahli atrofda nima yangilik bo’layotganini yaxshiroq biladi. Insonlar bir-biri bilan yaxshiroq bog’langan. Chunki axborot manbalari ko’p va ular xilma-xil. To’g’ri ayrimlari noto’g’ri xabarlar berayotgandir, ishonchsizdir. Odamlar o’zi bilib olayapti”,- deydi u.

Eymi Ayzman fikricha jurnalistik uslublar o’zgarmoqda, ammo mohiyat, vazifa o’sha-o’sha.

“Yaqin kelajakda shtatsiz muxbirlar yanada ko’paysa, ajabmas. Ular erkin qushlar. Haqini to’lasangiz, Iroqdan axborot uzatadi. Yoki o’zi u yerga borib, sifatli materiallar tayyorlab, “Amerika Ovozi” yoki “Nyu-York Tayms”ga sotadi. O’tkir reportaj va maqolalar bozori chaqqon”.

Internet asrida jahon jurnalistikasi yuzlashayotgan sinovlar

Pol Sparrov Vashingtondagi “Newseum” yangilik va jurnalistika muzeyi rahbarlaridan biri. U muxbirlar shtatsiz emas, mustahkam ish o’rinlariga ega bo’lsin deydi.

“Urush maydonini yoritmoqchimisiz, jurnalist yollashingiz kerak. Mahalliy yangiliklarni yoritmoqchimisiz, sizga yaxshi mutaxassislar, muxbirlar kerak. Axborot vositalari yuzlashayotgan eng og’ir muammo bu mablag’ yetishmasligi. Daromad pasayar ekan, yangilikni yoritadigan odam qolmayapti”.

Internetda axborot tekin, gazeta va jurnalni esa sotib olish kerak. “Nyu-York Tayms” dek nashrlarning materiallari qanchalik o’tkir bo’lmasin, odamlar ularni bepul o’qishni istaydi.

Lekin gazeta internetda ham pullik. Sizni o’z maqolasiga qiziqtirib qo’yadi-da, to’liq qismi uchun soqqani cho’zing deydi.

Internet asrida jahon jurnalistikasi yuzlashayotgan sinovlar

“Nyu-York Tayms” ayni damda internetda mana 100 mingdan oshiq pullik mushtariyga ega. Daromaddan rozi.

“Olayotgan axborotingiz boshqa joydagi tekin ma’lumotdan nimasi bilan farq qiladi? Birinchidan, bu gazeta ishonchli manba. Axborot tasdiqlangan, qayta-qayta tekshirilgan. Odamlar ahmoq emas. Internetda chiqqan hamma narsaga ishonadigan vaqtlar o’tib ketdi. Jamoatchilik tanlay boshlagan, axborotni bir-biridan ajrata biladi. Sifatsiz maqolani o’qishga sabr ham, vaqt ham yo’q. Jurnalistlar o’z ishini qilsa, odamlar ularni qadrlaydi”,- deydi Pol Sparrov.