Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy "uning mamlakati afg'on jangarilariga yordam beryapti" degan AQSh da'volarini inkor etib, Amerikaning Afg'onistonga nisbatan siyosatida tushunmovchilikdan dalolat bu, deydi.
G'iloniy da'volarni Pokistonga qarshi propaganda harakati deb, Qo'shma Shtatlar Pokiston xalqining terrorga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatlari va qurbonligini hisobga olmayapti, degan.
Pokiston armiyasi rahbari general Ashfaq Parvez Kiyaniy ham Amerika ayblovlarini asossiz demoqda. Rasmiy Islomobod Qo'shma Shtatlarni Afg'onistonda jangarilarga qarshi kurashda muhim hamkoridan ayrilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
AQShning ayrim rasmiylari nazarida Pokiston razvedkasi Haqqoniy guruhiga yaqindan yordam bermoqda. Guruh jangarilari yaqinda Kobuldagi AQSh elchixonasiga qarshi hujumda ayblanmoqda.
Afg'on rasmiylarining bildirishicha, so'nggi kunlarda qo'shni Pokistondan Afg'oniston hududiga 340 dan ziyod raketa otilgan. Natijada sharqdagi Kunor viloyatida olti uy, ikki masjid vayron bo'lib, 50 oila hududni tark etishga majbur bo'lgan.
Raketani aynan kim otgani ma'lum emas, ammo rasmiy Kobul qo'shni davlatdan hujumlarning oldini olishni so'ramoqda. Har ikki davlat chegarasida jangarilarning faol ekani ma'lum.