Ramazon Amerikada ham katta bayram. Bu mamlakat millionlab musulmonlarga vatan. Bir oylik ro’za davrida musulmonlar iftor bahona diydorlashadi, duolar, ehson ulashadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Vashingtonga qo’shni Virjiniya shtatida qariyb 3 mingga yaqin musulmon kurd oilalari istiqomat qiladi. Kichik Kurdistonga aylangan mahallada Pshder Mirovdali oilasi ular orasida faol. Ro’za kunlari bir qancha kurdlar shu xonadonda iftorlikka yig’ilishni odat qilgan.
“Qarindosh bo’lib ketganmiz. Masjidga ham birga boramiz. Arab, eroni, afg’onlar bilan ham kelishadi. Odatda qo’shnilar bilan ko’pchilik bo’lib, “og’iz ochar” qilamiz. Farzandlarimiz qadriyatlarimiz, Ramazonning muhimligini anglasin deymiz. ”, - deydi xonadon sohibi.
Poytaxt yaqinidagi Potomak daryosining bir tomoni Merilend shtati. Bu yerda ham ko’pchilik bo’lib iftor qilishga odatlangan musulmon jamoalar bor. Merilendning Lanham shahrida asosan turklar qo’nim topgan. Amerika diyonat markazi atrofdagi yuzlab musulmon yoki musulmon bo’lmaganlarga ham iftorlik tarqatdi.
Bunda mahalliy rasmiylar ham qatnashdi. Ulardan biri - kongressmen Jon Sarbanes.
“Iftorlikka taklif qilishganidan mamnunman. Musulmon birodarlarimiz bilan Ramazonni nishonlash, non ushatib iftorlik qilishning ham gashti bor”, - deydi u.
Masjidda bo’ladimi, oila yoki do’stlar davrasida, Amerikada ham musulmonlar iftorlik bahonasida islom ta’limotiga sodiq ekanini ko’rsatishga harakat qiladi.