AQShning Miluoki shahrida Respublikachilar partiyasining saylovoldi qurultoyi davom etmoqda. Tadbirning birinchi kunida Donald Tramp partiyadan prezidentlikka yagona nomzod sifatida tanlandi, Tramp vitse-prezidentlikka nomzod kim bo’lishini e’lon qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Syezdning ikkinchi kunida notiq delegatlar asosan xavfsizlik haqida gapirdi. Kun shiori ham “Amerikani yana xavfsiz qilaylik” bo’ldi.
Shu kuni Trampning partiyaviy saylovdagi raqiblari uni yagona nomzod sifatida qo’llab-quvvatlashga qaror qildi.
“Agar chegaralar mustahkam bo’lishini xohlasangiz, Trampga ovoz bering. Agar mamlakatda qonun va tartib tiklansin desangiz, Trampga ovoz bering”, - dedi ulardan biri Vivek Ramasvami.
Partiyaviy tanlovda Trampni keskin tanqid qilgan va unga asosiy raqib hisoblangan Nikki Xeyli partiyaviy birlikni ustun qo’ydi.
“Bir narsani aniq aytmoqchiman: Donald Trampni qat’iyan qo’llab-quvvatlayman”, - dedi Janubiy Karolina sobiq gubernatori.
Xeyli Tramp prezidentligining birinchi muddatida BMTda elchilik qilgan, praymerizda sobiq rahbarni prezidentlikka noloyiq deb, qayta saylanishiga shubha bildirgan.
Janubiy karolinalik delegatlar o’tmishga emas, kelajakka nazar tashlash muhim ekanini aytdi.
“Oldin Tramp bilan poygada kim bellashgani muhim emas. Prezident Tramp barchamizni birlashtirmoqda. Biz uchun shunisi muhim”, - deydi Gerri Makdaniel.
Trampning bu va oldingi partiyaviy saylovlardagi raqiblari texaslik senator Ted Kruz, floridalik senator Marko Rubio, sobiq vazir Ben Karson va Florida gubernatori Ron Desantis ham Tramp nomzodini qo’llab-quvvatlashini bildirdi.
“Aziz partiyadoshlar, Jo Baydenni yerto’lasiga, Donald Trampni esa Oq uyga qaytaraylik”, - dedi Desantis.
"Saylov amerikaliklar manfaatlarini ustun qo’yish haqida bo’lishi kerak. Prezident Tramp Oq uydaligida amerikaliklarda pul ko’proq, narxlar esa pastroq edi, chegaralarimiz xavfsiz edi, qonunlar amalda edi, Eron pulsiz qolgan edi, Tolibon amerikaliklarni o’ldirishni bas qilgan edi, Putin hech kimni bosib olmagan edi”, - dedi senator Rubio.
Tramp payshanba kuni, qurultoyning to’rtinchi, yakuniy kunida delegatlarga murojaat etishi, partiyadan prezidentlikka nomzodlikni rasman qabul qilishi kutilmoqda.