Matbuot erkinligiga doir Tramp davrida boshlangan sud ishi yakunlandi

  • Amerika Ovozi

Matbuot erkinligini targ’ib qiluvchi guruhlar 2018-yilda sobiq prezident Donald Trampni jurnalistlarga tahdid qilganlik va ba’zilarining Oq uyga kirishini taqiqlab qo’yganlikda ayblab, sudga bergan edi. Ish mahkamaga bormasidan Adliya vazirligi bilan kelishuv asosida yakun topdi.

Qaror shuki, matbuot vakillaridan o’ch olish uchun o’z vakolatlarini ishga solgan prezident ustidan sudga shikoyat qilish asosli. Quyi sudning bu haqdagi 2020-yilgi qarori o’z kuchida qoladi.

Buni ham ko'ring Matbuot Trampning hujumlariga javob berdi

“Albatta, shikoyat mohiyatan sudda ko’rib chiqilishini istagan edik. Ammo mavzuni qanday yoritayotgani uchun jurnalistning guvohnomasi, Oq uyga kirish ruxsatnomasi olib qo’yilishi konstitutsiyaga zid ekani tan olinganidan xursandmiz”, - deydi Trampni sudga bergan guruhlardan biri, “Demokratiyani himoya qiling” nohuhumat tashkiloti advokati Kristi Parker.

Shikoyat

Tortishuvlar ikki yildan oshiq davom etdi. 2018-yilda so’z erkinligi himoyachilari “PEN America” tashkiloti boshchiligida Nyu-Yorkdagi sudga arz qilgan edi.

“Prezident matbuotni tanqid qilishga haqli, lekin uni jazolash va ovozini o’chirish uchun AQSh hukumatidan foydalana olmaydi”, - deyilgan shikoyat arizasida.

“PEN America”, jumladan, yozuvchilar, jurnalistlar, muharrirlar va noshirlardan iborat minglab a’zolari orasida so’rov o’tkazganida, yarmidan ko’pi “[Tramp] ma’muriyatini ochiq tanqid qilish bizni xavf ostiga qo’yadi”, deya javob bergan. So’rov natijasi ham shikoyatga biriktirilgan.

Tramp bilan bahsli savol-javobdan so’ng Oq uyga kirish ruxsatnomasi vaqtinchalik olib qo’yilgan “CNN” telekanali muxbiri Jim Akosta ham a’zolar safida.

Tramp bilan savol-javob paytida Oq uy xodimi "CNN" telekanali muxbiridan mikrofonni tortib olishga harakat qilmoqda, 7-noyabr, 2018

Huquqshunos Deyvid Shultsga ko’ra, Trampning jurnalistlarga tahdidlari senzura bilan barobar edi.

Sudga shikoyat arizasida quyidagilar da’vo qilingan. Tramp yoki uning qo’lida ostidagilar:

  • Tanqid bilan chiqqan sobiq rasmiylarning maxfiy ma’lumotga ega bo’lish vakolatini bekor qilgan yoki qilamiz deb qo’rqitgan
  • “Amazon” kompanoiyasi va “Vashington Post” gazetasi egasi Jeff Bezosni jazolash uchun pochta xizmatlari narxini ko’tarishga qaratilgan farmon imzolagan
  • “CNN” telekanaliga nisbatan adovat tufayli Adliya vazirligiga “Taym Vorner” korporatsiyasiga qarshi chora ko’rishga ko’rsatma bergan
  • “Prezident yoqtirmaydigan reportajlar” uchun media litsenziyalarni bekor qilamiz deb tahdid solgan

Trampni himoya qilgan Adliya vazirligi “PEN America” ziyon ko’rgan tomon emas va matbuot erkinligiga to’siq qo’yilganini isbotlay olgani yo’q, deya suddan shikoyatni bekor qilishni so’ragan.

Hukumat advokatlari, shuningdek, prezidentning rasmiy va ixtiyoriy qarorlarini nazorat qilish uchun sudda vakolat yo’qligi da’vo qilgan.

2020-yilning martida Nyu-York sudi yuqoridagi da’volarning bir qismini rad etgan, ammo “PEN America” jurnalistlar guvohnomasi olib qo’yilishi yuzasidan adolat izlashga haqli deb topilgan.

Sud jarayonlari boshlanguncha Trampning prezidentlik muddati tugadi. Natijada ish Bayden ma’muriyati bilan kelishuv asosida hal qilindi.

Buni ham ko'ring O'zbekistonda so'z va matbuot erkinligi yuzasidan xavotir oshib bormoqda

Hukmning global ahamiyati

“PEN America” tashkiloti vakili Nora Benavidezga ko’ra, davlat rahbari jurnalistlardan o’ch olish uchun o’z vakolatlarini ishga solishi konstitutsiyaga xilof ekani tasdiqlandi va kelajakda bu borada sudga murojaat qilish osonlashadi.

“G’alaba - bu ish uzoq muddatda aks-sado berishida. Erkin matbuotni qo’llab-quvvatlashga zamin yaratuvchi pretsedent shakllandi”, - deydi u.

Boshqa davlatlar bundan qanday naf ko'radi?

“Matbuot erkinligi haqida gap ketganda dunyo AQShdan o’rnak oladi. Tramp davrida sodir bo’lgan voqealar boshqa davlatlarga noto’g’ri signal edi. Hozirgi qaror ijobiy signal”, - deydi so’z erkinligi bo’yicha BMT maxsus ma’ruzachisi Irin Xan.

“Demokratiyani himoya qiling” tashkilotidan Kristi Parker fikricha esa sud ishi avtoritar ruhdagi harakatlarga qanday javob berishga musol bo’la oladi.

“PEN America” sudlardan foydalanib chora ko’rdi”, - deydi u.

Media va Oq uy o’rtasidagi ziddiyatlarni sud orqali hal qilinmasligi kerak, deyayotganlar ham bor.

“Prezident va matbuot o’rtasidagi munosabatlar konstitutsiyada huquqiy asosga ega va iloji boricha har ikki tomon masala shu maydonda qolishi uchun harakat qilishi lozim. Oq uyga qaysi jurnalist kira olishi, prezident bir telekanalni boshqasidan yuqori qo’yishi kabi kelishmovchiliklarni hal qilishda qonundan foydalanish to’g’ri emas”, - deydi Milliy Press Klub prezidenti Nikol Metyuz.

Muxbirlar va prezident, deydi u, o’zaro kelishmovchiliklarni muhokama orqali hal qila olishi darkor. “Tan olaman, avvalgi ma’muriyat bilan ishlash qiyin edi, lekin bunday masalalarda qonuniy vositalar yechim emas”.