Bayden rasman nomzodlikni qo’lga kiritdi, navbat Trampga

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Shimoliy Karolina shtatida Respublikachilar partiyasining to’rt kunlik qurultoyi boshlanmoqda. Unda Donald Tramp AQSh prezidentligi uchun partiyadan yagona nomzod deb e’lon qilinadi. Anjumanga turli shtatlardan kelgan delegatlar bilan gaplashdik.

Shirlin Ostrov – Respublikachilar qurultoyida qatnashish uchun Gavayi shtatidan Shimoliy Karolinaga kelgan delegatlardan biri. Demokratlar boshqaruvi ostidagi Gavayida koronavirus sabab kuchli cheklovlar joriy etilgan.

“Shtatimiz iqtisodiyoti og’ir ahvolda. Sayyohlar kelmay qo’ygan. Restoranlar yopiq. Cheklovlar bilan yashab bo’lmasligini hamma biladi”, - deydi Ostrov.

Buni ham ko'ring AQShda Demokratik partiya qurultoyi yakunlandi

Liberal shtatlardan yana biri Oregonda ham respublikachi bo’lish oson emas. Portlend shahrida irqchilikka qarshi namoyishlar tinmayapti. Prezident tartibni tiklashga harakat qildi, deydi Bill Kuryer.

“Tartibsizlikka chek qo’yish uchun Tramp federal yordam taklif qilganida, shtat rasmiylari unga rad javobini berishdi. Bundan hatto respublikachi bo’lmaganlar ham norozi”, - deydi suhbatdosh.

Demokratlarga ko’ra, Trampning qarorlari tufayli pandemiya ham, namoyishlar ham davom etmoqda. Ommaviy so’rovlarga qaraganda Jo Bayden undan 9 foiz oldinda.

Ammo respublikachilarning aksariyati Trampni quvvatlaydi. Mamlakat bo’ylab esa aholining 42 foizi unga ijobiy baho beradi. Kanzaslik delegat Mayk Kakelmen demokratlar qurultoyini tomosha qilib, hech bir yangi narsa eshitmaganini aytadi.

“Bayden qurultoyda asosan Trampni tanqid qildi. Lekin o’zi Oq uyga saylansa qanday ishlarni amalga oshirishini aytmadi”, - deydi u.

Bayden o’ziga sherik sifatida senator Kamala Harrisni tanladi. Osiyolik muhojirlar farzandi, qora tanli ayol yirik partiyadan vitse-prezidentlik uchun ko’rsatilayotgani xotin-qizlar ovozini olish uchun kerak.

Buni ham ko'ring AQSh Pochta xizmati saylovga tayyormi?

Ikki qizni tarbiyalayotgan Shirlin Ostrov bunday strategiya samara berishiga ishonmaydi.

“Kelib chiqishim ovozimni belgilamaydi. To’g’ri, immigrantlar farzandiman. Oq tanli emasman. Armiyada xizmat qilganman. Lekin bular muayyan nomzodga ovoz berishimni anglatmaydi”, - deydi u.

Respublikachilar qurultoyi o’tadigan joy atrofida plakat ko’targan demokratlarni ham ko’rish mumkin.

“Leki fikrim o’zgarmaydi. Prezident Trampni quvvatlayman. 2016-yilda unga ovoz berganman va yana beraman. U ikkinchi muddatga saylanishi kerak. Jo Baydenga ovoz berish haqida o’ylayotganim ham yo’q”, - deydi Mishel Honl.

Respublikachilarning to’rt kunlik qurultoyi qisman an’anaviy, qisman virtual shaklda o’tadi. 27-avgust kuni yuzlab delegatlar Oq uyga taklif qilingan. Tantanali marosimda Donald Tramp o’z partiyasidan prezidentlikka nomzodlikni qabul qilishi kutilmoqda.