Jorjiya shtati: Politsiya va jurnalistlar masofa saqlashni o’rganyapti

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining 2020-yilgi matbuot erkinligi bo’yicha reytingida AQSh 48-o’rindan 44-o’ringa ko’tarildi. Jorjiya shtatidagi treningda jurnalistlar va politsiya bir-biridan masofa saqlashni o’rganmoqda.

Vashingtondagi jurnalistlar uchun joril yil AQSh Kongressiga hujum bilan boshlandi. Tramp tarafdorlari voqeani yoritgan jurnalistlarga hujum qildi, jihozlarini sindirib tashladi.

2020-yilning yozida esa millionlab odam Jorj Floydning politsiya qo’lida halok bo’lganini qoralab namoyishga chiqdi. Politsiya namoyishchilar va muxbirlar bilan to’qnashdi.

Bu voqealar ketidan Jorjiya shtati huquq-tartibot idoralari va Professional jurnalistlar uyushmasi birgalikda treninglar o’tkazishga qaror qildi.

“Politsiya namoyishchilarni tinchlantirishi kerak bo’lgan holatlar bu. Deylik, odamlar taqiqlangan joyga kirgan bo’lishi yoki vaziyat izdan chiqayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi uyushmaning Jorjiya bo’limi sobiq rahbari Sharlot Norsvorti.

U trening videosida, g’azablangan olomon politsiya tomon kelayotgan paytda voqea joyida bo’lgan jurnalist rolini bajaradi.

Jorjiya jamoat xavfsizligi o’quv markazidagi bu mashg’ulotda politsiyachilar vaziyatni tinchlantirishga, jurnalistlar esa qonuniy talablarni hurmat qilishga o’rgatiladi.

Markaz xodimi Chadd Vilsonning aytishicha, dastur kuch ishlatar tizimlar va media orasidagi tafovutni bartaraf etishga qaratilgan.

“Politsiyachilar nuqtai nazaridan olib qaraganda, voqea joyida mikrofon yoki kamera bilan yurgan odamlar ham ularga o’xshagan oddiy inson. Media vakillari ham tushunishi kerakki, qalqon va formani kiyib olganlar ham inson. Hamma shunchaki o’z ishini bajarishga harakat qilayapti”, - deydi Vilson.

Politsiyaga qarshi namoyishlar to’lqinida, deydi suhbatdoshlar, jurnalistlar va huquq-tartibot organlari o’rtasida ishonchsizlik ham kuchayib bormoqda. Biroq har ikki tomon bunday treninglarni foydali deb hisoblaydi.

“Mashg’ulotlar biz kutgandan ham yaxshiroq o’tyapti”, - deydi Vilson.

“Politsiya va jurnalistlar muayyan vaqtda boshlanadigan va tugaydigan huquqlarga ega. Har ikki tomon bir-biriga hurmat ko’rsatishi lozim. Busiz bo’lmaydi”, - deydi Norsvorti.

Vilsonga ko’ra, treninglar natijasida jurnalistlar va kuch ishlatar tizimlar bir-biriga quloq tutishga o’rgansa, shuning o’zi yetarli.

Uning aytishicha, mashg’ulotlar ayniqsa qishloq joylarda xizmat qiluvchi va media bilan ishlashga o’rganmagan politsiyachilar uchun foydali. Dasturning onlayn modulidan Jorjiyadagi barcha politsiya idoralari foydalanishi mumkin.