AQSh: Yordam dasturi tugamoqda, yangisi muhokamada

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda pandemiya sabab mart oyida qabul qilingan federal yordam dasturi nihoyasiga yetmoqda. Kongressdagi ikki partiya dasturni yangilash borasida bir fikrga kela olmayapti.

Koronavirusdan omon qolgan Aysha Braun endi to’lovlar bilan yuzlashmoqda.

“Kommunal kompaniyalarga telefon qilib, kasal bo’lganimni, to’lashga qurbim yetmasligini bildiryapman”, - deydi u.

Merilend shtatida yashovchi ayol bir oy kasalxonada komada yotdi, uch marta qon almashtirish muolajasidan o’tdi.

“Qiyin ahvoldamiz. Qanday to’laymiz, pulni qayerdan olamiz deb o’ylanib qoldik”, - deydi Braun.

Buni ham ko'ring Vakillar palatasi 3 trillion dollarlik yangi yordam paketi qabul qildi

“Najot armiyasi” degan xayriya tashkiloti oilaga elektr to’lovlari bilan yordamlashdi. Ko’pchilik qonunchilarni yangi ko’mak paketini qabul qilishga chaqirmoqda. Aks holda, millionlab oilalar pandemiya paytida asosiy daromadidan ayriladi.

“Qonunchilarga aytadigan gapim – mana shunday og’ir ahvolda qolgan odamlarning o’rniga o’zingizni bir qo’yib ko’ring”, - deydi tashkilot vakili Aleata Dokins.

Mart oyida qabul qilingan 2 trillion dollarlik yordam dasturi doirasida yillik daromadi 99 ming dollardan kam bo’lgan fuqarolarga 1200 dollarlik chek yuborilgan edi. Har bir bola uchun yana qo’shimcha 500 dollar. Ishidan ayrilgan odamlarga hukumat haftasiga qo’shimcha 600 dollar to’lab kelmoqda.

Dastur 31-iyul kuni nihoyasiga yetar ekan, Senatdagi respublikachilar yangi paket 1 trillion dollarga teng bo’lishini e’lon qildi.

“Menimcha, boshlang’ich taklifimiz yomon emas. Lekin Senatdagi demokratlar quvvatlovisiz yangi dasturni qabul qila olmaymiz”, - deydi senator Mitch Makkonel.

Respublikachilar loyihasida ishsizlar uchun haftalik qo’shimcha to’lov 600 dan 200 dollarga kamaytirilgan. Bundan norozi demokratlar esa 3 trillion dollarlik reja bilan chiqdi.

“Ijara haqini to’lay olmay uyidan haydalayotgan odamlar bor. Ishidan ayrilgani ularning aybi emas. Haftasiga qo’shimcha 600 dollar olayotgani oilalarni kambag’allikdan asraydi. Respublikachilar esa bunga qarshi chiqyapti”, - deydi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.

Kongressda muzokaralar davom etar ekan, Tramp ma’muriyati yordam uzilmasligi uchun amaldagi to’lovlarni qisqa muddatga davom ettirish taklifini olg’a surmoqda.

“Hozircha kelishuvdan darak yo’q. Shuning uchun to’lovlarni davom ettirish, ijarachilarni himoya qilish bo’yicha qisqa muddatli rejamiz bor”, - deydi Moliya vaziri Stiven Mnuchin.

Aysha Braun esa hukumat qarorini kutmoqda. Koronavirusdan tuzalib chiqqan ayol endi pandemiyaning moliyaviy oqibatlari bilan yuzlashib turibdi.