Respublikachilar: Amerika pul sarflashni bas qilmasa, bankrot bo’ladi

Respublikachilar: Amerika pul sarflashni bas qilmasa, bankrot bo’ladi

Muxolifat, ya’ni respublikachilar Obama nutqiga o’z munosabatini bildirar ekan, kongressmen Pol Rayan davlat har bir dollarni o’ylab sarflashni o’rganishi lozim dedi.

“Byudjetdagi kamomadni pasaytirish uchun barcha chorani ko’ramiz”, - deydi Pol Rayan, Vakillar Palatasida bu masala bilan mashg’ul qo’mita raisi.

Respublikachilar Demokratik partiya va prezident Barak Obamani xususiy sektor ustidan nazoratni oshirib, iqtisodning belini bukayotganlikda ayblab keladi.

Kongressmen Rayan deydiki, byurokratiya hech bir davlat raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmagan va qilmaydi ham. “Amerika bu yo’ldan qaytishi, taraqqiyot yo’lini yangilashi kerak”, - deydi u.

Obama nazarida muammolar yechimi bir yoqadan bosh chiqarishni talab qiladi. Respublikachilar esa biz o’z prinsiplarimizdan voz kechmaymiz demoqda.

AQSh siyosiy sahnasida hukmron ikki partiya nizomi bo’yicha, qolaversa mafkuraviy jihatdan bir-biridan keskin farq qiladi. Respublikachilarning mamlakat taraqqiyotiga doir qarashlari demokratlardan keskin farq qiladi.

Tafovutlar Obamaning nutqiga bo’lgan munosabatlarda aks etdi.

Demokrat qonunchilar nazarida prezident o’z nutqi bilan odamlar diqqatini jalb qila oldi, jamiyatni oldinga siljitish uchun yo’l ko’rsatdi.

“Davlat rahbari xalqni ruhlantira olishi kerak. Obama buni a’lo darajada bajardi”, - deydi texaslik Kongress a’zosi Sheyla Jekson Li.

Respublikachilar uchun ayni paytda byudjet kamomadidan qutulishdan muhimroq vazifa yo’q. Demokratlar olg’a surgan tashabbuslar mamlakatni bankrotlikka yetaklaydi, deydi ular.

Barak Obama sarf-xarajatni kelasi 5 yilda keskin qisqartirishni taklif qilmoqda. Bu orqali kamomadni 10 yil ichida 400 milliard dollarga kamaytirsa bo’ladi.

Respublikachilar esa mudofaa va ijtimoiy himoyadan tashqari barcha dasturlarni chetga surish kerak deb chiqmoqda.

Tashqi siyosatga kelganda, Obamaning Iroq va Afg’onistonga doir so’zlarini har ikki partiya olqishlayapti.

Kongressman King deydiki, urush maydonidagi yutuq va kamchiliklarga ochiq, xolis baho berildi. Ayniqsa dushmanga qarata “biz sizni yengamiz” deya, Obama qat’iyat va jasorat namoyish etdi, deydi qonunchi.

Odatda har masalada tortishib yuradigan demokrat va respublikachilar bu safar Kongress zalida yonma-yon o’tirib, prezidentni tinglashdi.

Birdamlik va sabr-toqat, Obamaning aytishicha, muvaffaqiatga erishishning muhim sharti. Kelasi ikki yilda raqib tomonlar birga ishlay olishini amalda ko’rsatishi kerak bo’ladi.