2011-yilda dunyo ahlini bosh ko’tarishga majbur qilgan omillardan biri yo’qsillikdir. Jumladan, Amerikada namoyish qilayotgan fuqaro boy-kambag’al orasida farq oshib borayotganidan g’azabda. Muammoni hal qilish borasida esa fikrlar tarqoq.
Jahonda minglab odam adolatsizlik, ishsizlikdan shikoyat qilib isyon ko’tarmoqda.
Qarzga botgan banklar fuqaro soliqlarini deb omon qoldi, lekin biz qatori odamlar qarzdor bo’lib qolsa, uyimizni tortib olishmoqda, deydi ular.
Qo’zg’olonchilar tanazzulni banklar va Uoll Stritdan ko’radi. “Xalqning bir foizini tashkil etuvchi boylar hamma pulni o’ziniki qilib olib, oddiy xalq hisobiga yashamoqda. Mulkini ishga solib, siyosatga ham aralashadi. Boylarga soliq imtiyozlari yaratib, yo’qsillarga atalgan dasturlarni kesadi”, - deydi ular. Isyonchilar adolatli jamiyat uchun kurashmoqda. Toki boylar ko’proq soliq to’lasin, bizneslar ustidan nazorat oshsin.
Lekin Amerika Tadbirkorlik Instituti olimi Piter Vollison soliq va cheklovlar kam bo’lsa, iqtisodiyot tiklanadi deb hisoblaydi.
“Apple” kabi kompaniyalar misolida u hukumat uddaburro bizneslarni o’z holiga qo’yishi kerak deya xulosa qiladi.
Boy va kambag’al orasidagi farq ayanchli, deya tan oladi u. Lekin boylik va shon-shuhrat tadbirkorni ishlashga, kashfiyotlar qilishga undovchi omillardir.
“Bu odamlarning ko’pi o’rtamiyona, yo’qsil oilalarda yashagan. Stiv Jobs yaqqon misol. “Apple” asoschisi AQShda erkin ishlash mumkin ekani bois ham tanildi, dunyoning eng badavlat shaxslaridan biriga aylandi”,- deydi Vollison.
Lekin Jamiyatshunoslik Instituti xodimi Jon Kavana fikricha, ishsizlik ko’lami oshgani sari, millioner-milliarderlarga nisbatan shubha ortadi.
“Isyon bir shtatdan boshqasiga nega yashin kabi tarqaldi? Fuqaroni tezda ortidan ergashtira oldi. Nega? Chunki ishlagan tishlaydi kabi oldingi qarashlar haqiqatdan tobora yiroqlashmoqda”.
Kongress Byudjet idorasi bergan raqamlarga ko’ra, oxirgi 30 yilda boylar yana 275 foizga boyigan. Kambag’allar daromadi esa faqat 18 foizga oshgan. Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkilotining bildirishicha, Amerika jamiyatida boylar mulki yo’qsillar davlatidan 14 barobar ko’p.
Tashkilot Bosh kotibi Anjel Gurria tengsizlik katta muammo ekanini alohida ta’kidlab o’tadi.
"Buning ijtimoiy asoratlari qator davlatlarda sezila boshladi. O’rtahol oilalar ertaga nima bo’lishi, hayot og’irlashishidan qo’rqib yashamoqda. Ertaga pulsiz qolamiz, degan vahima bor. Oddiy fuqaro birovni deb jabr ko’rayotgani adolatdanmi? Davlatmand oilalar esa pinagini buzmay, bemalol kun ko’rayapti!”- deydi Gurria.
Ishsizlik, iqtisodiy qiyinchiliklar hal etilmas ekan, namoyishlar davom etadi, deydi faollar.