Falastinliklar bugun Isroil davlati yaratilgan va minglab arablar uy-joyidan haydalgan kunni xotirlamoqda. 15-may - bu sanani “Naqba” yoki “falokat” deya ta’riflashadi.
1948-yilgi to’qnashuvlar va Isroil davlatchiligi barpo etilishi ketidan 700 000 dan ziyod falastinlik xonadonidan majburan ko’chirilgan, boshqalar qochishni ma’qul topgan.
Bugun ularning farzandlari, millionlar dunyoning turli burchaklarida kun kechirmoqda. Aksariyati hamon Iordan daryosining g’arbiy sohili, G’azo sektori va qo’shni davlatlardagi qochqinlar shaharchalarida yashaydi.
Isroil tomoni davlatning 64 yillik tavalludini 26-aprelda nishonlagan edi.
Isroil qamoqlarida saqlanayotgan yuzlab falastinliklar bir necha hafta davom etgan ochlikni bugun yakunlagan. Ularga turmadagi sharoitni yaxshilaymiz, oilalar tezroq kelib turishi mumkin, deb va’da berildi.
Mahbuslar ochlikda jon bersa, mintaqada keng ko’lamli namoyishlar va zo’ravonlik avj oladi, degan xavotir bor edi. Misr va Iordaniya rasmiylari o’rtada vositachilik qilib, murosaga erishgan.
Yolg’iz kataklarda saqlangan qariyb 20 mahbus umumiy kameralarga qaytarildi. Xamas a’zosi, suiqasd xurujlari rejalaganlik aybi bilan 67 yil qamoq jazosini o’tayotgan Abdulla al-Barguti shular jumlasidan.
Evaziga Falastindagi siyosiy va isyonchi guruhlar Isroilga terrorchilik amaliyotlarini bas qilishga va’da bermoqda.