AQSh Qurolli Kuchlari Bosh shtabi qo’mondoni admiral Mayk Myullen Pokiston razvedkasini jangarilar bilan aloqada ayblamoqda.
“Bu rishtalar azaldan bor va hali ham uzilmagan”, - deydi Islomobodda rasmiylar bilan uchrashgan Myullen.
AQSh va Pokiston bir-birini strategik hamkorlar deb ataydi, ammo o’rtada ishonch yo’qligi ayon.
Admiral Mayk Myullenning ta’kidlashicha, Pokiston razvedka idorasi Shimoliy Vaziristondagi Haqqoniy guruhi bilan aloqada ekani AQShga ma’lum.
“Guruh a’zolari Afg’onistonga o’tib, xalqaro koalitsiyaga qarshi qonli hujumlar uyushtiradi. Buni darhol to’xtatish kerak”, - deydi harbiy.
Ayblov yangi bo’lmasa-da, Amerika rasmiylari bu haqda oshkora va qat’iy bayon qilgan hollar kamdan-kam kuzatilgan.
Pokiston armiyasi, deydi Myullen, jangari guruhlarni siyosiy maqsadda, ya’ni qo’shni Hindiston bilan raqobatda ustunlikni qo’lga kiritish uchun qo’llashi ham sir emas.
Rasmiy Islomobod bu da’volarni qat’iyan rad etadi.
“Pokiston terrorizmga qarshi kurashda yetarlicha harakat qilmayapti, jangarilar iziga tushmayapti degan gaplar mutlaqo asossiz”, - deydi armiya rahbari Ashfaq Kiyaniy.
AQSh Pokistonning al-Qoida va Tolibon makoni sanalgan qabilaviy hududlarini havodan bombardimon qilib keladi. Rasmiy Islomobodning bilvosita ijozati bilan. Ashfaq Kiyaniy bilan uchrashuvda bu mavzu ham ko’tarilgan, ammo tafsilotlar ma’lum emas.
Iste’fodagi general Tal’at Ma’sud izohicha, havo hujumlari Pokistonda Amerikaga qarshi kayfiyatni kuchaytirgani rost, biroq ular al-Qoida va Tolibonga qarshi effektiv chora ekanini tomonlar yaxshi tushunadi.
“Kampaniyani davom ettirishning bir yo’li yaqin hamkorlik va koordinatsiya. Aholi orasida talofatni kamaytirish kerak”, - deydi iste’fodagi general.