YXHT matbuot erkinligi bo'yicha vakili O'zbekistonda

  • Amerika Ovozi

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti maxsus vakili Dunya Miyatovichning aytishicha, uning idorasi O'zbekistonga matbuot qonunlarini yangilashda yordam beradi. Bu hujjatlar YXHT talablariga javob berishi kerak, deydi u.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi bo'yicha vakili Dunya Miyatovich O'zbekistonga safar qilib, qonunlarni isloh qilishga undamoqda. Hukumat bu yo'ldan borayotgani quvonarli hol, deydi u.

“Axborot vositalari bo'yicha effektiv qonunlar erkinlik uchun zamin yaratadi",- dedi u, bugun Toshkentda o'tgan davra suhbatida.

"Men Toshkentga matbuot qonunchiligi islohotini quvvatlash uchun keldim, ayniqsa televideniye va radio sohasida. Bu borada jamoatchilik orasida munozara ketayotgani yaxshi",- dedi u.

Islohot deganda bu yerda prezident Islom Karimovning o'tgan yili shu paytda e'lon qilgabn tashabbusi nazarda tutilmoqda. 2010-yilning 12 noyabrida Oliy Majlisning qo'shma yig'ilishida qilgan nutqida Karimov "demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqaro jamiyati barpo etish" xususida so'zlagan edi.

O'zbekistonda internetga to'siqlar qo'yilgan

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti nazarida erkinlikka erishish uchun qonunlarning o'zi yetmaydi, ammo mavjud hujjatlarni qayta ko'rib chiqish kerak.

"Yangi texnologiyalar erkinlik uchun xizmat qilishi kerak... Internet erkin bo'lishi shart", - deydi Miyatovich bugun Toshkentda jurnalistlar va rasmiylar oldida so'zlar ekan.

Fuqarolar, deydi u, axborot vositalari orqali o'z muammo va yutuqlarini bemalol muhokama qila olishi kerak. Matbuot xalq dardini yoritishi kerak.

YXHT vakili Oliy Majlis a'zolari va turli vazirliklardan rasmiylar, shuningdek Milliy teleradiokompaniya raisi Alisher Xo'jayev va Abdurashid Jo'raboyev, axborot va aloqa texnologiyalari bo'yicha qo'mita raisi, bilan muloqot qilgan. Xo'jayev ko'plab jurnalistlar tomonidan senzura va bosimda ayblansa, Jo'raboyev va u boshliq qo'mita axborot oqimini cheklayotganlikda tanqid qilinadi.

Miyatovichning aytishicha, uning idorasi O'zbekistonga matbuot qonunlarini yangilashda yordam beradi. Bu hujjatlar YXHT talablariga javob berishi kerak, deydi u.