Pokiston Bosh vaziri Shohid Abbosiy Kobulda Afg'oniston rahbari Ashaf G'ani bilan uchrashar ekan, tomonlar bir masalada yakdil: Tolibon Kobulning shartsiz muzokara boshlash taklifini qabul qilib, davraga kelishi kerak. Bu samimiy va jiddiy chaqiriq hamda sinov, deydi Abbosiy.
Pokiston rahbari qo'shni davlatda tantanali kutib olingan, biroq rishtalar hamon tarang. Terrorizmga qarshi kurash va xususan Tolibonga nisbatan siyosat yuzasidan ular bir qarashda emas. Kobul Islomobodni Tolibonni zimdan quvvatlab kelayotganlikda ayblaydi. Pokiston buni inkor etadi. Yillardan beri yangrayotgan ayblovlarda asos yo'q, deydi rasmiylar.
Ammo Vashington ham bu borada Kobul bilan hamfikr. Pokistonga bosim kuchaygan.
Islomobodning Afg'onistondagi elchisi Nasrullo Xon deydiki, terrorizm va ekstremizm uning xalqini ham ezib kelmoqda va ayni damda Pokiston maxsus kuchlari qo'shni davlatdan kirayotgan jangarilariga qarshi kurashda.
Bosh vazir Abbosiy Afg'oniston bilan siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish niyatida, shuningdek, kontrterrorizm borasida ham birga ishlamoqchi. Lekin afg'on rasmiylarida ishonch past.
Buni biladigan Abbosiy shunday deydi:
“Pokistonda toliblar uchun panoh bor deb o'ylasangiz, xato qilasiz. Biz o'zimiz ham, Afg'oniston ham barqaror bo'lishini xohlaymiz. Bizning tinchimizni buzayotgan kuchlar aslida Afg'onistondan kirmoqda".
Pokiston nazarida chegara hududlarida afg'on markaziy hukumati umuman kuchsiz va aynan shu bois ham bugun ikki davlat o'zaro ishonchga ega emas. Kobuldagi rahbariyat zaif, deydi Pokiston rasmiylari.
AQSh hukumati ikki qo'shni mamlakat rahbarlari uchrashganidan mamnun. Davlat departamenti muzokara va rejalarni olqishlamoqda. Lekin Oq uy Islomobodga yordamni to'xtatib qo'ygan. Pokiston Tolibonni quvvatlamasligi isbotlanmaguncha harbiy ko'mak berilmaydi, deydi Prezident Donald Tramp.