Prezident Obama shu payshanba Fransiyada Katta Yigirmalik sammitida qatnashadi. Jahon moliya tizimidagi muammolar muhokama etiladi. Hozirda AQSh iqtisodiyotining o'zi shunday muammoli davrni boshdan kechirmoqda. Prezident va Kongressdagi respublikachilar o'zaro kelisha olmayapti.
Barak Obamaning umid qilishicha, Yevropa va AQSh tez orada oyoqqa turib, global inqirozdan chiqish yo'llarini birgalikda izlashi lozim. Ammo prezident Amerika qonunchilari bilan til topisha olmayotgan bir paytda Yevropa rahbarlariga to'g'ri maslahat bera olarmikan?
Obama ishsizlikni tugatishga qaratilgan qonun loyihasini qonunchilarga taqdim etganida Senatdagi respublikachilarning barchasi unga qarshi ovoz berdi. Prezident yangi tashabbusi uchun Kongressdan 447 milliard dollar so'ragan.
Oq uy matbuot kotibi Jey Karni vaziyatning murakkabligini tan oladi, ammo Obama qonunchilarga bosim qo'yishda davom etmoqda, deydi.
"Prezidentning yevropaliklar va Katta Yigirmalik a'zolariga gapi shuki, har bir davlat ham alohida, ham kollektiv ravishda harakat qilsagina, global iqtisodiy tanazzuldan tiklanish mumkin bo'ladi", - deydi Karni.
Kongressdagi har ikki partiya a'zolari 12 kishilik maxsus qo'mita tuzib, xarajatlarni 1,2 trillion dollarga qisqartirish borasida tavsiyalarini 23-noyabrgacha taqdim etishi kerak. Prezident Obama chiqimni undanda ko'proqqa tushirishga chaqirmoqda. Ammo bu o'rta sinf amerikaliklar hisobiga bo'lmasligi kerak. Masalaning uzoq muddatli oqibatlarini hisobga olish zarur, deydi davlat rahbari.
Oq uy va respublikachilarni bo'lib turgan masala bu soliqlar. Prezident badavlat amerikaliklarga ko'proq soliq solish bilangina byudjet kamomadini yopish mumkin, deydi.
Demokratlarning Vakillar Palatasidagi sardori Nensi Pelosining aytishicha, Vashingtonda qabul qilingan qarorning global iqtisodiyotga ta'sirini unutmaslik kerak.
"Jahon kutib o'tirmaydi. Sustkashlik qilsak, dunyodagi liderligimizga qarab ish tutmasak, ortda qolib ketamiz", - deydi Pelosi.
Katta Yigirmalik va Katta Sakkizlik guruhlarining o'tgan anjumanlarida prezident Obama o'z ma'muriyatining moliyaviy muammolarni hal etishga qaratilgan siyosatini boshqa davlat rahbarlariga misol tariqasida keltirar edi.
Amerika bo'ylab ishsizlik va ijtimoiy tengsizlikka qarshi norozilik namoyishlari o'tar, prezident qonunchilar bilan kelisholmas ekan, navbatdagi sammitda Obamaning pozitsiyasi zaifroq bo'lishi aytilmoqda.
Prezidentning aytishicha, namoyishchilar moliyaviy tizimdan norozi.
Kongress Obamaning yangi qonun loyihasini ma'qullasa, Oq uy nazarida 1,9 million ish o'rinlari yaratiladi. Ammo birinchi harakat Senatda pand berdi.
Prezidentning iqtisodiy siyosati muxolifat qarshiligiga uchrar ekan, Obama ayrim masalalarni Kongress tasdig'ini talab qilmaydigan prezident farmoyishlari orqali hal qilmoqda. Masalan, ipoteka to'lovlarini yengillashtirish va ta'lim uchun kredit berishni.